15-modda. Davlat soliq xizmati organlari mansabdor shaxslarining moddiy va ijtimoiy taʼminoti
Davlat soliq xizmati toʻgʻrisida (474-I-son) · Sana: 29.08.1997 · Amalda
Davlat soliq xizmati organlari mansabdor shaxslarining ish haqi — mansab maoshi, maxsus unvon, koʻp yil xizmat qilganligi uchun toʻlanadigan ustama haqlar hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan tartibda toʻlanadigan boshqa qoʻshimcha haqlardan iborat boʻladi.
Maxsus unvon berilgan shaxslar belgilangan normalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan namunadagi bepul maxsus formali kiyim-bosh bilan taʼminlanadilar.
Davlat soliq xizmati organlarida maxsus fond tashkil etilishi mumkin, uni hosil qilish tartibi qonunchilikda belgilab qoʻyiladi.
Davlat soliq xizmati organlarining mansabdor shaxslariga davomiyligi yigirma toʻrt ish kunidan iborat boʻlgan haq toʻlanadigan har yilgi taʼtillar beriladi. Davlat soliq xizmati organlarining oʻn besh yildan ortiq ish stajiga ega boʻlgan mansabdor shaxslariga davomiyligi besh ish kunidan, yigirma besh yildan ortiq ish stajiga ega boʻlgan mansabdor shaxslariga esa davomiyligi oʻn ish kunidan iborat boʻlgan haq toʻlanadigan qoʻshimcha taʼtillar berilishi mumkin. Bunda taʼtillar uchun haq toʻlash qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
