Ammiakli selitra tranziti toʻgʻrisida
23.04.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkmaniston Hukumati oʻrtasida
Memorandum
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Turkmaniston Hukumati, keyingi oʻrinlarda Tomonlar deb ataluvchilar,
2017-yil 6-martda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi bilan Turkmaniston oʻrtasida strategik sheriklik toʻgʻrisida Shartnoma va 2015-yil 8-oktabrda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkmaniston Hukumati oʻrtasida transport sohasidagi hamkorlikning asosiy prinsiplari toʻgʻrisida Memorandum qoidalariga amal qilib,
savdo-iqtisodiy hamkorlikni keng qamrovli rivojlantirish zaruriyatini tan olib,
ikki mamlakat oʻrtasida transport va yuklar tranziti sohasida hamkorlikni oʻzaro manfaatli asosda rivojlantirish va mustahkamlash maqsadlarida,
quyidagi anglashuvga erishdilar:
1-modda
Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi korxonalari ishlab chiqaradigan va uchinchi mamlakatlarga eksport uchun moʻljallangan ammiakli selitrani Turkmaniston hududi orqali tranzitiga ruxsatnoma berish protseduralarini yengillashtirishga kelishdilar.
2-modda
Quyidagilar mazkur Memorandumni amalga oshirish boʻyicha Tomonlarning vakolatli organlari hisoblanadilar:
Turkmaniston tomonidan — Turkmaniston temir yoʻl transporti vazirligi, “Turkmenximiya” Davlat konserni, Turkmaniston mudofaa vazirligi, Turkmaniston Davlat bojxona xizmati;
Oʻzbekiston tomonidan — “Oʻzkimyosanoat” AJ va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ.
Mazkur Memorandumni amalga oshirish boʻyicha vakolatlar Tomonlar davlatlarining boshqa organlariga berilgan yoki ularning nomlari oʻzgargan taqdirda Tomonlar bu toʻgʻrisida bir-birlarini diplomatik kanallar orqali xabardor qiladilar.
3-modda
1. Mazkur Memorandumni amalga oshirish maqsadlarida Turkmanistonning vakolatli organlari:
Oʻzbekiston Respublikasi korxonalari ishlab chiqaradigan va uchinchi mamlakatlarga eksport uchun moʻljallangan ammiakli selitrani Turkmaniston hududi orqali tranzitini tashkillashtirishga koʻmaklashadilar;
tranzit tashishlarning kechiktirilishi va cheklovlarini bartaraf etish uchun zarur choralarni koʻradi, fors-major holatlar bundan mustasno.
2. Oʻzbekistonning vakolatli organlari Oʻzbekiston Respublikasi korxonalari ishlab chiqaradigan va uchinchi mamlakatlarga eksport uchun moʻljallangan ammiakli selitra tranzitiga ruxsatnomani olish uchun Turkmaniston qonunchiligi asosida barcha zarur hujjatlarning taqdim etilishini taʼminlaydilar.
4-modda
Mazkur Memorandum qoidalarini talqin qilish va qoʻllashda vujudga kelishi mumkin boʻlgan har qanday nizo va kelishmovchiliklar muzokaralar va maslahatlashuvlar orqali hal etiladi.
5-modda
Tomonlarning oʻzaro kelishuvga muvofiq mazkur Memorandumga uning ajralmas qismi hisoblanadigan hamda alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
6-modda
Mazkur Memorandum imzolangan sanadan boshlab kuchga kiradi.
Mazkur Memorandum 5 (besh) yil muddatga tuziladi, basharti Tomonlardan biri tegishli besh yillik muddat tugashidan 6 (olti) oy avval mazkur Memorandumning amal qilishini tugatish niyati toʻgʻrisida boshqa Tomonni diplomatik kanallar orqali yozma ravishda xabardor qilmasa, uning amal qilishi oʻz-oʻzidan keyingi besh yillik muddatlarga uzayaveradi.
Toshkent shahrida 2018-yil 23-aprelda har biri oʻzbek, turkman va rus tillarida boʻlgan ikki asl nusxada tuzildi, bunda barcha matnlar teng autentikdir.
Matnlar oʻrtasida tafovutlar yuzaga kelgan taqdirda, Tomonlar rus tilidagi matnga murojaat qiladilar.
(imzolar)
