Xalqaro baxshichilik sanʼati festivalini oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (946-son)
22.11.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalqaro baxshichilik sanʼati festivalini oʻtkazish toʻgʻrisida” 2018-yil 1-noyabrdagi PQ-3990-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Xalqaro baxshichilik sanʼati festivalini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Xalqaro baxshichilik sanʼati festivalini 2019-yilda oʻtkazish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri B.S. Sayfullayev zimmasiga hamda Vazirlar Mahkamasining Madaniyat, sanʼat va yoshlar siyosati masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 22-noyabr,
946-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 22-noyabrdagi 946-son qaroriga 1-ILOVA
Xalqaro baxshichilik sanʼati festivalini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Xalqaro baxshichilik sanʼati festivalini (keyingi oʻrinlarda Festival deb ataladi) oʻtkazish tartibini belgilaydi.
2. Festival quyidagilarni nazarda tutgan holda oʻtkaziladi:
sharq xalqlari folklor sanʼatining yetakchi janri boʻlgan baxshichilikni keng targʻib qilish, folklor anʼanalari va qadriyatlarini saqlash, oʻrganish, targʻib etish, rivojlantirish va baxshichilik sanʼatining mohir ijrochilarini ragʻbatlantirish;
baxshichilik va dostonchilik sanʼatining tarixi, baxshilar va dostonchilar ijodini mukammal oʻrganish, xalq ogʻzaki ijodi yodgorliklarini toʻplash, yosh avlod qalbida baxshichilik sanʼatiga boʻlgan mehr-muhabbat tuygʻularini kamol toptirish, yosh avlodni mardlik, halollik, milliy va umuminsoniy qadriyatlar, ona yurtga va ajdodlar merosiga yuksak sadoqat ruhida tarbiyalash;
baxshichilik va dostonchilik sanʼatini rivojlantirish, baxshi-shoir, oqin va jirovlar ijodining sharq madaniyati va sanʼatidagi oʻrni hamda ahamiyatini yanada oshirish, oʻzbek dostonchiligi hamda boshqa xalqlarning turdosh va nomdosh folklor janrlarini qamrab olish, ular bilan ilmiy, ijodiy muloqotlar oʻtkazish va hamkorlik qilish, madaniy-maʼnaviy munosabatlarni xalqaro miqyosda kengaytirishdan iborat.
3. Festival har ikki yilda bir marta Tashkiliy qoʻmita tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishgan holda belgilangan hududda va muddatda oʻtkaziladi.
4. Festival Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi (keyingi oʻrinlarda tashkilotchi deb ataladi) tomonidan tashkil etiladi va oʻtkaziladi.
2-bob. Festivalni oʻtkazish tartibi va shartlari
5. Festival doirasida quyidagi tadbirlar oʻtkaziladi:
baxshichilik va dostonchilik sanʼatini rivojlantirish, baxshi-shoir, oqin va jirovlar ijodining sharq madaniyati va sanʼatidagi oʻrni hamda ahamiyatini yanada oshirish va boshqa masalalarga oid ilmiy-amaliy konferensiya (keyingi oʻrinlarda ilmiy-amaliy konferensiya deb ataladi);
xorijiy va Oʻzbekiston baxshichilik sanʼati ustalarining yakka konsertlari;
baxshi-shoir, oqin va jirovlar hamda folklor jamoalarining Xalqaro koʻrik-tanlovi (keyingi oʻrinlarda koʻrik-tanlov deb ataladi);
sayillar, mamlakatimizning dunyoga mashhur shaxslari hayoti va ijodiy faoliyati haqida zamonaviy usulda sahnalashtirilgan dastur namoyishlari;
baxshichilik sanʼati tarixiga oid koʻrgazma, oʻzbek, fors, arab, ingliz va rus tillarida nashr etilgan ilmiy-tadqiqot asarlari hamda ilmiy-maʼrifiy adabiyotlar namoyishi.
Festival koʻrik-tanlovning gʻoliblari va sovrindorlari ishtirokida tantanali taqdirlash marosimi va gala-konsert bilan yakunlanadi.
6. Festivalga Tashkiliy qoʻmita tomonidan tasdiqlangan hayʼat aʼzolari va ishtirokchi sifatida har bir mamlakatdan 8 nafargacha kishidan iborat ijodiy delegatsiya (4 nafargacha ansambl tarkibi va 4 nafargacha ijodiy guruh aʼzolari) taklif etiladi va ularning yashash, ovqatlanish, Oʻzbekistonga kelib-ketish (uchinchi davlat orqali uchishlari ham), ichki transport va yoʻl xarajatlari tashkilotchi tomonidan qoplanadi.
Koʻrik-tanlovda chiqish uchun fonogrammalardan foydalanishga ruxsat etilmaydi, lekin tarkibi 5 nafar musiqachidan koʻp boʻlmagan 1 ta cholgʻu ansambli (jonli) joʻr boʻlishi mumkin.
Festivalda oʻz hisobidan ishtirok etish istagini bildirgan (ijodiy delegatsiyaning 8 nafargacha aʼzolaridan tashqari) baxshichilik sanʼati ijodkorlari, xorijiy davlatlardan taniqli folklorshunos olimlar, baxshi-shoir, oqin va jirovlar, ijodiy jamoalar, mutaxassislar va faxriy mehmonlar tashkilotchining taklifi asosida qatnashishi mumkin.
7. Koʻrik-tanlovda ishtirok etuvchilarga qoʻyiladigan talablar:
konsertlarda chiqish tajribasiga ega boʻlishi;
oʻz davlatida yoki boshqa davlatlardagi tanlov va festivallarda qatnashgan boʻlishi;
tegishli madaniyat va sanʼat sohasidagi yuqori tashkilotlar yoki Festival direksiyalarining tavsiyanomasiga ega boʻlishi.
8. Koʻrik-tanlovda ishtirok etishni istagan sanʼatkorlar va jamoalar koʻrik-tanlov oʻtkaziladigan yilning 1-fevraliga qadar tashkilotchiga quyidagilarni taqdim etishlari lozim:
ishtirok etish uchun maʼlumotnoma (rezyume);
2 ta MR-3 yoki SD audio hamda 1 ta DVD diskda 30 daqiqalik taqdimot ijod namunasidan qoʻshiqlar;
qoʻshiq matni va asar notalari;
6 x 9 sm. oʻlchamdagi 3 dona rangli fotosurat.
Taqdim etiladigan barcha hujjatlar oʻzbek, ingliz va rus tillarida tayyorlanishi zarur.
9. Festival doirasida oʻtkaziladigan ilmiy-amaliy konferensiyada ishtirok etuvchilar quyidagilarni taqdim etishlari lozim:
ishtirokchi maʼruzasining 4-5 betdan iborat toʻla matni va 300 soʻzdan kam boʻlmagan tezislari;
ishtirok etish uchun maʼlumotnoma (rezyume);
maʼruza taqdimoti (prezentatsiya);
maʼruzaning oʻzbek, ingliz va rus tillariga tarjima qilingan matni;
6 x 9 sm. oʻlchamdagi 3 dona rangli fotosurat.
Konferensiyada ishtirok etishni istagan olim va mutaxassislar tomonidan ushbu hujjatlar Festival oʻtkaziladigan yilning 1-fevraliga qadar tashkilotchiga taqdim etilishi zarur.
10. Koʻrik-tanlov va ilmiy-amaliy konferensiyada ishtirok etuvchilarning roʻyxati Tashkiliy qoʻmita tomonidan aniqlanib, Festival oʻtkaziladigan yilning 1-mart kuniga qadar ishtirokchilarga maʼlum qilinadi.
11. Oʻzbek, ingliz va rus tillari festivalning ishchi tillari etib belgilanadi.
12. Festivalni tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq sarf-xarajatlar tashkilotchi tomonidan ishlab chiqilgan va belgilangan tartibda tasdiqlangan smeta asosida teng ulushlarda:
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari;
Festival oʻtkazilishi belgilangan hududning mahalliy budjeti mablagʻlari;
homiylik xayriyalari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.
13. Festivalning ishtirokchilari va xorijiy mehmonlari, shuningdek, xalqaro hayʼat aʼzolari Tashkiliy qoʻmita tomonidan Festival oʻtkaziladigan davr va hududda yotoqxona, ovqatlanish va belgilangan marshrut boʻyicha transport bilan taʼminlanadilar.
14. Festival xorijiy mehmonlarining Oʻzbekiston hududida alohida mehmonxona va transport xarajatlari ularni taklif etgan mezbon tashkilot va muassasalar yoki mehmonlarning oʻzlari tomonidan qoplanadi.
Bunda Oʻzbekiston Respublikasi hududida Festivalning barcha xorijiy ishtirokchilari va mehmonlari uchun ichki qatnovlar boʻyicha avia va temir yoʻl chiptalari belgilangan tartibda sotiladi, mehmonxona haqi ham soʻmda qabul qilinadi.
3-bob. Festival ishtirokchilarini baholash shartlari va Xalqaro hayʼat faoliyatini tashkil etish
15. Koʻrik-tanlov ishtirokchilarining chiqishlarini baholash uchun Tashkiliy qoʻmita tomonidan yetti kishidan iborat xalqaro hayʼat tuziladi.
Xalqaro hayʼat tarkibiga yuqori malakali mutaxassislar, taniqli sanʼat va madaniyat arboblari, olimlar, tadqiqotchilar, amaliyotchilar, shuningdek, ishtirokchi davlatlardan tegishli sohalar namoyandalari taklif etiladi.
Xalqaro hayʼat aʼzolari Xalqaro hayʼat raisini saylaydi.
Xalqaro Hayʼat raisiga — 2000 AQSH dollari, hayʼat aʼzolariga — 1000 AQSH dollari miqdorida gonorar puli toʻlanadi.
16. Baholash jarayonida dostonchilik sanʼati namunalarining asl milliy xususiyatlari, badiiy va estetik purmaʼnoligi, ijrochilarning ijro mahorati, kiyinish va sahna madaniyati, ijro etiladigan kuy, nagʻma va termalarning badiiy qiymati va oʻziga xosligining aks etishi, xalq ijrochiligi usullarini egallaganlik darajasi, ijro uslublari va yoʻllarining mutanosibligi, bezakning badiiy saviyasi (kiyimlar, rekvizit) va uning milliy anʼanalarga mosligi, anʼanaviy musiqa asboblaridan foydalanish asosiy mezon hisoblanadi.
17. Xalqaro hayʼat tomonidan koʻrik-tanlov ishtirokchilarining chiqishlari ikkita yoʻnalish boʻyicha baholanadi:
Doston ijrochiligi yoʻnalishi;
Cholgʻu ijrochiligi yoʻnalishi.
4-bob. Mukofotlash tartibi
18. Koʻrik-tanlov gʻoliblari Tashkiliy qoʻmita tomonidan diplom, statuetka va quyidagi miqdorlarda pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:
“Gran-pri” — 7 000 AQSH dollari;
I — oʻrin (har bir yoʻnalish boʻyicha) 2 x 5 000 — 10 000 AQSH dollari;
II — oʻrin (har bir yoʻnalish boʻyicha ) 2 x 3 500 — 7 000 AQSH dollari;
III — oʻrin (har bir yoʻnalish boʻyicha) 2 x 2 500 — 5 000 AQSH dollari;
Xalqaro hayʼat qaroriga muvofiq loyiq nomzod topilmaganda “Gran-pri” berilmaydi.
Xalqaro hayʼat qaroriga muvofiq faqatgina “Gran-pri” mukofoti boʻlinmaydi. I, II va III — oʻrinlarning pul mukofotlari boʻlinishi mumkin.
Koʻrik-tanlovda qatnashgan va sovrindor boʻlmagan ishtirokchiga “Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali” Diplomanti diplomi beriladi.
Koʻrik-tanlov sovrindorlari “Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali”ning tantanali yopilish marosimi konsert dasturida qatnashishi shart.
Koʻrik-tanlovda sovrindor (laureat) boʻlgan ishtirokchilar keyingi yillarda oʻtkaziladigan ushbu koʻrik-tanlovda boshqa ishtirok etolmaydi, faxriy mehmon sifatida festivalga taklif etilishi mumkin. Koʻrik-tanlovda qatnashib, oʻrin egallamagan ishtirokchi koʻrik-tanlovda qayta qatnashish huquqiga ega.
19. Tashkilotchi, ijodiy uyushmalar, jamgʻarmalar va boshqa tashkilotlarning mustaqil ravishda hayʼat aʼzolari va muxlislar eʼtirofiga sazovor boʻlgan ishtirokchilar “Eng yosh baxshichilik sanʼati ishtirokchisi”, “Muxlislar eʼtirofiga sazovor boʻlgan eng yaxshi ishtirokchi”, “Eng yaxshi cholgʻu ijrochisi” kabi nominatsiyalar va boshqa nominatsiyalar boʻyicha maxsus diplom va 500 AQSH dollari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadilar.
Festivalning har bir qatnashchisiga “Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali”ning faol ishtirokchisi sertifikati beriladi.
5-bob. Tashkilotchi huquqlari
20. Tashkilotchi quyidagi huquqlarga ega:
Festival qatnashchilarining ijrolarini efirga uzatish hamda boshqa tashkilotlarga translyatsiya qilishi uchun ruxsatnoma berish;
Festivalni oʻtkazish va uning yakuni davomida tayyorlangan barcha turdagi audio, video, bosma va boshqa mahsulotlarni ishlab chiqarish va tarqatish;
Festivalda ishtirok etishni istagan jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan Tashkiliy qoʻmitaga yuboriladigan materiallardan reklama maqsadida foydalanish;
Festivalga jahondagi yetakchi soha mutaxassislari va sanʼat namoyondalarini jalb etish.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
21. Festivalning har bir qatnashchisi oʻz tibbiy sugʻurtasiga ega boʻlishi shart.
22. Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi Festivalni tashkil etish va oʻtkazish uchun ajratilgan budjet mablagʻlarining maqsadli ishlatilishini va toʻgʻri toʻlanishini nazorat qiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 22-noyabrdagi 946-son qaroriga 2-ILOVA
Xalqaro baxshichilik sanʼati festivalini 2019-yilda oʻtkazish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
