Mahalliy ishlab chiqaruvchilarning eksport salohiyatini yanada ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PF-5587-son)
29.11.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Mamlakatimiz eksport salohiyatini kengaytirish, eksport qiluvchi tashkilotlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, raqobatbardosh eksport mahsulotlari ishlab chiqarishning koʻpaytirilishini ragʻbatlantirish maqsadida:
1. Belgilab qoʻyilsinki, tovarlar (ishlar, xizmatlar) eksporti, shuningdek bojxona rejimida qayta ishlash mahsulotlari reeksportini, shu jumladan komissioner (ishonchli vakil) orqali amalga oshirgan yuridik shaxslar soliq solinadigan bazani:
tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni eksportga realizatsiya qilish hajmiga toʻgʻri keladigan foyda qismi yuzasidan yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi boʻyicha;
tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni eksportga realizatsiya qilish hajmiga toʻgʻri keladigan qismi yuzasidan yagona soliq toʻlovi boʻyicha kamaytiradilar.
Ushbu bandda nazarda tutilgan imtiyozlar ilovaga muvofiq roʻyxat boʻyicha xom ashyo tovarlarini eksport qilishga, shuningdek, xalqaro tashishlar (avtotransportdan tashqari) hamda uzatish quvurlari va gaz quvurlari orqali yetkazib berish xizmatlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2. Belgilansinki, ushbu Farmonning 1-bandida nazarda tutilgan imtiyozlar qoʻllanilishi natijasida toʻlanmagan mablagʻlar quyidagi hollarda qonun hujjatlariga muvofiq penya hisoblangan holda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga undiriladi:
tovarlar (ishlar, xizmatlar) eksporti faktini qonun hujjatlariga muvofiq tasdiqlovchi hujjatlar mavjud boʻlmaganda;
tovarlar eksport rejimiga chiqarilgan kundan boshlab 180 kun mobaynida valyuta tushumi taʼminlanmaganda.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasini ishlab chiqishda ushbu Farmonga muvofiq berilayotgan imtiyozlarni nazarda tutsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi ushbu Farmonga muvofiq imtiyozlarni qoʻllash ustidan tizimli nazorat oʻrnatsin.
5. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M. Mavlonov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 29-noyabr,
PF-5587-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 29-noyabrdagi PF-5587-son Farmoniga ILOVA
2019-yil 1-yanvardan qoʻllaniladigan soliq imtiyozlari tatbiq etilmaydigan eksport qilinadigan xom ashyo tovarlari
Roʻyxati
T/r Tovarlar nomi TIF TN kodi 1. Paxta linti 1404 20 000 0 2. Neft xom ashyosi, gaz kondensati, neft mahsulotlari 2709 00, 2710 (2710 12 — 2710 19 dan tashqari) 3. Tabiiy gaz 2711 21 000 0 4. Suyultirilgan gaz 2711 11 000 0 — 2711 19 000 0 5. Elektr energiyasi 2716 00 000 0 6. Radioaktiv kimyoviy elementlar va radioaktiv izotoplar va ularning birikmalari 2844 7. Oʻgʻitlar 3101 00 000 0 — 3105 8. Birlamchi shakldagi etilen polimerlari 3901 10 — 3901 20 9. Propilen polimerlari yoki birlamchi shakldagi boshqa olefinlar (polipropilen) 3902 10. Birlamchi shakldagi stirol polimerlari 3903 11. Vinilxlorid polimerlari yoki birlamchi shakldagi galogenlashgan olefinlar 3904 12. Polimerli, silikonli pozitsiyalar, kauchuk 3905 — 3914 13. Oshlangan charm yoki qoʻy terisidan yoki yirik qoramol buzoqlarining terisidan, boshqa hayvonlarning terilaridan charm krastlari 4101 — 4107 14. Pilla, ipak chiqindilari 5001, 5003 (ipak momigʻidan tashqari) 15. Paxta tolasi va chiqindilari 5201 — 5203 16. Ip kalava 5205 — 5207 17. Qimmatbaho metallar 71 (7113 — 7118 dan tashqari) 18. Qora metallar, qora metallar prokati, qora metall parchalari va chiqindilari 72 19. Rangli metallar, rangli metallar prokati, rangli metallar parchalari va chiqindilari 7401 — 7409, 7501 — 7506, 7601 — 7603, 7801 — 7802, 7901 — 7903, 8001 — 8002, 8101 (8101 96 000 0, 8101 99 100 0 dan tashqari), 8102 (8102 95 000 0, 8102 96 000 0 dan tashqari), 8103 (8103 90 100 0 dan tashqari), 8104 — 8107, 8108 (8108 90 dan tashqari), 8109 — 8112
