30-modda. Qonunchilik palatasi deputatini daxlsizlik huquqidan mahrum etish toʻgʻrisidagi masalalarni koʻrib chiqish
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida (522-II-son) · Sana: 29.08.2003 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining Qonunchilik palatasi deputatini jinoiy javobgarlikka tortish, ushlab turish, qamoqqa olish yoki unga nisbatan sud tartibida beriladigan maʼmuriy jazo choralarini qoʻllashga rozilik olish toʻgʻrisidagi taqdimnomalari Qonunchilik palatasi tomonidan, Qonunchilik palatasining sessiyalari oraligʻidagi davrda esa uning Kengashi tomonidan koʻrib chiqilib, keyinchalik Qonunchilik palatasi Kengashining ushbu masala yuzasidan qarori Qonunchilik palatasining sessiyasida tasdiqlanadi.
Qonunchilik palatasining yoki uning Kengashining Qonunchilik palatasi deputatini daxlsizlik huquqidan mahrum etishga rozilik berish toʻgʻrisidagi qarori yashirin ovoz berish orqali qabul qilinadi.
Qonunchilik palatasining yoki uning Kengashining Qonunchilik palatasi deputatini jinoiy javobgarlikka tortish, ushlab turish, qamoqqa olish yoki unga nisbatan sud tartibida beriladigan maʼmuriy jazo choralarini qoʻllashga rozilik berish masalasi yuzasidan qarori darhol Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga yuboriladi.
