Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash sohasida investitsiyaviy loyihani amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PQ-3989-son)
30.10.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
[Koʻchirma]
“Xavfsiz shahar” apparat-dasturiy kompleksini rivojlantirish va uni bosqichma-bosqich amalga oshirish, yoʻl harakati xavfsizligini nazorat qilish va yoʻl-transport hodisalarining oldini olishning samarali mexanizmlarini joriy qilish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida loyiha boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 29-avgustdagi PQ-3245-son hamda “2018-2019-yillarda investitsiyaviy va infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2018-yil 19-iyuldagi PQ-3874-son qarorlari ijrosini taʼminlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Ichki ishlar vazirligining “ATLAS International” (Germaniya) kompaniyalar guruhi bilan hamkorlikda “Oʻzbekiston Respublikasida yoʻl harakati qoidalari buzilishini foto-video fiksatsiya qilishning avtomatlashtirilgan tizimi” investitsiyaviy loyihasi (keyingi oʻrinlarda — loyiha)ni amalga oshirish boʻyicha taklifi maʼqullansin.
2. Loyiha doirasida quyidagi shartlar belgilansin:
yoʻl harakati qoidalari buzilishini foto-video fiksatsiya qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (keyingi oʻrinlarda — avtomatlashtirilgan tizim)ni joriy etish 2018 — 2025-yillarda Andijon, Namangan, Toshkent va Fargʻona viloyatlari hududida amalga oshiriladi;
“ATLAS International” kompaniyalar guruhi (keyingi oʻrinlarda — Investor) tomonidan Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi bilan hamkorlikda foto-video fiksatsiya qilish tizimining texnika va jihozlarini belgilangan standart va talablarga muvofiqligini oʻlchash boʻyicha laboratoriya ochilishi nazarda tutiladi;
loyihani amalga oshirish va moliyalashtirish davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida Investor tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hisobidan loyiha hujjatlarini bosqichma-bosqich ishlab chiqish orqali amalga oshiriladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining “Xavfsiz shahar” tizimlarini rivojlantirish markazi” davlat muassasasi loyihani amalga oshirish boʻyicha ishchi organ hisoblanadi;
investitsiyaviy xarajatlarni qaytarish uchun loyiha buyurtmachisi — Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi masʼul hisoblanib, joriy qilinayotgan avtomatlashtirilgan tizim Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati balansiga beriladi.
3. Belgilansinki, oʻrnatilgan avtomatlashtirilgan tizim yordamida aniqlangan yoʻl harakati qoidalarini buzganlik uchun undirilgan jarima summasi quyidagicha yoʻnaltiriladi:
20 foiz-yoʻl harakati qoidalari buzilishi qayd etilgan joyning mahalliy budjetiga, shundan (100 foiz deb hisoblanganda) 50 foizi yoʻl infratuzilmasini rivojlantirish va avtomatlashtirilgan tizimni elektr energiyasi bilan taʼminlash uchun toʻlovlarni amalga oshirish, qolgan 50 foizi Respublikada “Xavfsiz shahar” yagona integratsiyalashgan tizimlarini yaratish va rivojlantirish konsepsiyasi doirasida ishlab chiqiladigan manzilli yillik dasturlarning chora-tadbirlarini moliyalashtirish maqsadlarida ishlatiladi;
20 foiz — Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining budjetdan tashqari jamgʻarmasiga;
25 foiz — Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining “Xavfsiz yoʻl va xavfsiz piyoda” respublika jamgʻarmasiga;
35 foiz — shartnomada belgilangan investitsiyaviy xarajatlarning hajmi toʻliq qoplanguniga qadar Investor hisobiga.
Belgilansinki, investitsiyaviy xarajatlar toʻliq qoplanganidan soʻng, mazkur qarorda nazarda tutilgan jarima summasining Investorga tegishli qismi Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining budjetdan tashqari jamgʻarmasiga hamda Ichki ishlar vazirligining “Xavfsiz shahar” tizimlarini rivojlantirish markazi” davlat muassasasiga teng ulushda yoʻnaltiriladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga loyihani amalga oshirish doirasida, istisno tariqasida, quyidagilarga ruxsat etilsin:
avtomatlashtirilgan tizimni joriy etishni texnik-iqtisodiy hisob-kitoblarini ishlab chiqmasdan va tasdiqlamasdan amalga oshirish;
Investor yoki u tomonidan loyihani amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi hududida tashkil qilingan korxona (keyingi oʻrinlarda — Korxona) bilan tender va tanlov savdolarini oʻtkazmasdan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzish;
Investor bilan hamkorlikda avtomatlashtirilgan tizimni joriy qilish ishlarini loyiha hujjatlarini ishlab chiqish bilan bir vaqtda olib borish.
Investor bilan hamkorlikda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda koʻk va qizil rangli yalt-yalt etuvchi chiroq-mayoqcha, maxsus tovushli ishoralari hamda avtomatlashtirilgan jamoat tartibini nazorat qilish va yoʻl harakati qoidabuzarliklarini aniqlash moslamalari oʻrnatilgan patrul avtomobillarini amaliyotga joriy qilish.
5. “Oʻzbekiston Respublikasida yoʻl harakati qoidalari buzilishini foto-video fiksatsiya qilishning avtomatlashtirilgan tizimi” investitsiyaviy loyihasini amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar “Yoʻl xaritasi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
7. Loyihani amalga oshirish doirasida quyidagilar:
2025-yil 1-yanvarga qadar Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatga muvofiq olib kiriladigan jihozlar, butlovchi buyumlar, dasturiy taʼminot, yordamchi texnika va qurilish materiallari — bojxona bojidan;
Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari tomonidan bajarilgan ishlar (xizmatlar), shuningdek, mahalliy yetkazib beruvchilar va subijrochilar tomonidan Investorga sotiladigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) qoʻshimcha qiymat soligʻidan;
Investor, uning subijrochilari, xorijiy moliyaviy institutlari va kompaniyalari, shuningdek, ularning doimiy muassasalari — Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari — yuridik shaxslar toʻlashi lozim boʻlgan soliqlarning barcha turlaridan (shu jumladan, toʻlov manbasidan undiriladigan daromad soligʻidan);
Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari — jismoniy shaxslar — loyihani amalga oshirish doirasida oladigan jismoniy shaxslarning daromad soligʻidan;
olib kirilayotgan tovarlar, jihozlar, butlovchi qismlar, dasturiy taʼminot va boshqa mol-mulk, shuningdek, koʻrsatiladigan xizmatlar — litsenziyalashtirish va sertifikatlashtirish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli organlarida oʻlchov vositalarini Davlat reyestriga kiritishda olinadigan yigʻim, davlat bojlari va toʻlovlaridan;
2025-yil 1-yanvarga qadar Korxona foto-video fiksatsiya tizimini oʻrnatish, ishga tushirish, servis xizmatini koʻrsatish va laboratoriya tekshiruvlarini oʻtkazish faoliyati (shu jumladan asbob-uskunalar), qurilish-montaj, loyihalash va loyiha-qidiruv ishlari bilan bogʻliq barcha turdagi soliqlardan ozod etilsin.
8. Toshkent shahar hokimligi Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda Investor zimmasiga ushbu binolarni taʼmirlash va tutash hududlarni obodonlashtirish boʻyicha masʼuliyat yuklatilgan holda Korxonaga xizmat koʻrsatish markazi hamda foto-video fiksatsiya tizimining qurilmalari va texnikalarini oʻlchash boʻyicha laboratoriya faoliyatini tashkil etish uchun tanlov oʻtkazmasdan, bepul asosda bino va inshootlar taqdim etilishini taʼminlasin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi joriy etilayotgan avtomatlashtirilgan tizim obyektlarini oʻz vaqtida qurish va tashqi telekommunikatsiya tarmoqlariga ulash ishlarini moliyalashtirishni taʼminlasin.
10. Loyihani amalga oshirish doirasida quyidagilar taʼminlasin:
a) Ichki ishlar vazirligi, Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi tomonidan:
yoʻl belgilari, axborot koʻrsatkichlari va yoʻl harakatini tartibga solishning boshqa texnik vositalari oʻz vaqtida oʻrnatilishi;
avtomobil yoʻllarida meʼyoriy hujjatlar talablariga mos ravishda, uzoq vaqt davomida xizmat koʻrsatuvchi chidamli yoʻl harakati chiziqlarining chizilishi;
tashkiliy, konsultativ va axborot-tahliliy koʻmak koʻrsatilishi;
b) Investor tomonidan:
qurilish va montaj ishlarini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan loyiha hujjatlari, shu jumladan ruxsat berish hujjatlarining olinishi;
tegishli masʼul davlat tashkilotlari va idoralar bilan loyiha hujjatlarining kelishilishi;
tizimning muhandislik, kommunikatsiya va elektr tarmoqlariga ulanishi;
oʻz mablagʻlari hisobidan investitsiyaviy xarajatlar sifatida loyiha hujjatlariga muvofiq qurilish va montaj ishlari lozim darajada amalga oshirilishi hamda tashqi tarmoqlardan avtomatlashtirilgan tizimning obyektlarigacha elektr uzatish liniyalari va telekommunikatsiya tarmoqlarini tortish ishlari amalga oshirilishi, shuningdek, barcha hududlarda maʼlumotlarni qayta ishlash markazlarining tashkil etilishi;
v) Andijon, Namangan, Toshkent va Fargʻona viloyatlari hokimliklari, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar tomonidan tizimning muhandislik, kommunikatsiya va elektr tarmoqlariga ulanishi, qurilish va montaj ishlari oʻz vaqtida amalga oshirilishi, shuningdek, yoʻl obyektlari ekspluatatsiyaga kiritilishida Investor va Korxonaga har tomonlama tashkiliy va amaliy koʻmaklashish.
11. “Oʻzbekenergo” AJ Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda loyihani amalga oshirish doirasida budjet mablagʻlari hisobidan avtomatlashtirilgan tizimning obyektlarini tashqi elektr tarmoqlariga oʻz vaqtida ulashni taʼminlasin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Ichki ishlar vazirligi “Xavfsiz shahar” tizimlarini rivojlantirish markazi” davlat muassasasining buyurtmalari asosida loyihani amalga oshirishda ishtirok etayotgan xorijiy mutaxassislarga koʻp martalik kirish vizalarini konsullik va boshqa boj toʻlovlari undirilmagan holda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi belgilangan tartibda Investor yoki Korxonaning murojaatlariga asosan Oʻzbekiston Respublikasiga yuqori tajribaga ega xorijiy mutaxassislarni (bunday mutaxassislar Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari orasida boʻlmagan hollarda) jalb qilishga ruxsatnoma berilishi (uzaytirilishi), shuningdek, mazkur chet el fuqarolariga Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqi berilishi (uzaytirilishi)ni taʼminlasin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:
Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Investor bilan birgalikda ikki oy muddatda avtomatlashtirilgan tizimni joriy etish boʻyicha texnik vazifani belgilangan tartibda ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda ushbu qarorga muvofiq Ichki ishlar vazirligining maxsus hisob raqamida har oylik mablagʻlar toʻplanishini va investitsiyaviy xarajatlarni qaytarish boʻyicha toʻlovlar birinchi navbatda amalga oshirilishini taʼminlasin;
Investor yoki Korxona buyurtmalariga asosan loyihani joriy etishda ishtirok etayotgan xorijiy mutaxassislarga davlat bojlari undirilmagan holda koʻp martalik vizalarni belgilangan tartibda rasmiylashtirish, berish va uzaytirish, shuningdek, turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazish va uning muddatini uzaytirishni taʼminlasin;
texnik va foydalanish talablariga muvofiq avtomatlashtirilgan tizim maʼlumotlarini qayta ishlash markazlarini tashkil etish boʻyicha zarur tashkiliy chora-tadbirlarni koʻrsin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflarni kiritsin.
15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M. Mavlonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 30-oktabr,
PQ-3989-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 30-oktabrdagi PQ-3989-son qaroriga ILOVA
“Oʻzbekiston Respublikasida yoʻl harakati qoidalari buzilishini foto-video fiksatsiya qilishning avtomatlashtirilgan tizimi” investitsiyaviy loyihasini amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar
“Yoʻl xaritasi”
T/r Tadbirlar nomi Amalga oshirish shakli va mexanizmi Ijro muddatlari Masʼul ijrochilar Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash boʻyicha zamonaviy vositalarini joriy qilish loyihasi (umumiy qiymat — 300 mln. yevro, shu jumladan, toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar — 300 mln. yevro, xorijiy hamkor — “ATLAS International” (Germaniya) 1. Meʼyoriy hujjatlarni ishlab chiqish va imzolash 1. Ishchi guruhining faoliyatini tashkil etish, Andijon, Namangan, Toshkent va Fargʻona viloyatlarida yoʻl harakati qoidalari buzilishini foto-video fiksatsiya qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish yuzasidan loyiha Reglamentini ishlab chiqish va tasdiqlash. “Xavfsiz shahar” loyihasini joriy etish boʻyicha doimiy faoliyat yurituvchi ishchi guruh 2018-yil noyabr Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (B. Olmatov), IIV (R. Ergashev) 2. Investitsiyaviy loyihani amalga oshirish yuzasidan hamkorlik toʻgʻrisida Memorandum hamda maxfiylikni saqlash boʻyicha Kelishuvni ishlab chiqish va imzolash. Memorandum va Kelishuvni imzolash 2018-yil noyabr Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (B. Olmatov), Investor 2. Loyihaoldi hujjatlarini ishlab chiqish va kelishish 3. Muhandislik-tadqiqot ishlarini olib borish, birlamchi maʼlumotlarni jamlash, hisobotlarni tuzish. Muhandislik-tadqiqot ishlari yakuni boʻyicha hisobot tayyorlash 2018-yil dekabr IIV (R. Ergashev), Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (B. Olmatov), viloyatlar hokimliklari, “Oʻzbekenergo” AJ (R. Rayimov), Investor 4. Asosiy va alohida texnik vazifalarning loyihalarini ishlab chiqish. Texnik vazifalarning loyihalarini ishlab chiqish 2018-yil noyabr-dekabr IIV (R. Ergashev), Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (B. Olmatov), Investor 5. Texnik vazifalarni davlat ekspertizasidan oʻtkazish. Ekspert xulosasini olish 2019-yil yanvar IIV (R. Ergashev), Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (B. Olmatov) 6. Asosiy va alohida texnik vazifalarni kelishish va tasdiqlash. Texnik vazifalarni tasdiqlash 2019-yil fevral IIV (R. Ergashev), Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (B. Olmatov), Investor 3. Shartnomalarni rasmiylashtirish, apparat-dasturiy vositalarni ishlab chiqarish va yetkazib berish 7. Loyihani amalga oshirish boʻyicha shartnoma (kontrakt)ni tayyorlash, kelishish va roʻyxatdan oʻtkazish. Shartnoma (kontrakt)ni imzolash 2019-yil fevral IIV (R. Ergashev), Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (B. Olmatov), “Oʻzstandart” agentligi (D. Sattarov), Investor 8. Investor korxonasini tashkil etish va roʻyxatdan oʻtkazish. Investor korxonasini roʻyxatdan oʻtkazish 2018-yil dekabr Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (B. Olmatov), Investor 9. Investor korxonasiga servis-markazi va laboratoriya uchun bino va inshootlarni ajratish va ularning faoliyat koʻrsatishiga koʻmaklashish. Toshkent shahar hokimi qarorini qabul qilish 2018-yil dekabr Toshkent shahar hokimligi, Davlat raqobat qoʻmitasi (N. Sharipov) 10. Qurilish hamda tashqi telekommunikatsiya tarmoqlariga ulanish boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish. Loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish 2018-2019 yy. IIV (R. Ergashev), Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (B. Olmatov), Andijon, Namangan, Toshkent va Fargʻona viloyatlari hokimliklari 11. Qurilish hamda elektr tarmoqlariga ulanish boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish. Loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish 2018-2019 yy. “Oʻzbekenergo” AJ (R. Rayimov), IIV (R. Ergashev), Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (B. Olmatov), Andijon, Namangan, Toshkent va Fargʻona viloyatlari hokimliklari 12. Qurilish-montaj ishlari uchun loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish. Loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish 2018-2019 yy. Andijon, Namangan, Toshkent va Fargʻona viloyatlari hokimliklari 13. Maxsus ishlar (foto-video fiksatsiya qilishning avtomatlashtirilgan tizimi) uchun loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish. Loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish 2018-2019 yy. IIV (R. Ergashev), Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (B. Olmatov), Investor 14. Loyiha-smeta hujjatlarini davlat ekspertizasidan oʻtkazish. Ekspert xulosasini olish 2018-2019 yy. Qurilish vazirligi (Sh. Xashimov) 15. Uskunalarni olib kirish uchun tegishli ruxsat etuvchi hujjatlarni olish. Normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlash 2019-yil aprel IIV (R. Ergashev), Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (B. Olmatov), Davlat bojxona qoʻmitasi (M. Azimov), “Oʻzstandart” agentligi (D. Sattarov) 16. Foto-video fiksatsiya tizimi texnikasi va uskunalarini oʻlchash boʻyicha laboratoriyani akkreditatsiyadan oʻtkazish. Ruxsat beruvchi hujjatlarni olish 2019-yil sentabr “Oʻzstandart” agentligi (D. Sattarov), Investor 17. Shartnomaga muvofiq apparat-dasturiy kompleksni yetkazib berish. Kompleks chora-tadbirlar Shartnomaga muvofiq Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (B. Olmatov), IIV (R. Ergashev), Davlat bojxona qoʻmitasi (M. Azimov), Investor 4. Qurilish-montaj va maxsus ishlar, foydalanishga topshirish 18. Viloyatlarda infratuzilma maydonchalarini tashkil etish (omborlar, server xonalari, tuzatish-taʼmirlash va foydalanish uchastkalari). Kompleks chora-tadbirlar Shartnomaga muvofiq IIV (R. Ergashev), Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (B. Olmatov), Andijon, Namangan, Toshkent va Fargʻona viloyatlari hokimliklari 19. Qurilish-montaj ishlarini bajarish, shu jumladan: Umumiy qurilish ishlari, shu jumladan, yer, kovlash, yoʻl ishlari, magistral tarmoqlarni yotqizish. Qurilish ishlarini bajarish 2019-yil mart — avgust Andijon, Namangan, Toshkent va Fargʻona viloyatlari hokimliklari, “Oʻzavtoyoʻl” (A. Abduvaliyev), Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (B. Olmatov) Umumiy foydalanishdagi tashqi telekommunikatsiya tarmoqlarini tayyorlash (tarmoqli-kabel inshootlari). Tarmoqli-kabel liniyalarini yotqizish 2019-yil mart — sentabr Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (B. Olmatov), Andijon, Namangan, Toshkent va Fargʻona viloyatlari hokimliklari Telekommunikatsiya tarmoqlarini uskunani lokal ulash uchun tayyorlash. Telekommunikatsiya tarmoqlarini tortib kelish 2019-yil yanvar — oktabr Andijon, Namangan, Toshkent va Fargʻona viloyatlari hokimliklari, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (B. Olmatov) Energiya taʼminoti tarmoqlarini tortish boʻyicha tadbirlar. Energiya taʼminoti tarmoqlariga ulanish 2019-yil yanvar — oktabr “Oʻzbekenergo” AJ (R. Rayimov), Andijon, Namangan, Toshkent va Fargʻona viloyatlari hokimliklari 20. Chorrahalarda qurilish-montaj ishlarini bajarish. Qurilish-montaj ishlari 2019-yil mart — sentabr Andijon, Namangan, Toshkent va Fargʻona viloyatlari hokimliklari, IIV (R. Ergashev) 21. Yoʻlning chiziq qismida qurilish-montaj ishlarini bajarish. Qurilish-montaj ishlari 2019-yil mart — sentabr Andijon, Namangan, Toshkent va Fargʻona viloyatlari hokimliklari, “Oʻzavtoyoʻl” (A. Abduvaliyev), IIV (R. Ergashev) 22. Uskuna, inshootlarni (maʼlumotlarni qayta ishlash markazi, kommutatsiya qurilmalarini) joylashtirish uchun binolarni tayyorlash. Qurilish-montaj ishlari 2019-yil yanvar — iyun IIV (R. Ergashev), Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (B. Olmatov) 23. Qurilmalarni oʻrnatish (investitsiyaviy loyiha doirasidagi maxsus ishlar). Qurilmalarni oʻrnatish Shartnomaga muvofiq Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (B. Olmatov), IIV (R. Ergashev), Investor 24. Foto-video fiksatsiya qilishning avtomatlashtirilgan tizimini oʻrnatish va ishga tushirishni boshlash. Oʻrnatish va ishga tushirishni boshlash Shartnomaga muvofiq Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (B. Olmatov), IIV (R. Ergashev), Investor 25. Foto-video fiksatsiya qilishning avtomatlashtirilgan tizimini sinov tariqasida ishga tushirish. Sinov tariqasida ishga tushirish 2019-yil oktabr-noyabr Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (B. Olmatov), IIV (R. Ergashev), Investor 26. Investitsiyalarni qaytarish choralarini koʻrish va uni amalga oshirish. Maxsus hisobda mablagʻlarni toʻplash va tushumlarni taqsimlash Shartnomaga muvofiq IIV (R. Ergashev), Moliya vazirligi (A. Xaydarov) 27. Foto-video fiksatsiya qilishning avtomatlashtirilgan tizimini ishga tushirish. Tizimni ishga tushirish 2019-yil dekabr Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (B. Olmatov), IIV (R. Ergashev) Investor 28. Avtomatlashtirilgan tizimning boshlangʻich bosqichda ishlash natijalarini tahlil qilish va umumlashtirish. Hisobot tayyorlash 2019-yil yanvar — mart Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (B. Olmatov), IIV (R. Ergashev) 29. Investor bilan hamkorlikda foto-video fiksatsiya qilishning avtomatlashtirilgan tizimini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish masalasini koʻrib chiqish. Tahliliy maʼlumotnoma tayyorlash 2019-yil may Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (B. Olmatov), IIV (R. Ergashev) 30. Loyihani ishga tushirish natijalari asosida avtomatlashtirilgan tizimni yanada rivojlantirish yuzasidan takliflar tayyorlash. Normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlash 2019-yil iyun Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (B. Olmatov), IIV (R. Ergashev)
