Tovarlarning kelib chiqishini sertifikatlashni oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida (2131-3-son)
16.11.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 16-noyabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2131-3]
Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 2-iyundagi 346-son “Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi va 1998-yil 31-martdagi 137-son “Oʻzbekiston Respublikasida tashqi savdo faoliyatini erkinlashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorlariga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasida tovarlarning kelib chiqishini sertifikatlashni oʻtkazish tartibini takomillashtirish va amaldagi qonunchilik normalarini bir xilda qoʻllanilishini taʼminlash maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi va Davlat bojxona qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Moliya vazirligi va Davlat bojxona qoʻmitasining 2010-yil 19-iyuldagi EG-01/10-4014, 60, 01-02/8-10-son qarori (roʻyxat raqami 2131, 2010-yil 13-avgust) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 33-son, 279-modda) bilan tasdiqlangan Tovarlarning kelib chiqishini sertifikatlashni oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Tashqi savdo vaziri J. XODJAYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 11-oktabr,
2018/23-04-son
Moliya vaziri D. KUChKAROV
Toshkent sh.,
2018-yil 11-oktabr,
133-son
Davlat bojxona qoʻmitasi raisi M. AZIMOV
Toshkent sh.,
2018-yil 11-oktabr,
01-02/8-62-son
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi va Davlat bojxona qoʻmitasining 2018-yil 11-oktabrdagi 2018/23-04, 133, 01-02/8-62-son qaroriga ILOVA
Tovarlarning kelib chiqishini sertifikatlashni oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 13-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Tovarlarning kelib chiqish mamlakati “yetarli darajada qayta ishlanganlik” mezoniga muvofiq aniqlanganda, kelib chiqishi nomaʼlum boʻlgan materiallar xorijiy materiallar deb hisoblanadi.”.
2. 17-banddagi “Sertifikat Oʻzbekiston Respublikasi” degan soʻzlar “Import qilinayotgan tovarlar uchun sertifikat Oʻzbekiston Respublikasi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
3. 27-bandda:
ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Arizaga ariza beruvchining imzosi va muhri (mavjud boʻlsa) bilan tasdiqlangan quyidagi hujjatlarning nusxalari (mazkur Nizomning 273 va 274-bandlarida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno) ilova qilinadi:”;
uchinchi xatboshi “boʻyicha shartnoma” degan soʻzlardan keyin “(kontrakt asosida eksport qilingan taqdirda)” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin.
4. Quyidagi mazmundagi 273 va 274-bandlar bilan toʻldirilsin:
“273. Oʻzbekiston Respublikasida yetishtirilib eksport qilinayotgan qishloq xoʻjalik mahsulotlariga sertifikat olish boʻyicha murojaat qilinganda, arizaga ariza beruvchining imzosi va muhri (mavjud boʻlsa) bilan tasdiqlangan quyidagi hujjatlarning nusxalari ilova qilinadi:
yetkazib beruvchi va xaridor oʻrtasidagi eksport (reeksport) qilinayotgan tovar boʻyicha shartnoma (kontrakt asosida eksport qilingan taqdirda);
eksport qilinayotgan tovarga hisobvaraq-faktura (invoys);
eksport qilinayotgan tovarning kelib chiqishini tasdiqlaydigan hujjatlar (eksportyorning yer uchastkasidan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar yoki Oʻzbekiston Respublikasi hududida yetishtirilib eksport qilinayotgan tovarni sotib olinganligini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar).
Sertifikat olish uchun murojaat qilingan kuni mazkur bandda koʻrsatilgan hujjatlarni taqdim etish imkoniyati boʻlmaganda, ariza beruvchi tomonidan eksport qilinayotgan mahsulotning nomi, hajmi, tayyorlovchisi va yetishtirilgan hududi haqidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga oluvchi xat taqdim etishi ruxsat etiladi. Bunda xalqaro meʼyorlarga muvofiq tovar olib kirilayotgan mamlakatning bojxona yoki boshqa vakolatli organlari tomonidan soʻrovnoma kelganda, ariza beruvchi mazkur bandda koʻrsatilgan hujjatlarni taqdim etishi lozim.
274. Eksport qilinayotgan qishloq xoʻjaligi mahsulotiga mazkur Nizomning 4-ilovasiga muvofiq shaklda sertifikat olish uchun eksportyor mazkur Nizomning 1-a-ilovasiga muvofiq shaklda rasmiylashtirilgan ariza-deklaratsiyani taqdim etishi mumkin. Ariza-deklaratsiya yozma yoki elektron shaklda hamda ariza beruvchining imzosi va muhri (mavjud boʻlsa) bilan tasdiqlangan holda taqdim qilinadi.”.
5. 28-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasidan eksport qilinayotgan tovarlarning kelib chiqish mamlakatini aniqlash boʻyicha ekspertiza oʻtkazish va ekspertiza dalolatnomasini tuzish ariza belgilangan tartibda topshirilgan sanadan boshlab bir ish kuni mobaynida amalga oshiriladi.”;
6. 39-bandda:
birinchi xatboshisi “ekspertiza dalolatnomasi” degan soʻzlardan keyin “yoki ariza-deklaratsiya” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Ekspertiza dalolatnomasi yoki ariza-deklaratsiya asosida sertifikatni rasmiylashtirish bir ish kuni mobaynida amalga oshiriladi.”.
7. Mazkur oʻzgartirish va qoʻshimchalarning ilovasiga muvofiq tahrirda 1-a-ilova bilan toʻldirilsin.
Tovarlarning kelib chiqishini sertifikatlashni oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarga ILOVA
“Tovarlarning kelib chiqishini sertifikatlashni oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-a-ILOVA
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.11.2018-y., 10/18/2131-3/2191-son)
