7-modda. Qonunchilik palatasining qoʻmitalarini tuzish
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida (522-II-son) · Sana: 29.08.2003 · Amalda
Qonunchilik palatasi tomonidan uning deputatlari orasidan palataning vakolatlari muddatiga rais, uning oʻrinbosari va aʼzolardan iborat tarkibda qoʻmitalar tuziladi.
Qonunchilik palatasi Spikeri va uning oʻrinbosarlari Qonunchilik palatasi qoʻmitalarining tarkibiga saylanishi mumkin emas.
Qonunchilik palatasida, qoida tariqasida, budjet va iqtisodiy masalalar qoʻmitasi, korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitasi, mehnat, sogʻliqni saqlash va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi, xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi, innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qoʻmitasi, demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qoʻmitasi, fan, taʼlim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qoʻmitasi, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qoʻmitasi tuziladi. Qonunchilik palatasida boshqa qoʻmitalar ham tuzilishi mumkin.
Qonunchilik palatasi qoʻmitalarining umumiy soni, qoida tariqasida, oʻn bittadan oshmasligi kerak.
Qoʻmita raisi, uning oʻrinbosari va qoʻmita aʼzolari lavozimlari deputatlarning qaysi partiyaga mansubligini hamda saylov yakunlari boʻyicha olingan deputatlik oʻrinlarini inobatga olgan holda yaxlit (umumiy) qaror bilan belgilanadi. Qoʻmita raisi, uning oʻrinbosari va qoʻmita aʼzolari lavozimlariga nomzodlar koʻrsatish yuzasidan takliflarni fraksiyalarning rahbarlari oʻzaro kelishgan holda kiritadilar. Bunda bir nafar qoʻmita raisi va ikki nafar qoʻmita raisi oʻrinbosari lavozimlari oʻzini parlamentdagi muxolifat deb eʼlon qilgan fraksiya uchun ajratiladi.
Qonunchilik palatasi qoʻmitasining raisi, uning oʻrinbosari va qoʻmita aʼzolari palata majlisida Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan saylanadi.
Qonunchilik palatasi qoʻmitasining raisi, uning oʻrinbosari, shuningdek qoʻmita aʼzolari saylangani toʻgʻrisida Qonunchilik palatasi qarorlar qabul qiladi.
