Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar boʻyicha arzon uy-joylar qurish uchun beriladigan ipoteka kreditlari boʻyicha garov taʼminotini rasmiylashtirish tartibini soddalashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (856-son)
23.10.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 21-oktabrdagi PQ-2639-son qarori bilan tasdiqlangan 2017 — 2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar boʻyicha arzon uy-joylar qurish dasturini samarali amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 23-oktabr,
856-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 23-oktabrdagi 856-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 25-maydagi 148-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2009-y., 5-son, 40-modda) bilan tasdiqlangan Yakka tartibda hamda qishloq joylarda namunaviy loyihalar boʻyicha yangi tiplardagi arzon uy-joylar qurilishida qatnashuvchi tijorat banklari — “Qishloq qurilish bank” ATB, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, “Ipoteka bank” ATIB, AT “Xalq banki”, “Asaka bank” ATB va “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB tomonidan imtiyozli ipoteka krediti berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:
a) 2-bandda:
quyidagi mazmundagi oʻn ikkinchi xatboshi qoʻshilsin:
“qonun asosidagi ipoteka — kredit shartnomasi boʻyicha qarz oluvchining majburiyatlarini taʼminlash uchun qoʻllaniladigan ipoteka turi boʻlib, bunda qonun asosidagi ipotekaning vujudga kelishiga olib keluvchi kredit shartnomasi qonun asosidagi ipotekaning davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi uchun asos boʻladi”;
oʻn ikkinchi — oʻn sakkizinchi xatboshilari, tegishli ravishda oʻn uchinchi — oʻn toʻqqizinchi xatboshilar deb hisoblansin;
b) 13-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“13. Yer uchastkasi bilan birga barpo etilayotgan uy-joy yoki arzon uy-joy ipotekasi qarz oluvchining ipoteka kreditini toʻlash boʻyicha majburiyatlarining taʼminlanishi hisoblanadi.
Agar bank bilan qarz oluvchining kelishuvida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, yer uchastkasi bilan birga barpo etilayotgan uy-joy yoki arzon uy-joyga ipoteka qonun asosida vujudga keladi”;
v) 17-bandning toʻrtinchi va yettinchi xatboshilariga “qonun asosidagi ipoteka vujudga kelgan holatlar bundan mustasno” soʻzlari qoʻshilsin;
g) 28-bandning “g” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“g) qarz oluvchi Oʻzbekiston Respublikasi “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi organlarida qonun asosidagi ipotekani belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazishi shart. Bank bilan qarz oluvchi oʻrtasidagi kelishuvga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasining “Ipoteka toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq notarial guvohlantiriladigan va davlat roʻyxatidan oʻtkaziladigan ipoteka shartnomasi tuzilishi mumkin (namunaviy shakli 3-ilovaga muvofiq)”;
d) 29-bandning “ipoteka toʻgʻrisidagi shartnomani” soʻzlaridan keyin “qonun asosidagi ipoteka vujudga kelgan holatlar bundan mustasno” soʻzlari qoʻshilsin;
j) 31-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“31. Uy-joy yoki arzon uy-joy qurilishi tugallangandan keyin qarz oluvchi bir hafta muddatda, tuman hokimi tomonidan tuzilgan qabul qilib olish komissiyasiga uy-joyni yoki arzon uy-joyni foydalanishga qabul qilib olish toʻgʻrisidagi ariza bilan murojaat qiladi. Qabul qilib olish komissiyasi tomonidan uy-joyni yoki arzon uy-joyni foydalanishga qabul qilib olish dalolatnomasi tuzilgandan va u tuman hokimi qarori bilan tasdiqlangandan keyin qarz oluvchi bir oy muddatda:
a) bankka tuman hokimining uy-joyni yoki arzon uy-joyni foydalanishga qabul qilib olish dalolatnomasini tasdiqlash toʻgʻrisidagi qarori nusxasini taqdim etishi;
b) qurilgan uy-joyga yoki arzon uy-joyga mulk huquqini hamda qonun asosidagi ipotekani Oʻzbekiston Respublikasi “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi organlarida davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlashi, shundan soʻng bankka uy-joyga yoki arzon uy-joyga roʻyxatdan oʻtkazilgan mulk huquqi toʻgʻrisidagi hujjat nusxasini va qonun asosidagi ipoteka davlat roʻyxatidan oʻtkazilgani toʻgʻrisidagi shtamp qoʻyilgan kredit shartnomasini taqdim etishi;
v) uy-joyni yoki arzon uy-joyni kredit shartnomasi amal qiladigan muddatda yoʻqolish va shikastlanish tavakkalchiliklaridan sugʻurta qilishi, shundan soʻng bankka sugʻurta shartnomasini va sugʻurta polisini taqdim etishi shart. Bunda sugʻurta shartnomasida har yili toʻlanadigan sugʻurta mukofotini toʻlash nazarda tutilishi mumkin;
g) agar bank bilan qarz oluvchi ipoteka krediti tuzish toʻgʻrisida oʻzaro kelishuvga erishgan boʻlsa — bank bilan uy-joy yoki arzon uy-joy ipotekasi toʻgʻrisida shartnoma tuzishi, uni notarial tasdiqlashi va roʻyxatdan oʻtkazishi, soʻngra bankka taqdim etishi shart”;
i) 2-ilovada:
2.1-bandda:
quyidagi mazmundagi oʻn ikkinchi xatboshi qoʻshilsin:
“qonun asosidagi ipoteka — kredit shartnomasi boʻyicha qarz oluvchining majburiyatlarini taʼminlash uchun qoʻllaniladigan ipoteka turi boʻlib, bunda qonun asosidagi ipotekaning vujudga kelishiga olib keluvchi kredit shartnomasi qonun asosidagi ipotekaning davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi uchun asos boʻladi”;
oʻn ikkinchi — oʻn toʻqqizinchi xatboshilari tegishli ravishda oʻn uchinchi — yigirmanchi xatboshilar deb hisoblansin;
oʻn sakkizinchi xatboshidagi “ipotekani rasmiylashtirish uchun xarajatlar” soʻzlaridan keyin “qonun asosidagi ipoteka vujudga kelishi holatlari bundan mustasno” soʻzlari qoʻshilsin”;
5.7-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“5.7. Uy-joy yoki arzon uy-joy qurilishi tugallangandan keyin qarz oluvchi bir hafta muddatda, tuman hokimi tomonidan tuziladigan qabul qilib olish komissiyasiga uy-joyni foydalanishga qabul qilib olish toʻgʻrisidagi ariza bilan murojaat qiladi. Qabul qilib olish komissiyasi tomonidan uy-joyni yoki arzon uy-joyni foydalanishga qabul qilib olish dalolatnomasi tuzilgandan va u tuman hokimining qarori bilan tasdiqlangandan keyin qarz oluvchi bir oy muddatda:
a) bankka tuman hokimining uy-joyni yoki arzon uy-joyni foydalanishga qabul qilib olish dalolatnomasini tasdiqlash toʻgʻrisidagi qarori nusxasini taqdim etishi;
b) qurilgan uy-joyga yoki arzon uy-joyga mulk huquqini hamda qonun asosidagi ipotekani Oʻzbekiston Respublikasi “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi organlarida davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlashi, shundan soʻng bankka uy-joyga yoki arzon uy-joyga roʻyxatdan oʻtkazilgan mulk huquqi toʻgʻrisidagi hujjat nusxasini va qonun asosidagi ipoteka davlat roʻyxatidan oʻtkazilgani toʻgʻrisidagi shtamp qoʻyilgan kredit shartnomasini taqdim etishi;
v) uy-joyni yoki arzon uy-joyni kredit shartnomasi amal qiladigan muddatda yoʻqolish va shikastlanish tavakkalchiliklaridan sugʻurta qilishi, shundan soʻng bankka sugʻurta shartnomasini va sugʻurta polisini taqdim etishi shart. Bunda sugʻurta shartnomasida har yili toʻlanadigan sugʻurta mukofotini toʻlash nazarda tutilishi mumkin;
g) agar bank bilan qarz oluvchi ipoteka krediti tuzish toʻgʻrisida oʻzaro kelishuvga erishgan boʻlsa — bank bilan uy-joyni yoki arzon uy-joyni ipoteka shartnomasini tuzishi, uni notarial guvohlantirishi va roʻyxatdan oʻtkazishi, shundan keyin bankka taqdim etishi shart”;
6.3-bandning uchinchi xatboshiga “qonun asosidagi ipoteka vujudga kelish holatlari bundan mustasno” soʻzlari qoʻshilsin;
9.2.1-bandning “b” kichik bandiga “qonun asosidagi ipoteka vujudga kelish holatlari bundan mustasno” soʻzlari qoʻshilsin;
9.2.9-band chiqarib tashlansin.
2. Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 26-oktabrdagi 280-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2009-y., 9-10-son, 68-modda) bilan tasdiqlangan “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi ishtirokida yakka tartibda uy-joy qurilishini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:
a) 2-bandda:
quyidagi mazmundagi toʻqqizinchi xatboshi qoʻshilsin:
“qonun asosidagi ipoteka — kredit shartnomasi boʻyicha qarz oluvchining majburiyatlarini taʼminlash uchun qoʻllaniladigan ipoteka turi boʻlib, bunda qonun asosidagi ipotekaning vujudga kelishiga olib keluvchi kredit shartnomasi qonun asosidagi ipotekaning davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi uchun asos boʻladi”;
b) 17 va 18-bandlar quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“17. Kredit komissiyasi (kredit qoʻmitasi) tomonidan ipoteka krediti ajratish toʻgʻrisida ijobiy qaror qabul qilinganidan keyin kredit shartnomasi (namunaviy shakli ushbu Nizomga 3 va 3a-ilovalarga muvofiq) rasmiylashtiriladi.
18. Yer uchastkasi bilan birgalikda qurilayotgan uy-joyning yoki arzon uy-joyning ipotekasi ipoteka kreditini qaytarish boʻyicha qarz oluvchining majburiyatlari taʼminlanishi hisoblanadi.
Bankning kredit komissiyasi (qoʻmitasi) qarori asosida qarz oluvchining mulkida va/yoki yuridik va jismoniy shaxslarning kafilligida boʻlgan boshqa koʻchmas mulk ham ipoteka kreditini qoʻshimcha taʼminlash sifatida qabul qilinishi mumkin.
Agar bank bilan qarz oluvchi oʻrtasida boshqa kelishuv boʻlmasa, yer uchastkasi bilan birga barpo etilayotgan uy-joy yoki arzon uy-joyga ipoteka qonun asosida vujudga keladi”;
v) 181-banddagi “Bunda qurilayotgan uy-joyni yoki arzon uy-joyni baholash oʻtkazilgan tanlov savdolari natijalariga muvofiq amalga oshiriladi” soʻzlari chiqarib tashlansin.
g) 183-bandning ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Kredit shartnomasi kredit shartnomasida nazarda tutilgan holatlarda muddatidan oldin bekor qilinganda qurilayotgan (qurilgan) uy-joy yoki arzon uy-joy boshqa yakka tartibdagi quruvchiga qonunchilikda belgilangan tartibda sotiladi”;
d) 36-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“36. Uy-joy yoki arzon uy-joy qabul qilish-topshirish dalolatnomasi boʻyicha injiniring kompaniyasi tomonidan yakka tartibda imorat quruvchiga berilgandan keyin yakka tartibda imorat quruvchi qurilgan uy-joyga yoki arzon uy-joyga mulk huquqini Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi organlarida davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini bir oy muddatda taʼminlashi, shundan keyin bankka uy-joyga yoki arzon uy-joyga mulk huquqi roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi hujjatning nusxasini va qonun asosidagi ipoteka davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi shtamp qoʻyilgan kredit shartnomasini taqdim etishi shart.
Ipoteka qonun asosida elektron shaklda roʻyxatga olinishi mumkin.
Ipoteka qonun asosida elektron shaklda davlat roʻyxatidan oʻtkazilib, uy-joy yoki arzon uy-joy qabul qilish-topshirish dalolatnomasi boʻyicha injiniring kompaniyasi tomonidan yakka tartibda imorat quruvchiga berilgandan keyin, mulk huquqini Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi organlarida davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlash uchun bank filiali imzolangan kredit shartnomasi va topshirish-qabul qilish dalolatnomasining elektron nusxasini axborot tizimi orqali bir oy muddatda yuborishi shart.
Oʻzbekiston Respublikasi “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi organi qurilgan uy-joy yoki arzon uy-joy va qonun asosidagi ipotekaning qonunchilikda belgilangan muddatlarda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlashi, keyin esa qonun asosidagi ipoteka davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi belgi qoʻyilgan kredit shartnomasining elektron nusxasini bankka yuborishi kerak.
Qurilgan uy-joy yoki arzon uy-joy hamda qonun asosidagi ipoteka davlat roʻyxatiga olingandan keyin bir hafta muddat ichida Oʻzbekiston Respublikasi “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi organi yakka tartibda imorat quruvchiga tegishli xabarnoma yuborishi shart”;
j) quyidagi mazmundagi 361-band qoʻshilsin:
“361. Tomonlar oʻrtasida uy-joy yoki arzon uy-joy qurilishi toʻgʻrisida shartnoma tuzilganda, uy-joy yoki arzon uy-joy injiniring kompaniyasi tomonidan yakka tartibda imorat quruvchiga topshirish-qabul qilish dalolatnomasi bilan topshirilganidan keyin yakka tartibda imorat quruvchi qurib topshirilgan uy-joy yoki arzon uy-joyning Oʻzbekiston Respublikasi “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi organida davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlab, uy-joy yoki arzon uy-joyga mulk huquqi roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi hujjatning nusxasini bir oy muddatda bankka taqdim etishi shart”;
i) 3-ilovada:
6.3-bandning toʻrtinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
9.2.1-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“9.2.1. Mazkur shartnoma imzolangan kundan boshlab 30 (oʻttiz) kungacha boʻlgan muddatda Bank xodimi bilan ipoteka predmetini yoʻqolish va shikastlanish tavakkalchiliklaridan sugʻurta qilish shartnomasini tuzish”;
9.2.6 va 9.2.7-bandlar chiqarib tashlansin;
10.1-bandning sakkizinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“ushbu shartnoma bilan bogʻliq boʻlgan boshqa shartnomalar (sugʻurta va boshqalar) shartlarining buzilishi”;
11.1-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“11.1. Bank ushbu shartnoma shartlari bilan garov bilan taʼminlangan majburiyatning bajarilmaganligi yoki zarur darajada bajarilmaganligi tufayli kelib chiqqan talablarni ushbu mulk hisobiga qondirish uchun undirishni majburiyatlarni taʼminlash sifatida garovga qoʻyilgan mol-mulkka qaratishga haqlidir.”;
k) quyidagi mazmundagi 3a-ilova qoʻshilsin:
“Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi ishtirokida yakka tartibda uy-joy qurilishini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3a-ILOVA”
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.10.2018-y., 09/18/856/2093-son)
