27-modda. Oʻzbekiston Respublikasining referendumini oʻtkazish va uni oʻtkazish sanasini tayinlash haqidagi masalani koʻrib chiqish
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida (522-II-son) · Sana: 29.08.2003 · Amalda
Qonunchilik palatasi Oʻzbekiston Respublikasining referendumini oʻtkazish kerakligi toʻgʻrisidagi materiallarni va masʼul qoʻmitaning xulosasini koʻrib chiqib, quyidagi qarorlardan birini qabul qilishi mumkin:
referendum tayinlash va uni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida;
referendumni oʻtkazish toʻgʻrisidagi tashabbusni rad etish haqida;
referendum oʻtkazmasdan turib, referendum oʻtkazish toʻgʻrisidagi tashabbusda taklif qilingan qonunni yoki boshqa qarorni qabul qilish haqida.
Qonunchilik palatasining Oʻzbekiston Respublikasining referendumi masalasi yuzasidan qarori mazkur qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch kun ichida Senatga, shuningdek referendum oʻtkazish tashabbuskorlariga yuboriladi.
Agar Qonunchilik palatasi Oʻzbekiston Respublikasining referendumini oʻtkazish toʻgʻrisidagi tashabbusni rad etish haqida qaror qabul qilsa, ayni shu mazmun yoki maʼnodagi taʼrif bilan referendum oʻtkazish toʻgʻrisidagi masala kamida bir yildan keyin Qonunchilik palatasiga koʻrib chiqish uchun takroran kiritilishi mumkin.
