9-modda. Uchastka soliq inspektori
Davlat soliq xizmati toʻgʻrisida (474-I-son) · Sana: 29.08.1997 · Amalda
Soliq toʻlovchilar, soliq solish obyektlari hamda soliq solish bilan bogʻliq obyektlar toʻliq va oʻz vaqtida hisobga olinishini taʼminlash maqsadida davlat soliq xizmati organlarida uchastka soliq inspektorlari lavozimi tashkil etiladi. Uchastkalarning chegaralari, shuningdek uchastka soliq inspektorlarining soni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan normativlar boʻyicha belgilanadi.
Uchastka soliq inspektorlari oʻzlariga biriktirilgan uchastkada mol-mulk soligʻi va yer soligʻi toʻlovchi jismoniy shaxslarni, shuningdek tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanayotgan jismoniy shaxslarni hisobga olish yuzasidan tegishli ishlarni bajaradilar hamda ular tegishli soliqlarni oʻz vaqtida toʻlashlarini nazorat qiladilar.
