3-modda. Davlat soliq xizmati organlari
Davlat soliq xizmati toʻgʻrisida (474-I-son) · Sana: 29.08.1997 · Amalda
Davlat soliq xizmati organlari quyidagilardir: Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat soliq boshqarmalari, shuningdek tumanlar, shaharlar va shahardagi tumanlar davlat soliq inspeksiyalari.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tarkibida hududiy boʻlinmalarga ega boʻlgan: soliq toʻlovchilar – yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va jismoniy shaxslarning nazorat hamda hujjat asosidagi tekshiruvini va moliya-xoʻjalik faoliyati taftishini amalga oshiruvchi maxsus nazorat-taftish boʻlinmasi, shuningdek davlat soliq xizmati organlarida rejim va xodimlar bilan ishlash boʻyicha maxsus boʻlinma tuziladi.
Davlat soliq xizmati organlari oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, ushbu Qonunga, boshqa qonunchilik hujjatlariga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga amal qiladi.
Davlat soliq xizmati organlari oʻz faoliyatini davlat boshqaruv organlaridan, mahalliy davlat hokimiyati organlaridan mustaqil tarzda qonunchilikka muvofiq amalga oshiradi.
Davlat soliq xizmati organlarining oʻz vakolatlari doirasida qabul qiladigan qarorlari barcha soliq toʻlovchilar — yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va jismoniy shaxslar uchun majburiydir.
Davlat soliq xizmati organlari yuridik shaxslar boʻlib, respublika budjeti mablagʻlari hisobidan taʼminlanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri tushirilgan va oʻz nomi bitilgan muhrga ega boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi markaziy apparati tuzilmasi, uning xodimlari cheklangan soni bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi toʻgʻrisidagi Nizom, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat soliq boshqarmalari, tumanlar, shaharlar va shahardagi tumanlar davlat soliq inspeksiyalarining namunaviy tuzilmasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
