6-modda. Davlat soliq xizmati organlarining majburiyatlari
Davlat soliq xizmati toʻgʻrisida (474-I-son) · Sana: 29.08.1997 · Amalda
Davlat soliq xizmati organlari:
1) soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishi, soliqlarning toʻgʻri hisoblab chiqarilishi, budjetga va davlat maqsadli jamgʻarmalariga toʻliq hamda oʻz vaqtida toʻlanishi, shuningdek fuqarolarning shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga jamgʻarib boriladigan majburiy pensiya badallarining toʻgʻri va toʻliq hisoblab chiqarilishi hamda oʻz vaqtida kiritilishi yuzasidan davlat nazoratini amalga oshirishi, ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etishi;
2) soliq toʻlovchilarning huquqlarini hamda qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini himoya qilishi;
3) soliq toʻlovchilar, soliq solish obyektlari va soliq solish bilan bogʻliq obyektlar, hisoblab chiqarilgan va toʻlangan soliqlarning toʻliq va oʻz vaqtida hisobga olinishini, shuningdek jismoniy shaxslarning tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish tartibiga rioya etishlari yuzasidan nazoratni taʼminlashi;
4) soliq tekshiruvlari oʻtkazilayotganda soliq toʻlovchilarga ularning huquqlari va majburiyatlarini maʼlum qilishi, shuningdek tekshirishlarni tartibga solishga doir qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya etishi;
5) soliq toʻlovchilarga oʻtkazilgan tekshiruvlar natijalari toʻgʻrisida maʼlum qilishi;
6) soliq toʻlovchilarga soliq toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarini oʻz vaqtida yetkazishi;
7) soliq toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilganligi faktlarini yigʻishi, tahlil etishi va baholashi hamda soliqlarga oid huquqbuzarliklarga yoʻl ochib berayotgan sabablar va sharoitlarni bartaraf etish toʻgʻrisida tegishli organlarga takliflar kiritishi;
8) huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birgalikda soliqlarga oid huquqbuzarliklarga qarshi kurashning uzoq muddatli va joriy dasturlarini ishlab chiqishi hamda amalga oshirishi;
9) soliqlar toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilganligi toʻgʻrisidagi arizalarni, xabarlar va boshqa axborotni tekshirishi;
10) davlatga yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga meros huquqi boʻyicha oʻtgan xazinalar va mol-mulkning hisobini yuritishi, ularni baholashi hamda ularning oʻtkazilishini nazorat etishi;
11) davlat daromadiga oʻtkazilgan mol-mulkning realizatsiya qilinishidan olingan pul mablagʻlarining davlat daromadiga toʻliq va oʻz vaqtida tushishi yuzasidan nazorat olib borishi, shuningdek davlat organlariga tekin oʻtkazilgan mol-mulk hisobini olib borishi;
