Fargʻona viloyatining Yozyovon tumanida sanoat, xizmatlar sohasi va qishloq xoʻjaligini rivojlantirish orqali aholi bandligini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (839-son)
20.10.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Fargʻona viloyatining Yozyovon tumanida ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar amalga oshirilishini oʻrganishda Respublika ishchi guruhi tomonidan aniqlangan muammolarni bartaraf etish, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, yangi ish oʻrinlari tashkil etish orqali aholining bandligi va turmushi darajasini yanada oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
respublika ishchi guruhi tomonidan mahallalarni uyma-uy aylanib chiqish, ijtimoiy soha obyektlariga va ishlab chiqarish obyektlariga tashrif buyurish orqali Fargʻona viloyatining Yozyovon tumanida ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning amalga oshirilishini kompleks oʻrganib chiqilgani;
Fargʻona viloyatining Yozyovon tumanida amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni oʻrganish yakunlari boʻyicha mahalla, tuman va viloyat darajalarida hal qilinishi talab etiladigan tizimli muammolar va kamchiliklarni bartaraf etishga yoʻnaltirilgan “yoʻl xaritalari” ishlab chiqilgani va tasdiqlangani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. 2018-2019-yillarda Fargʻona viloyatining Yozyovon tumanida kafolatli ish oʻrinlari tashkil etish hamda sanoat, xizmatlar sohasi va qishloq xoʻjaligini rivojlantirish loyihalarining manzilli roʻyxati ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Fargʻona viloyati hokimligi:
manfaatdor davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, tijorat banklari, loyihalarning tashabbuskorlari bilan birgalikda tasdiqlangan manzilli roʻyxat parametrlari soʻzsiz bajarilishini taʼminlasin va bu boradagi investitsiya loyihalarining oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishini, ishlab chiqarishning moʻljallangan hajmlari oʻzlashtirilishini va yangi ish oʻrinlari tashkil etilishini nazarda tutsin;
muammoli masalalarni muntazam ravishda koʻrib chiqib, ularni hal etish yuzasidan tezkor va amaliy zarur chora-tadbirlarni amalga oshirgan holda, loyihalar bajarilishining tizimli monitoringini olib borsin.
4. Fargʻona viloyati hokimligiga Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi va xizmat koʻrsatuvchi tijorat banklari bilan kelishgan holda, mazkur qaror bilan tasdiqlangan manzilli roʻyxatga loyihalarning qiymatini va ish oʻrinlari sonini saqlab qolish sharti bilan, zarurat boʻlganda, oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
5. Fargʻona viloyati hokimligi Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi va “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi bilan birgalikda logistika markazi va baliqchilik kompleksini tashkil etish loyihalarini 2019-yilning yakuniga qadar amalga oshirish uchun salohiyatli investorlarni jalb etish choralarini koʻrsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi, Fargʻona viloyati hokimligi va tegishli sektor rahbarlari bir oy muddatda doimiy band boʻlmagan aholini Yozyovon suv ombori akvatoriyasida baliqchilikni rivojlantirishga jalb etish boʻyicha quyidagilar yuzasidan takliflarni ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
200 ta baliq yetishtiriladigan qafas sotib olish va oʻrnatish, keyinchalik ularni kam taʼminlangan oilalardan boʻlgan ishsiz fuqarolarga kamida 3 yil muddatga ular ijaraga olinganidan boshlab ijara toʻlovlarini 6 oy mobaynida kechiktirgan holda ijaraga berish;
“Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasining Fargʻona viloyati boʻlimi tomonidan ishsiz fuqarolarni qisqa muddatda baliqchilikka oʻqitish.
Belgilab qoʻyilsinki, yagona agrar-texnologik siyosat asosida baliqchilikni tashkil etish, baliqchilik qafaslari, ozuqa va boshqa zarur moddiy resurslar bilan taʼminlash, shuningdek, yetishtirilgan baliq mahsulotlarini olish va sotish Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hamda Fargʻona viloyati hokimligi huzuridagi Yangi ish oʻrinlarini tashkil etishni ragʻbatlantirish hududiy jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga teng ulushlarda amalga oshiriladi.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Oʻzbekiston Respublikasi Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan:
yangi ish oʻrinlari tashkil etilishini nazarda tutuvchi loyihalarni amalga oshirish uchun Yozyovon tumanining kichik tadbirkorlik subyektlari, fermer va dehqon xoʻjaliklariga, oilaviy tadbirkorlik subyektlariga tijorat banklarining kredit liniyalari orqali 1,5 mlrd soʻm miqdorida mikrokreditlar berish;
tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagi boʻlgan, bandlikka koʻmaklashish markazlarida roʻyxatdan oʻtgan 100 nafar ishsiz fuqaroga yakka tartibdagi tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtish, kichik korxona va mikrofirmalarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun xarajatlarini toʻlash uchun eng kam ish haqining 2 baravari miqdorida bir martalik subsidiyalar ajratish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
8. Fargʻona viloyati hokimligi:
Yozyovon tumani madaniyat va istirohat bogʻi hududida joylashgan aholi dam olishi markazining rekonstruksiya qilinishi va mukammal taʼmirlanishini taʼminlasin, bunda markazda 400 kishiga moʻljallangan tomosha zalini, toʻgaraklar uchun auditoriya hamda tuman kutubxonasini tashkil etish nazarda tutilsin;
“Bahor” mahalla fuqarolar yigʻini hududida oʻrnatilgan “Urush yoʻllarida” haykali mukammal taʼmirlanishini va unga tutash hudud obodonlashtirilishini taʼminlasin.
9. Fargʻona viloyati hokimligi, tegishli sektorlarning rahbarlari Fargʻona viloyatining Yozyovon tumanida amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni kompleks oʻrganish yakunlari boʻyicha tasdiqlangan “yoʻl xaritalari”ning soʻzsiz bajarilishi yuzasidan amaliy nazoratni taʼminlasinlar.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov va Fargʻona viloyati hokimi Sh.M. Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 20-oktabr,
839-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 20-oktabrdagi 839-son qaroriga ILOVA
2018-2019-yillarda Fargʻona viloyatining Yozyovon tumanida kafolatli ish oʻrinlari tashkil etish hamda sanoat, xizmatlar sohasi va qishloq xoʻjaligini rivojlantirish loyihalarining
MANZILLI ROʻYXATI
