192-modda. Qonunchilik palatasi tomonidan qonunchilik taklifini koʻrib chiqish
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida (522-II-son) · Sana: 29.08.2003 · Amalda
Qonunchilik palatasi Spikeri masʼul qoʻmitani belgilaydi, qonunchilik taklifini hamda unga ilova qilingan materiallarni masʼul qoʻmitaga va bir vaqtning oʻzida fraksiyalarga topshiradi, shuningdek fraksiyalar tomonidan fikrlar va takliflarni hamda masʼul qoʻmita tomonidan xulosani taqdim etish muddatini belgilaydi.
Qonunchilik taklifini Qonunchilik palatasi koʻrib chiqishiga qabul qilish mumkinligi toʻgʻrisidagi takliflarni ishlab chiqish uchun qonunchilik taklifi ustida ishlash fraksiyalar va masʼul qoʻmita tomonidan bir vaqtning oʻzida amalga oshiriladi. Bunda fraksiyalarning qonunchilik taklifi boʻyicha fikrlari va takliflarisiz masʼul qoʻmita ushbu qonunchilik taklifi yuzasidan oʻz xulosasini chiqarish huquqiga ega emas.
Masʼul qoʻmita imzolarning ushbu Qonun 191-moddasining talablariga muvofiqligini belgilangan tartibda tekshiradi.
Masʼul qoʻmita barcha fraksiyalardan qonunchilik taklifi boʻyicha fikrlar va takliflarni toʻplab, Qonunchilik palatasi Kengashiga qonunchilik taklifini Qonunchilik palatasi koʻrib chiqishi uchun qabul qilish mumkinligi toʻgʻrisida belgilangan muddatda xulosa taqdim etadi.
Qonunchilik palatasi Kengashi masʼul qoʻmitaning xulosasi asosida, fraksiyalarning fikrlari va takliflarini hisobga olgan holda qonunchilik taklifini Qonunchilik palatasi koʻrib chiqishi uchun qabul qilish toʻgʻrisida yoki qonunchilik taklifi ushbu Qonunning 191-moddasida belgilangan talablarga muvofiq boʻlmagan taqdirda uni qonunchilik taklifi tashabbuskoriga qaytarish haqida qaror qabul qiladi.
Aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilganidan keyin qonunchilik taklifi Qonunchilik palatasi koʻrib chiqishi uchun yangidan kiritilishi mumkin.
Qonunchilik taklifi Qonunchilik palatasi koʻrib chiqishi uchun qabul qilinayotganda qonunchilik taklifini palata majlisida koʻrib chiqishga tayyorlash muddati uning Kengashi tomonidan belgilanishi shart.
Koʻrib chiqish uchun qabul qilingan qonunchilik taklifi unga ilova qilingan materiallar bilan Qonunchilik palatasining qoʻmitalariga yuboriladi.
Qonunchilik taklifini dastlabki tarzda muhokama qilish va Qonunchilik palatasida koʻrib chiqishga tayyorlash masʼul qoʻmita tomonidan amalga oshiriladi.
Fraksiyalar qonunchilik taklifini dastlabki tarzda muhokama qilish yakunlariga koʻra masʼul qoʻmitaga oʻz fikrlari va takliflarini taqdim etadi.
