Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish boʻyicha oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida
01.10.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Hindiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Hindiston Respublikasi Hukumati (keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar),
1972-yildagi Bayonnoma bilan oʻzgartirish kiritilgan 1961-yildagi Giyohvandlik vositalari toʻgʻrisida Yagona konvensiya, 1971-yildagi Psixotrop moddalar toʻgʻrisidagi Konvensiya va 1988-yildagi Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish toʻgʻrisida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Konvensiyasi giyohvandlik vositalari ustidan milliy va xalqaro nazoratning asosini tashkil qilishini inobatga olib,
giyohvandlik tahdidi bilan kurashish borasida davlatlar siyosiy irodasining ifodasi sifatida 1998-yildagi BMT Bosh Assambleyasining maxsus sessiyasida qabul qilingan Giyohvandlik vositalarni suiisteʼmol qilinishi va ularning noqonuniy muomalasi bilan kurashish toʻgʻrisidagi Deklaratsiyaga sodiq ekanliklarini tasdiqlab,
giyohvandlik moddalarini noqonuniy yetishtirish, ishlab chiqarish, qayta ishlash va ular bilan noqonuniy muomalada boʻlish yuzasidan chuqur tashvish bildirib,
giyohvandlik tahdidiga qarshi birgalikda kurashishga qaror qilganliklarini yana bir bor tasdiqlab,
giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning tibbiy qoʻllanilishi ogʻriq va iztiroblarni yengillashtirish uchun zarur boʻlib qolayotganini hamda ushbu maqsadlarda foydalanish uchun giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar bilan yetarli darajada taʼminlash lozimligini tan olgan holda,
oʻzlarining konstitutsiyaviy, huquqiy va maʼmuriy tizimlarini lozim darajada hisobga olgan holda va oʻz davlatlari suverenitetini hurmat qilib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Mazkur Bitim maqsadlari uchun atamalar quyidagi maʼnolarni anglatadi:
“Noqonuniy muomala” — 1988-yildagi Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish toʻgʻrisida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Konvensiyasining 3-moddasi 1 va 2-bandlarida koʻrsatilgan huquqbuzarliklar.
“Giyohvandlik vositalari” va “psixotrop moddalar” — 1972-yildagi Bayonnoma bilan oʻzgartirish kiritilgan 1961-yildagi Giyohvandlik vositalari toʻgʻrisida Yagona konvensiya va 1971-yildagi Psixotrop moddalar toʻgʻrisidagi Konvensiyada belgilangan yoki tavsiflangan moddalar.
“Prekursorlar, asosiy kimyoviy moddalar va eritmalar” — 1988-yildagi Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish toʻgʻrisida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Konvensiyasining 12-moddasida nazarda tutilgan Jadvallarga kiritilgan moddalar yoki oʻzaro kelishilishi mumkin boʻlgan har qanday boshqa moddalar.
2-modda
Tomonlar mazkur Bitim maqsadlari uchun va oʻz davlatlarining milliy qonunchiligiga muvofiq quyidagi sohalarda hamkorlik qilishga kelishib oldilar:
a) giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursor kimyoviy moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish;
b) jinoiy daromadlarni legallashtirishning oldini olish va noqonuniy muomaladan olingan yoki unda foydalanilgan mol-mulklarni taʼqib qilish, aniqlash, muzlatish, olib qoʻyish va musodara etishda hamkorlik qilish;
s) giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar, prekursorlar, asosiy kimyoviy moddalarning noqonuniy muomalasiga jalb etilgan shaxslarni aniqlash maqsadida nazorat ostida yetkazib berishdan lozim darajada foydalanish uchun bir-birlariga ruxsat berish va koʻmaklashish;
d) giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ularning prekursorlari noqonuniy muomalasiga qarshi kurash sohasida oʻz davlatlari milliy qonunchiligining mavjud meʼyoriy-huquqiy hujjatlari toʻgʻrisida axborot almashish va kelgusida ushbu qonunchilikka kiritiladigan har qanday oʻzgartirish va qoʻshimchalar haqida bir-birlarini xabardor qilish.
3-modda
Tomonlar oʻz davlatlarining milliy qonunchiligiga muvofiq quyidagi shakllarda hamkorlik qilish uchun barcha saʼy-harakatlarni amalga oshirish va zarur choralarni koʻrishga kelishib oldilar:
a) ikki mamlakatning vakolatli organlari oʻrtasida tezkor, texnik va umumiy xususiyatdagi axborot bilan almashish;
b) noqonuniy foydalanilayotgan obyektlarni aniqlash va giyohvandlik vositalarini ishlab chiqaradigan laboratoriyalarni yoʻq qilish;
s) giyohvandlik vositalarini noqonuniy tayyorlash va ishlab chiqarishda qoʻllanilishi mumkin boʻlgan prekursorlar va asosiy kimyoviy moddalarni ishlab chiqarish, import va eksport qilish, tranzitini amalga oshirish, saqlash, tarqatish va sotishni tartibga solish va nazorat qilish;
d) oldini olish, xabardor qilish, taʼlim va jamoatchilik dasturlari, shuningdek, davolash va reabilitatsiya qilish orqali giyohvandlik vositalariga boʻlgan talabni qisqartirish yuzasidan axborot almashish va hamkorlik qilish;
e) bir Tomon davlati fuqarolarining boshqa Tomon davlati hududida hibsga olinganligi toʻgʻrisidagi axborot bilan tezkor almashish, shuningdek, tergov, jinoiy taʼqib va shu bilan bogʻliq boʻlgan masalalar boʻyicha qoʻshimcha maʼlumotlarni taqdim etish;
f) giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursor kimyoviy moddalarning milliy roʻyxatlari va ularga kiritilgan har qanday oʻzgartirishlar bilan almashish;
g) soʻrovnoma asosida tezkor masalalar boʻyicha, shu jumladan, noqonuniy foydalaniladigan barcha turdagi giyohvandlik vositalari va sintetik moddalar, shuningdek, kimyoviy prekursorlarni taqiqlash uchun zarur boʻlishi mumkin boʻlgan tergov usullaridan foydalanish boʻyicha bir-birlariga koʻmaklashish.
4-modda
Mazkur Bitim doirasida Tomonlar oʻrtasida quyidagi xususiyatdagi axborot almashinuvini amalga oshirish mumkin:
a) tezkor aloqa vositalari, xususan, telefon, teleks/faks va elektron pochta orqali uzatilishi mumkin boʻlgan giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi toʻgʻrisida tezkor axborot;
b) giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar bilan savdo qiluvchi, ularning kontrabandasi bilan shugʻullanuvchi, shu boʻyicha gumonlanuvchi, moliyalashtiruvchi, tashkilotchilar va boshqalarga oid maʼlumotlar toʻplamini yaratish uchun yozishma orqali uzatilishi mumkin boʻlgan batafsil axborot.
Ushbu axborot almashinuvi odatda noqonuniy muomalaga oid ishlar va unga jalb qilingan shaxslar boʻyicha I va II ilovalarga muvofiq belgilangan tegishli shakllarda amalga oshiriladi. Zaruriyat boʻlgan hollarda, har qanday boshqa muhim axborot istalgan boshqa shaklda almashinishi mumkin.
Tomonlar aloqa kanallari xavfsizligini taʼminlash uchun barcha saʼy-harakatlarini amalga oshiradilar.
Mazkur Bitim doirasida Tomonlar oʻrtasidagi axborot ingliz tilida uzatiladi.
Tomonlar oʻrtasida mazkur Bitim doirasida taqdim etilgan axborot maxfiy hisoblanadi va undan soʻralganidan boshqa maqsadlarda foydalanilmaydi hamda axborotni taqdim etgan Tomonning yozma roziligisiz uchinchi tomonga berilmaydi.
5-modda
Mazkur Bitimni samarali amalga oshirish uchun Tomonlar oʻzaro kelishuvga koʻra har yili ikki mamlakatning vakolatli idoralari ekspertlari oʻrtasida uchrashuvlar oʻtkazishlari mumkin.
6-modda
Mazkur Bitim Tomonlar davlatlari ishtirokchi boʻlgan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlarga daxl qilmaydi.
7-modda
Tomonlar giyohvandlik vositalari ustidan nazorat qilish sohasida kadrlar tayyorlash, mutaxassislar va ekspertlar almashinuvi boʻyicha hamkorlik qiladilar.
8-modda
Tomonlar giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ularning prekursorlari noqonuniy tranzaksiyalarini nazorat qilish boʻyicha yangi uslublarni ishlab chiqish va joriy etish, shuningdek, giyohvandlik vositalariga qaram boʻlgan shaxslarni davolash va ijtimoiy reabilitatsiya qilishda hamkorlik qiladilar.
9-modda
Tomonlar giyohvandlik vositalari ustidan nazorat qilish sohasidagi xalqaro konvensiyalar doirasida huquqiy yordam uchun giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlar bilan bogʻliq boʻlgan eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishlari mumkin.
10-modda
Mazkur Bitimni lozim darajada amalga oshirish maqsadida har bir Tomon boshqa Tomonga muvofiqlashtirilgan harakatlarni moliyalashtirish va institutsional salohiyatni takomillashtirish uchun yordam soʻrab murojaat qilishi mumkin.
11-modda
Mazkur Bitimga Tomonlarning oʻzaro kelishuviga koʻra uning ajralmas qismi hisoblanadigan va mazkur Bitimning 14-moddasida nazarda tutilgan tartibda kuchga kiradigan alohida bayonnomalar bilan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
12-modda
Mazkur Bitimni amalga oshirish va har qanday axborotni almashish uchun vakolatli organlar quyidagilar hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati uchun — III ilovada belgilangan organlar;
Hindiston Respublikasi Hukumati uchun — IV ilovada belgilangan organlar.
13-modda
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilish yoki qoʻllash yuzasidan har qanday nizolar Tomonlar oʻrtasida muzokara va maslahatlashuv orqali hal etiladi.
14-modda
Mazkur Bitim imzolangan sanadan boshlab kuchga kiradi va besh yil muddatda amal qiladi. Agar Tomonlardan hech biri boshqa Tomonni mazkur Bitimni tugatish niyati toʻgʻrisida kamida uch oy avval yozma shaklda xabardor qilmasa, Bitim keyingi besh yillik muddatlarga oʻz-oʻzidan uzayaveradi.
Buning tasdigʻi sifatida oʻzlarining tegishli hukumatlari tomonidan oʻrnatilgan tartibda vakolat berilgan quyida imzo chekuvchilar mazkur Bitimni imzoladilar.
Dehli shahrida 2018-yil 1-oktabrda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, hind va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar teng autentiqdir.
Talqin qilishda tafovut yuzaga kelgan taqdirda, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)
I ILOVA
Giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi va kontrabandasi boʻyicha ishlar
Maʼlumot
Joʻnatuvchi (Tashkilot/Idora)
1. Giyohvandlik vositalarini olib qoʻygan idora nomi
2. Olib qoʻyilgan giyohvandlik vositalari/ kontrabanda turi
3. Miqdori
4. Kimyoviy tahlili
5. Qoʻlga olingan joyi
6. Qoʻlga olingan sanasi
7. Qadogʻi, markirovkasi va tovar belgilari
8. Tashish vositalari toʻgʻrisida maʼlumotlar
9. Saqlovchining ismi va millati/Tashish vositasi egasi
10. Kompaniya, aviakompaniya, kema nomi
10. (a) Konosament / aviatsiya yoʻl hujjati/hisob-faktura
11. Yashirish usuli
12. Yoʻnalishi
13. Ishlab chiqarilgan/qayta ishlangan joyi
14. Giyohvandlik vositalari/kontrabanda qabul qilingan joy
15. Kelib chiqishi/manbasi
16. Manzili
17. Olib qoʻyilgan har qanday uskuna/moslamalar
18. Har qanday boshqa maʼlumotlar
II ILOVA
Giyohvandlik vositalarining noqonuniy muamolasiga/kontrabandaga jalb etilgan shaxs (shaxslar) haqida hisobot shakli
(Bir necha shaxslar nazarda tutilgan hollarda, har bir shaxs uchun alohida shakldan foydalanish lozim)
1. Ismi va foydalangan taxallusi
2. Otasining ismi
3. Jinsi
4. Yoshi
5. Tugʻilgan sanasi va joyi
6. Millati
7. Pasport raqami
8. Pasport berilgan joy/sana
9. Kasbi
10. Manzili
11. Jalb etilganlik darajasi
12. Oldingi jalb etilganlik holatlari
13. Sheriklari
14. Hibsga olingan / qoʻlga olingan
16. Qoʻllanilgan sud yoki maʼmuriy choralar
17. Pasportning birinchi beti yoki fotosuratga ega boʻlgan shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjatning nusxasi (giyohvandlik vositalari bilan savdo qiluvchilarning fotosurati (lari) mavjud boʻlgan taqdirda, ular ham ilova qilinishi mumkin).
ISh FABULASI
(Tergovga koʻmaklashish maqsadida ishning tafsilotlarini koʻrsating)
III ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli organlari
(12-moddada nazarda tutilgan tartibda)
1. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy-axborot tahlil markazi.
2. Ichki ishlar vazirligi.
3. Davlat xavfsizlik xizmati.
4. Davlat bojxona qoʻmitasi.
5. Bosh prokuratura.
IV ILOVA
Hindiston Respublikasining vakolatli organlari
(12-moddada nazarda tutilgan tartibda)
1. Giyohvandlik vositalari ustidan nazorat qilish Byurosi.
2. Ichki ishlar vazirligi.
3. Moliya vazirligi.
4. Ijtimoiy adolat va vakolatlar vazirligi.
5. Giyohvandlik vositalari boʻyicha Markaziy byuro.
