321-modda. Deputat soʻrovi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida (522-II-son) · Sana: 29.08.2003 · Amalda
Qonunchilik palatasi deputati davlat organlarining mansabdor shaxslariga, qoida tariqasida, tegishli saylov okrugi saylovchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash bilan bogʻliq masalalar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish yoki nuqtai nazarini bayon etish talabi bilan soʻrov yuborishga haqli.
Davlat organlarining mansabdor shaxslari Qonunchilik palatasi deputati soʻroviga, agar boshqa muddat belgilangan boʻlmasa, soʻrov olingan kundan eʼtiboran oʻn kundan kechiktirmay yozma javob yuboradi. Qonunchilik palatasi deputatining soʻroviga javob oʻz nomiga soʻrov yuborilgan mansabdor shaxs yoki uning vazifalarini vaqtincha bajarayotgan shaxs tomonidan imzolanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisidagi vakolatli vakili Qonunchilik palatasi deputatining Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi aʼzolariga, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining mansabdor shaxslariga yuborilgan soʻroviga oʻz vaqtida javob yuborilishini taʼminlashga koʻmaklashadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, Bosh prokurori, surishtiruv va tergov organlari rahbarlari nomiga yoʻllangan deputat soʻrovi ularning ish yurituvidagi muayyan ishlar va materiallarga taalluqli boʻlishi mumkin emas.
