Diplomatik pasport egalarini vizadan ozod etish toʻgʻrisida
05.09.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Misr Arab Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Misr Arab Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
Tomonlar davlatlari oʻrtasida ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash maqsadida,
tenglik va oʻzaro manfaatdorlik prinsiplariga muvofiq,
ikki davlatning amaldagi diplomatik pasportga ega fuqarolarining kirish va chiqish, shuningdek, safar qilishlariga koʻmaklashishga intilib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Har bir Tomon davlatining amaldagi diplomatik pasporti egalari boshqa Tomon davlati hududiga kirgan sanadan boshlab olti (6) oy ichida toʻqson (90) kundan oshmagan muddatda vizalar rasmiylashtirmagan holda ushbu Tomon davlati hududiga kirish, chiqish, tranzit oʻtish hamda vaqtinchalik boʻlish huquqiga egadirlar.
2-modda
1. Har bir Tomon davlatining amaldagi diplomatik pasporti egalari boshqa Tomon davlati hududida boʻlishlari davomida ushbu Tomon davlati qonunlariga rioya qiladilar.
2. Diplomatik pasport egalarining boshqa Tomon davlati hududiga kirishlari va undan chiqishlari xalqaro qatnovlar uchun belgilangan chegara oʻtkazish punktlari orqali amalga oshirilishi lozim.
3-modda
1. Boshqa Tomon davlati hududida akkreditatsiya qilingan diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalari, xalqaro tashkilotlarning xodimlari boʻlgan har bir Tomon davlatining amaldagi diplomatik pasporti egalari, basharti ularning rasmiy maqomini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud boʻlsa, butun akkreditatsiya davri davomida ushbu boshqa Tomon davlati hududiga vizasiz kirish, chiqish va boʻlib turish huquqiga egadirlar. Yuboruvchi Tomon bunday xodimlarning tayinlanishidan kamida oʻttiz (30) kun oldin boshqa Tomonni bu haqida diplomatik kanallar orqali xabardor qiladi.
2. Ushbu moddaning 1-bandida koʻrsatilgan shartlar bir Tomon davlati hududida akkreditatsiya qilingan diplomatik vakolatxonalar, konsullik muassasalari yoki xalqaro tashkilotlar xodimlarining turmush oʻrtogʻi, voyaga yetmagan farzandlari va qaramogʻida boʻlgan ota-onalariga ham tatbiq qilinadi, basharti ular boshqa Tomon davlatining amaldagi diplomatik pasporti egalari hisoblansalar.
4-modda
1. Har bir Tomon biron-bir sabab koʻrsatmagan holda oʻz davlati hududiga boshqa Tomon davlatining amaldagi diplomatik pasporti egalarining kirishini rad etish yoki boʻlib turish muddatini cheklash huquqini oʻzida saqlab qoladi.
2. Har bir Tomon milliy xavfsizlik, jamoat tartibini saqlash yoki oʻz davlati fuqarolarining sogʻligʻiga tahdid sababli mazkur Bitimning amal qilishini vaqtincha, toʻliq yoki qisman toʻxtatib qoʻyish huquqini oʻzida saqlab qoladi. Toʻxtatib qoʻyish boshqa Tomon davlati hududida boʻlib turgan fuqarolarning huquqlariga daxl etmaydi.
3. Tomonlar bir-birlarini mazkur moddaning 1 va 2-bandlarida koʻrsatilgan choralar koʻrilganligi toʻgʻrisida zudlik bilan diplomatik kanallar orqali xabardor qiladilar.
5-modda
1. Tomonlar mazkur Bitim kuchga kirganidan soʻng oʻttiz (30) kun ichida mavjud diplomatik pasport namunalarini, shu jumladan, bunday hujjatlarning batafsil tavsifini diplomatik kanallar orqali almashadilar.
2. Agar Tomonlardan biri mazkur Bitimning amal qilishi davomida diplomatik pasportlarni almashtirsa yoki ularga oʻzgartirish kiritsa, ushbu Tomon boshqa Tomonni oʻttiz (30) kun avval diplomatik kanallar orqali xabardor qiladi hamda yangi pasportlar namunalarini, shu jumladan, uning batafsil tavsifini taqdim qiladi.
6-modda
1. Har bir Tomon davlatining amaldagi diplomatik pasporti egalari boshqa Tomon davlati hududida yoʻl hujjatlari yoʻqolgan yoki shikastlangan taqdirda oʻz davlatining diplomatik vakolatxonasi yoki konsullik muassasasini zudlik bilan xabardor qiladilar, ular esa qabul qiluvchi davlatning Tashqi ishlar vazirligini tegishli choralar koʻrish uchun xabardor qiladilar.
2. Yoʻqolgan yoki shikastlangan hujjat oʻrniga tegishli Tomon davlatining diplomatik vakolatxonasi yoki konsullik muassasasi yangi pasport yoki yoʻqolgan yoxud shikastlangan pasportning oʻrnini vaqtinchalik bosuvchi boshqa yoʻl hujjatini taqdim etadi.
7-modda
Mazkur Bitim qoidalarini amalga oshirish va talqin qilishda nizo va kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, Tomonlar ularni diplomatik kanallar orqali muzokaralar va maslahatlashuvlar yoʻli bilan hal qiladilar.
8-modda
Mazkur Bitimga Tomonlarning oʻzaro roziligi bilan uning ajralmas qismi hisoblanadigan hamda mazkur Bitimning 9-moddasi 1-bandida koʻrsatilgan tartibda kuchga kiradigan alohida bayonnomalar orqali oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
9-modda
1. Mazkur Bitim nomuayyan muddatga tuziladi va Tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan ichki huquqiy protseduralarni tugatganliklari toʻgʻrisida oxirgi yozma xabarnoma olingan sanadan boshlab kuchga kiradi.
2. Har bir Tomon mazkur Bitimni boshqa Tomonga yozma xabarnoma yuborish orqali tugatishi mumkin. Mazkur Bitim boshqa Tomon bunday xabarnomani olgan sanadan boshlab toʻqson (90) kundan soʻng tugatiladi.
Toshkent shahrida 2018-yil 5-sentabrda ikki (2) asl nusxada, har biri oʻzbek, arab va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar teng autentikdir.
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilishda tafovut yuzaga kelgan taqdirda, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)
