Qishloq xoʻjaligi va turdosh tarmoqlarda hamkorlik toʻgʻrisida
01.10.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Hindiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Hindiston Respublikasi Hukumati (keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar),
qishloq xoʻjaligi va turdosh tarmoqlarda oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish maqsadida,
ikki mamlakatning bozor munosabatlari hamda oziq-ovqat xavfsizligini oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish zaruriyatini anglagan holda,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar oʻz davlatlarining tegishli qonunchiligiga muvofiq, qishloq xoʻjaligi sohasida oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantiradilar.
2-modda
Quyidagilar mazkur Bitimning amalga oshirilishini muvofiqlashtiruvchi Tomonlarning vakolatli organlari (keyingi oʻrinlarda “vakolatli organlar” deb ataluvchilar) hisoblanadilar:
Oʻzbekiston tomonidan — Qishloq xoʻjaligi vazirligi;
Hindiston tomonidan — Qishloq xoʻjaligi va fermyerlar farovonligi vazirligi.
3-modda
Tomonlar quyidagi sohalarda hamkorlik qiladilar:
(i) oʻzaro manfaatli mahsulot namunalari, standartlar hamda qonunlarga tegishli axborot bilan almashish;
(ii) Oʻzbekistonda qoʻshma qishloq hoʻjaligi klastyerlarini barpo etish;
(iii) don yetishtirish va ularning diversifikatsiyasi sohasida tajriba almashish;
(iv) zamonaviy texnologiyalarga asoslangan urugʻchilik sohasida tajriba almashish; Tomonlar davlatlarining qonunchiligiga muvofiq, urugʻliklarni sertifikatsiyalashga oid axborot bilan almashish; urugʻlik namunalarini maqbul shartlar asosida almashish;
(v) qishloq xoʻjaligi va turdosh tarmoqlarda, shu jumladan, irrigatsiya sohasida suvdan samarali foydalanishda texnologiyalarni qoʻllash;
(vi) genetika, seleksiya, biotexnologiya, oʻsimliklarni himoya qilish, tuproq unumdorligini saqlash, mexanizatsiya, suv resurslari va ilmiy natijalarni oʻzaro qoʻllash boʻyicha qoʻshma ilmiy tadqiqotlarni oʻtkazish;
(vii) oʻsimlik karantini sohasida hamkorlikni rivojlantirish va kengaytirish;
(viii) chorvachilik, shu jumladan, hayvonlarning salomatligi, parrandachilik, genomika, karantin obyektlarini yaratish sohalarida tajriba almashish;
(ix) ilmiy va amaliy faoliyatlar (yarmarkalar, koʻrgazmalar, konferensiyalar, simpoziumlar) boʻyicha qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sanoati sohalaridagi tadqiqot institutlari oʻrtasida axborot almashish;
(x) qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat savdosida hamkorlik qilish;
(xi) oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash boʻyicha qoʻshma korxonalarni tashkil etish;
(xii) Tomonlarning oʻzaro kelishuviga koʻra hamkorlikning har qanday boshqa shakllari.
4-modda
Qishloq xoʻjaligi, bogʻdorchilik va chorvachilik mahsulotlari, bajarilgan ishlar natijalari almashinuvi va savdosi sohasida hamkorlik Tomonlarning milliy qonunchiligi hamda Tomonlar ishtirokchisi hisoblangan xalqaro shartnomalarga muvofiq amalga oshiriladi.
5-modda
1. Vakolatli organlar Tomonlar vakillaridan tashkil topgan Ishchi guruhini tashkil qiladilar va u quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
a) hamkorlik rejalarini tayyorlash;
b) mazkur Bitimni amalga oshirishda yuzaga keladigan muammolar yechimini taʼminlash;
s) Tomonlar tarafidan belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash.
2. Ishchi guruh yigʻilishlari har ikki yilda Oʻzbekiston Respublikasi va Hindiston Respublikasida navbat bilan oʻtkaziladi. Ishchi guruhi yigʻilishi sanasi va kun tartibi vakolatli organlar tomonidan diplomatik kanallar orqali kelishiladi.
6-modda
Ishchi guruhi yigʻilishlarida oʻz vakillari ishtiroki, shu jumladan, Ishchi guruhi vakillarining yigʻilishlardagi ishtiroki bilan bogʻliq tashkiliy xarajatlarni yuboruvchi Tomon qoplaydi.
7-modda
Mazkur Bitim qoidalarini bajarish maqsadida vakolatli organlar muayyan loyihalarni koʻrib chiqish, qoʻshma dasturlarni amalga oshirishga oʻz davlatlarining boshqa idoralarini ham jalb qilishi mumkin.
Mazkur Bitimni amalga oshirish davomida yuzaga keladigan xarajatlar Tomonlar tarafidan ularning davlatlari qonunlari, siyosati hamda mavjud moliyaviy resurslariga muvofiq qoplanadi.
8-modda
Mazkur Bitimga Tomonlarning oʻzaro roziligiga asosan uning ajralmas qismi hisoblangan va imzolangan sanadan boshlab kuchga kiradigan alohida bayonnomalar orqali rasmiylashtiriladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
9-modda
Mazkur Bitim doirasidagi faoliyatlar har qanday intellektual mulkka boʻlgan huquqlarni yuzaga keltirsa, Tomonlar bunday huquqlarni amalga oshirishdan oldin, ushbu huquqlarga doir alohida kelishuvlar/bitimlar tuzadilar.
i. Tadqiqot faqatgina bir Tomon tarafidan mustaqil va alohida amalga oshirilsa, yoki tadqiqot natijalari faqatgina bir Tomonning mustaqil va alohida saʼy-harakatlari bilan erishilgan boʻlsa, tegishli Tomon intellektual mulk huquqlari berilishiga ega boʻlish uchun yolgʻiz murojaat qiladi va intellektual mulk huquqi berilganda bunday huquqqa faqatgina oʻzi egalik qiladi.
ii. Qoʻshma faoliyat asosida olingan tadqiqot natijalariga nisbatan intellektual mulk huquqi berilishiga ikkala Tomon birgalikda murojaat qiladilar va taqdim etilgan huquqlarga Tomonlar birgalikda egalik qiladilar.
iii. Tomonlar mazkur Bitim doirasida amalga oshirilgan ixtirolar/faoliyatlarga yoʻnaltirilgan intellektual mulk huquqlaridan kelib chiqadigan har qanday huquq va majburiyatlarni boshqa Tomonning roziligisiz uchinchi tomonga bermasligi lozim.
Mazkur Bitim maqsadlari uchun “intellektual mulk” tushunchasi, Savdo bilan bogʻliq jihatlar boʻyicha Intellektual Mulk Huquqi Bitimi (TRIPS)ning 1-moddasida nazarda tutilgan va mazkur Bitim II-qism 1 — 7 boʻlimlari predmeti hisoblanuvchi intellektual mulkning barcha toifalariga nisbatan qoʻllaniladi. Har bir Tomon mazkur Bitimga muvofiq, hamkorlikdan kelib chiqadigan intellektual mulk huquqlari himoyasini oʻz davlatining tegishli qonunchiligi hamda har bir Tomon ishtirokchisi hisoblangan koʻp tomonlama shartnomalarga amal qilgan holda taʼminlaydilar.
Nashr etish:
Mazkur Bitim doirasida Tomonlar tarafidan amalga oshirilgan qoʻshma faoliyat natijasidagi har qanday nashr, hujjat va/yoki qoʻlyozmalarga birgalikda egalik qilinadi. Har qanday nashr, hujjat va/yoki qoʻlyozmalarda Tomonlar qoʻshma faoliyat natijasi boʻlgan nom, logo va/yoki rasmiy ramzning ishlatilishiga ikkala Tomonning oldindan roziligi talab qilinadi. Har qanday holatda rasmiy ramz hamda logoning nooʻrin ishlatilmasligi taʼminlanishi lozim.
Maxfiy maʼlumot:
Mazkur Bitimga muvofiq, nashr etilgan yoki almashinishi nazarda tutilgan hujjatlar oshkor qiluvchi Tomonning mutlaq mulki boʻlib qoladi hamda Tomonlar tarafidan maxfiy saqlanadi va har bir Tomon belgilashi mumkin boʻlgan shartlar asosida foydalaniladi. Qoʻllaniladigan qonunlarga muvofiq, Tomonlar boshqa Tomonning oldindan olingan yozma roziligisiz maʼlumotlarni uchinchi tomonga taqdim qilmasligi hamda ulardan belgilangan maqsadlardan boshqa maqsadlarda foydalanmasligi lozim.
Barcha maxfiy maʼlumotlar oshkor qiluvchi Tomonning mutlaq mulki boʻlib qoladi. Tomonlar mazkur Bitim va maxfiy maʼlumotning oshkor etilishi boshqa Tomonning har qanday intellektual mulk huquqi doirasida maʼlumotni qabul qiluvchiga nisbatan hech qanday litsenziya, manfaat yoki huquq bermasligi yoki yuklamasligiga kelishadilar.
Tijoratlashtirish:
Mazkur Bitimga muvofiq birgalikdagi faoliyat natijasida olingan tadqiqot natijalariga nisbatan har ikki Tomon oʻzlarining davlatlarida texnologiyani tijoratlashtirishda mutlaq huquqlarga ega ekanliklarini hisobga olgan holda intellektual mulk huquqlarini himoya qilish uchun nomzod sifatida birgalikda murojaat qiladilar.
Har qanday boshqa davlatda tijoratlashtirish alohida kelishuv orqali birgalikda amalga oshiriladi.
10-modda
Mazkur Bitim Tomonlar davlatlari ishtirokchi hisoblangan xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan Tomonlarning huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
11-modda
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilish, tatbiq qilish yoki qoʻllashda yuzaga keladigan kelishmovchiliklar Tomonlar oʻrtasida maslahatlashuv va muzokaralar orqali doʻstona hal qilinadi.
12-modda
Mazkur Bitim imzolangan sanadan boshlab kuchga kiradi va besh (5) yil davomida amal qiladi hamda navbatdagi besh (5) yillik muddatlarga oʻz-oʻzidan uzayaveradi.
Mazkur Bitim Tomonlardan birining mazkur Bitimning amal qilishini tugatish niyati toʻgʻrisidagi yozma xabarnomasi olingan sanadan olti (6) oy oʻtgach tugatiladi.
Buning tasdigʻi sifatida oʻrnatilgan tartibda vakolat berilgan quyida imzo chekuvchilar mazkur Bitimni imzoladilar.
Dehli shahrida 2018-yil 1-oktabrda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, hind va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar teng autentikdir. Mazkur Bitimni talqin qilishda tafovutlar yuzaga kelgan taqdirda, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)
