5-modda. Tabiiy monopoliya subyektlari faoliyati ustidan davlat nazorati
Tabiiy monopoliyalar toʻgʻrisida (398-I-son) · Sana: 24.04.1997 · Amalda
Tabiiy monopoliya subyektlari faoliyati ustidan davlat nazorati monopoliyaga qarshi davlat organi tomonidan amalga oshiriladi.
Monopoliyaga qarshi davlat organi quyidagilarni nazorat qiladi:
amalga oshirilishi natijasida tabiiy monopoliya subyekti asosiy vositalarga nisbatan mulk huquqini oladigan yoki tovarlar ishlab chiqarish (realizatsiya qilish) uchun moʻljallanmagan, ularga nisbatan davlat tartibga solishi qoʻllaniladigan asosiy vositalardan foydalanish huquqini qoʻlga kiritadigan bitimlar ustidan, agar bunday asosiy vositalarning balans qiymati tabiiy monopoliya subyekti oʻz kapitali qiymatining oʻn foizidan ortiq boʻlsa;
asosiy vositalarni lizing asosida isteʼmolchiga berish ustidan;
amalga oshirilishi natijasida tabiiy monopoliya subyekti ushbu Qonunga muvofiq asosiy vositalarga nisbatan tartibga solish qoʻllaniladigan, tovarlar ishlab chiqarish (realizatsiya qilish) uchun moʻljallangan asosiy vositalarning bir qismiga nisbatan mulk huquqini yoxud ularga egalik qilish va (yoki) ulardan foydalanish huquqini xoʻjalik yurituvchi boshqa subyektga oʻtkazadigan bitimlar ustidan, agar bunday asosiy vositalarning balans qiymati tabiiy monopoliya subyekti oʻz kapitali qiymatining oʻn foizidan ortiq boʻlsa.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan harakatlarni amalga oshirish uchun tabiiy monopoliya subyekti monopoliyaga qarshi davlat organiga tegishli axborot hamda bunday harakatlarni amalga oshirishga rozilik soʻrab iltimosnoma taqdim etishi shart.
Iltimosnomani koʻrib chiqish tartibi, bunday axborotning mazmuni va uni taqdim etish shakliga doir talablar monopoliyaga qarshi davlat organi tasdiqlaydigan qoidalarda belgilanadi.
Agar iltimosnomada bayon qilingan harakatlar salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin boʻlsa, shuningdek arizachi barcha zarur hujjatlarni taqdim etmagan yoxud ulardagi maʼlumotlar ishonchsiz boʻlsa, monopoliyaga qarshi davlat organi iltimosnomani qondirishni rad etishga haqli.
Monopoliyaga qarshi davlat organi iltimosnoma olingan kundan boshlab oʻttiz kundan kechiktirmay oʻz qarorini arizachiga yozma ravishda xabar qiladi.
Monopoliyaga qarshi davlat organi arizachidan qoʻshimcha hujjatlar soʻrab olishga va basharti, bunday soʻrov iltimosnoma olingan kundan eʼtiboran oʻn besh kundan kechiktirmay uni koʻrib chiqish muddati uzaytirilganligi toʻgʻrisidagi xabarnoma bilan birgalikda arizachiga yuborilgan boʻlsa, iltimosnomani koʻrib chiqish muddatini uzaytirishga haqli.
