Teleradioeshittirish sohasida radiochastota spektridan samarali foydalanishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida (592-son)
20.12.2004
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Radiochastota spektri toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, shuningdek radiochastota spektridan samarali foydalanishni taʼminlash, fuqarolarning maʼnaviy ehtiyojlariga, zamonaviy texnik talablar va standartlarga javob beradigan sifatli va badiiy jihatdan yuksak teleradioeshittirishlarni tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilab qoʻyilsinki, 2005-yil 1-fevraldan boshlab radiochastotalarni taqsimlash hamda televideniye koʻrsatuvlari va radioeshittirishlarni tarqatish (translyatsiya qilish) sohasida faoliyatni amalga oshirish huquqiga yakka tartibdagi litsenziyalar berish tanlov asosida amalga oshiriladi.
2. Belgilansinki:
radiochastotalarni taqsimlash va teleradioeshittirish sohasida faoliyatni amalga oshirish huquqiga yakka tartibdagi litsenziyalar berish uchun tanlovlarni tashkil etish va oʻtkazish Axborot faoliyati hamda maʼlumotlar uzatishni takomillashtirish va samaradorligini oshirish boʻyicha idoralararo muvofiqlashtiruvchi komissiyaga yuklanadi;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan, taʼsis hujjatlarida ommaviy axborot vositalari sohasidagi faoliyatni amalga oshirish nazarda tutilgan yuridik shaxslar tanlovda ishtirok etish uchun qoʻyiladi;
mazkur qaror chiqqunga qadar berilgan litsenziyalar asosida televideniye koʻrsatuvlari va radioeshittirishlarni tarqatish (translyatsiya qilish) sohasida faoliyatni amalga oshirayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar koʻrsatib oʻtilgan litsenziyalar muddati tamom boʻlgandan keyin tanlovda umumiy asoslarda qatnashadilar;
teleradioeshittirish sohasida radiochastotalarni berish yuzasidan tanlov oʻtkazish va uning yakunlari toʻgʻrisidagi axborot ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.
Asosiy faoliyati davlat tele va radiodasturlarni tuzish va tarqatish (translyatsiya qilish) hisoblangan yoki ustav fondida mulkning davlat ulushi kamida 50 foizni tashkil etadigan korxonalarga radiochastotalar berish va teleradioeshittirish sohasida faoliyatni amalga oshirish huquqiga yakka tartibdagi litsenziyalarni berish tanlovdan tashqari asosda amalga oshiriladi.
3. Radiochastotalarni tanlov yoʻli bilan taqsimlash va teleradioeshittirish sohasida faoliyatni amalga oshirish huquqiga yakka tartibdagi litsenziyalar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Idoralararo muvofiqlashtiruvchi komissiya (A.N. Aripov) tanlovni oʻtkazish davomida:
taqdim etilgan hujjatlar va talabgor faoliyatining Ommaviy kommunikatsiyalar sohasida monitoring markazining tegishli xulosasini hisobga olgan holda har tomonlama oʻrganib chiqilishini taʼminlasin;
teleradiodasturlarning janri, mazmunan xilma-xilligi jamiyatning maʼnaviy ehtiyojlariga, rejalashtirilayotgan setka va eshittirish hajmlariga muvofiqligini, zamonaviy talablar va standartlarga javob beradigan zarur tele va radiouskunalar mavjudligini, shuningdek litsenziya talabgorining moliyaviy-iqtisodiy imkoniyatlarini talabgor tomonidan taklif etilayotgan eshittirish konsepsiyasini baholash uchun asosiy mezonlar sifatida qabul qilsin;
tanlov qatnashchilari teleradioeshittirish obyektlarining sanitariya talablariga, yongʻin normalariga, shuningdek qoʻriqlash va xavfsizlik rejimi taʼminlanishiga muvofiqligini hisobga olsin.
5. Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi (A.N. Aripov) ikki hafta muddatda televideniye koʻrsatuvlari va radioeshittirishlarni tarqatish (translyatsiya qilish) boʻyicha faoliyatni amalga oshirayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga mazkur qarorga muvofiq radiochastotalar taqsimlanishi va teleradioeshittirish sohasida faoliyatni amalga oshirish huquqiga yakka tartibdagi litsenziyalar berish tartibi yetkazilishi va tushuntirilishini taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi (A.A. Polvon-zoda) manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda amaldagi qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiquvchi oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 20-dekabr,
592-son
Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 20-dekabrdagi 592-son qaroriga ILOVA
Radiochastotalarni tanlov yoʻli bilan taqsimlash va teleradioeshittirish sohasida faoliyatni amalga oshirish huquqiga yakka tartibdagi litsenziyalar berish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom radiochastotalarni berishga va teleradioeshittirishlarni tarqatish (translyatsiya qilish) boʻyicha faoliyatni amalga oshirish huquqiga yakka tartibdagi litsenziyalar olishga tanlov oʻtkazish (keyingi oʻrinlarda tanlov deb yuritiladi) tartibini belgilaydi.
Tanlov Oʻzbekiston Respublikasi hududida radiochastota spektridan samarali foydalanishni taʼminlash va yuqori sifatli teleradioeshittirishlarni tashkil etish maqsadida oʻtkaziladi.
2. Muayyan radiochastotada (radiotoʻlqinda) telekoʻrsatuvlar yoki radioeshittirishlarni tarqatish (translyatsiya qilish) boʻyicha faoliyatni amalga oshirish huquqiga yakka tartibdagi litsenziya berish tanlovning mavzusi hisoblanadi.
3. Asosiy faoliyati davlat televideniye radiodasturlarini shakllantirish va tarqatish (translyatsiya qilish) hisoblangan yoki ustav fondida mulkning davlat ulushi 50 foizdan tashkil etadigan korxonalarga radiochastotalar berish va teleradieshittirish sohasida faoliyatni amalga oshirish huquqiga yakka tartibdagi litsenziyalar berish tanlov oʻtkazilmasdan amalga oshiriladi.
4. Tanlov oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaror Oʻzbekiston Respublikasi Telekommunikatsiyalarni tartibga solish agentligining taklifi asosida Axborot faoliyati hamda maʼlumotlar uzatishni takomillashtirish va samaradorligini oshirish boʻyicha idoralararo muvofiqlashtiruvchi komissiya (keyingi oʻrinlarda Komissiya deb yuritiladi) tomonidan qabul qilinadi.
Tanlovni oʻtkazish va yakka tartibdagi litsenziyalarni berish mazkur Nizomga ilova qilinayotgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi (1-ilova).
II. Tanlovni oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish
5. Tanlovni oʻtkazish muddatlarini Komissiya belgilaydi.
6. Komissiya tanlov oʻtkaziladigan sanadan kamida 60 kun oldin ommaviy axborot vositalarida, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Telekommunikatsiyalarni tartibga solish agentligining rasmiy veb-saytida tanlov toʻgʻrisidagi bildirishnomani eʼlon qiladi.
Bildirishnomada quyidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak:
a) tanlovning oʻtkazilish sanasi, vaqti, joyi va shartlari;
b) teleradioeshittirishlarni tarqatish (translyatsiya qilish) uchun berilayotgan radiochastota kanali (radiochastota nominali) va qamrab olish hududi koʻrsatilgan holda undan foydalanish shartlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
v) buyurtmanomalarni qabul qilishning boshlanishi va tamom boʻlishi muddati hamda tanlovda qatnashish uchun zarur boʻlgan hujjatlar roʻyxati;
g) tanlovda qatnashishga buyurtmanoma blankasi shakli va buyurtmanomaga ilova qilinadigan hujjatlar roʻyxati;
e) buyurtmanomalar va hujjatlar qabul qilinadigan joyning manzili;
j) litsenziya talablari va shartlari.
III. Tanlovda qatnashish shartlari
7. Tanlovda qatnashishga Oʻzbekiston Respublikasi hududida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan, oʻz vaqtida buyurtmanoma bergan va mazkur Nizomga muvofiq zarur darajada rasmiylashtirilgan hujjatlarni taqdim etgan yuridik shaxslar qoʻyiladi.
Shu bilan birga litsenziya talabgorlari ommaviy axborot vositalari sohasidagi qonun hujjatlari talablariga javob berishlari, shuningdek vakolatli organlarning teleradioeshittirish obyektlarining sanitariya, yongʻin normalari va xavfsizlik rejimi talablariga muvofiqligi toʻgʻrisidagi xulosalarini taqdim etishlari kerak.
8. Ilgari berilgan litsenziyalar asosida teleradioeshittirishlarni tarqatish (translyatsiya qilish) sohasidagi faoliyatni amalga oshirayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar litsenziya muddati tamom boʻlgandan keyin tanlovda umumiy asoslarda qatnashadilar.
9. Tanlovda qatnashish uchun litsenziya talabgori mazkur Nizomga 2-ilovaga muvofiq shaklga binoan buyurtmanoma taqdim etadi.
Tanlovda qatnashish uchun buyurtmanomada litsenziya talabgorining elektron manzili koʻrsatilishi mumkin.
Tanlovda qatnashish toʻgʻrisidagi buyurtmanomada litsenziya talabgori elektron manzilining koʻrsatilishi uning arizasi yuzasidan qabul qilingan qaror toʻgʻrisidagi bildirishnomani axborot tizimi orqali elektron shaklda olishga roziligi hisoblanadi.
10. Buyurtmanomaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
d) teleradiodasturlarni tarqatish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish jarayoni bilan bevosita bogʻliq boʻlgan xodimlarning malakasini tasdiqlovchi hujjatlar (diplomlar, guvohnomalar, sertifikatlar);
e) ijodiy, texnik va moliyaviy takliflarni, shuningdek teleradiodasturlarni koʻrsatish va eshittirishning rejalashtirilayotgan setkasini, oʻz dasturlarini eshittirish hajmlari va tanlov majburiyatlarini oʻz ichiga oladigan eshittirishlarning mufassal konsepsiyasi;
j) tegishli organlarning teleradioeshittirishlar obyektlarining qoʻriqlash tadbirlari talablariga muvofiqligi toʻgʻrisidagi xulosasi;
z) teleradioeshittirishlarni tashkil etish uchun moʻljallangan asbob-uskunalardan foydalanishga huquqni tasdiqlovchi hujjatlar, agar ushbu huquq boshqa shaxsga tegishli boʻlgan taqdirda (ijara shartnomasi va boshqalar).
101. Oʻzbekiston Respublikasi Telekommunikatsiyalarni tartibga solish agentligi litsenziya berish uchun boshqa vakolatli organlarda mavjud boʻlgan zarur hujjatlar va axborotlarni belgilangan tartibda oʻzaro axborot hamkorligi yoʻli bilan, shu jumladan elektron tarzda mustaqil ravishda oladi, ushbu Nizomning 10-bandida nazarda tutilgan hujjatlar va axborotlar bundan mustasno.
11. Buyurtmanomalarni ularga ilova qilinadigan hujjatlar bilan birga qabul qilish tanlov eʼlon qilinishi toʻgʻrisidagi bildirishnoma chop etilgan kundan boshlab 30 kun mobaynida amalga oshiriladi.
12. Hujjatlar litsenziya talabgori tomonidan ularning olinganligi toʻgʻrisidagi bildirishnoma bilan bevosita pochta aloqa vositasi orqali yoxud axborot tizimlari orqali elektron shaklda yetkaziladi.
13. Litsenziya olish uchun yuborilgan hujjatlar Komissiyaning ishchi guruhi rahbari tomonidan roʻyxatga muvofiq qabul qilinadi, roʻyxatning nusxasi mazkur organ tomonidan hujjatlar qabul qilingan sana toʻgʻrisidagi belgi bilan litsenziya talabgoriga yuboriladi (taqdim etiladi).
14. Ishonchsiz yoki notoʻgʻri maʼlumotlar taqdim etilganligi uchun litsenziya talabgori qonun hujjatlariga muvofiq javob beradi.
15. Belgilangan muddat tugagandan keyin buyurtmanomalarni qabul qilish toʻxtatiladi. Tanlovda qatnashishga qoʻyilgan litsenziyalar talabgorlariga tanlovda qatnashish toʻgʻrisida bildirishnoma yuboriladi.
Agar belgilangan muddatda tanlovda qatnashish uchun faqat bitta litsenziya talabgoridan buyurtmanoma tushsa, u holda buyurtmanomalar qabul qilish muddati 15 kunga uzaytiriladi.
IV. Tanlovni oʻtkazish tartibi
16. Buyurtmanomalar va tanlov takliflari Komissiya tomonidan koʻrib chiqiladi.
17. Faqat bitta qatnashchi ishtirok etgan tanlov oʻtkazilmagan deb eʼtirof etiladi.
18. Ommaviy axborot vositalari va telekomunikatsiyalar sohasidagi qonun hujjatlari talablariga, shuningdek litsenziya talablariga hamda Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi yagona nizomda belgilangan shartlarga javob beradigan eng yaxshi ijodiy, texnik va moliyaviy-iqtisodiy takliflar taqdim etgan qatnashchi tanlov gʻolibi deb eʼtirof etiladi.
Ijodiy, texnik va moliyaviy-iqtisodiy takliflarni baholashda Komissiya quyidagilarni hisobga oladi:
a) talabgorning oʻz dasturlarini eshittirish hajmi, eshittirish vaqti (har kuni, sutka davomida), eshittirishning tillar boʻyicha nisbati, davlat tilidagi eshittirishlarni uzatishning rejalashtirilayotgan vaqti;
b) turli usullar va vositalardan foydalangan holda axborotlarni uzatish imkoniyatining mavjudligi (telematn, ikki tilda ovozli uzatish va boshqalar);
v) zamonaviy, yuqori texnologiyali studiya va eshittirish asbob-uskunalaridan foydalanish;
g) yuqori sifatli ovoz va tasvirli teleradiodasturlarni shakllantirish va tarqatish (translyatsiya qilish) majburiyatlari;
d) eshittirish tarmoqlarini borish qiyin boʻlgan hududlargacha uzaytirish majburiyatlari;
e) texnik-iqtisodiy maʼlumotlar (moliyalashtirish manbalari va ularning ishonchliligi, xarajatlar, daromadlar);
j) efirga uzatish uchun moʻljallanayotgan teleradioeshittirishlarning mavzu yoʻnalishlari va ularning janr boʻyicha nisbati;
z) jalb etilayotgan ommaviy axborot vositalari mutaxassislari va texnik xodimlarning kasb boʻyicha tayyorgarlik darajasi;
i) oʻz dasturlari va retranslyatsiya nisbati (retranslyatsiya shartnomasi);
k) tanlov qatnashchisida teleradioeshittirishlarni tarqatishning ilgaridan mavjud tarmoqlarining bor boʻlishi imkoniyati.
Agar tanlovning ikki va undan koʻp qatnashchilarining takliflari qoʻyilgan talablarga teng darajada javob bersa, ustunlik litsenziya olish uchun eng koʻp haq toʻlanishini taklif qilgan qatnashchiga beriladi.
Litsenziya olish uchun toʻlovning taklif etilayotgan miqdori teleradioeshittirishlarni tarqatish (translyatsiya qilish) tarmoqlarini loyihalash, qurish, ulardan foydalanish va ularga xizmatlar koʻrsatish faoliyatini amalga oshirish huquqiga litsenziya berilgan butun muddat uchun davlat boji summasidan kam boʻlmasligi kerak.
Litsenziyalarni berish, berishni rad etish, ularning amal qilishini toʻxtatib turish, toʻxtatish yoki litsenziyalarni bekor qilish toʻgʻrisidagi qaror taqdim etilgan hujjatlarni puxta tahlil qilish natijalariga koʻra hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining Ommaviy kommunikatsiyalar masalalari boʻyicha markazi xulosasi asosida Komissiya tomonidan qabul qilinadi.
19. Komissiya qarori protokol bilan rasmiylashtiriladi, protokol Komissiya raisi, kotibi va tanlov gʻolibi (litsenziat) tomonidan imzolanadi.
Tanlov yakunlari toʻgʻrisidagi protokolda quyidagilar majburiy tartibda koʻrsatiladi:
a) Komissiya aʼzolari majlisida qatnashganlar roʻyxati;
b) tanlov qatnashchilari roʻyxati;
v) talabgorlar takliflarini baholash toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
g) tanlov gʻolibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
Tanlov qatnashchilariga protokoldan koʻchirma beriladi.
Tanlov yakunlari toʻgʻrisidagi bildirishnoma aynan uning oʻtkazilishi toʻgʻrisida xabar qilingan nashrlarda, tanlov yakunlari toʻgʻrisidagi protokol imzolangandan keyin 15 kundan kechikmay eʼlon qilinadi.
21. Agar tanlov gʻolibi tanlov oʻtkazilgandan keyin 10 kun mobaynida protokolni imzolashni rad etsa Komissiya tanlov yakunlariga koʻra gʻolibdan keyingi oʻrinni egallagan qatnashchini gʻolib deb eʼlon qilishga haqlidir.
Bu holda protokolni imzolashni rad etgan tanlov gʻolibi tomonidan toʻlangan zakolat qaytarib berilmaydi.
V. Litsenziyani va litsenziyalanayotgan faoliyat bilan bogʻliq boshqa ruxsat beruvchi hujjatlarni berish tartibi
22. Imzolangan protokol asosida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ommaviy axborot vositasini davlat roʻyxatidan oʻtkazadi;
23. Litsenziya Oʻzbekiston Respublikasi Telekommunikatsiyalarni tartibga solish agentligi tomonidan, litsenziyani qonun hujjatlarida belgilangan tartibda rasmiylashtirgan holda beriladi.
24. Agar tanlov gʻolibi protokol imzolangan vaqtdan boshlab uch oy mobaynida litsenziya olish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Telekommunikatsiyalarni tartibga solish agentligiga maxsus elektron tizim orqali murojaat etmasa, Komissiya tanlov natijalarini bekor qilishga haqlidir.
25. Litsenziyada faoliyatning aniq turi, teleradioeshittirish qamraydigan hudud, radiochastotasi (radiotoʻlqini), shuningdek litsenziyaning amal qilish muddati koʻrsatiladi.
Litsenziya berilgandan keyin Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi radiochastotalardan foydalanishga ruxsat beruvchi hujjatlarni belgilangan tartibda rasmiylashtiradi.
27. Litsenziyalovchi organ tanlov gʻolibining oʻzi taklif etgan tanlov takliflari boʻyicha hisobotini vaqti-vaqti bilan eshitib borish, ular bajarilmagan taqdirda esa Komissiyaga chastota ajratish va litsenziyaning amal qilishi toʻgʻrisidagi qarorni bekor qilish toʻgʻrisida taklif kiritish huquqiga ega.
VI. Yakuniy qoidalar
28. Litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirish, litsenziya dublikatini qayta rasmiylashtirish va berish Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-fevraldagi 80-son qarori bilan tasdiqlangan Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi yagona nizomda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi qaror Komissiya tomonidan qabul qilinadi.
29. Litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlarining bajarilishini nazorat qilish, litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish va toʻxtatish, litsenziyani bekor qilish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Radiochastotalarni tanlov asosida taqsimlash va teleradioeshittirishlar sohasida faoliyatni amalga oshirish huquqiga yakka tartibdagi litsenziyalar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Teleradioeshittirishlar sohasida faoliyatni amalga oshirish huquqiga yakka tartibdagi litsenziyalar berish boʻyicha tanlov oʻtkazish
SXEMASI
BosqichlarSubyektlarTadbirlarBajarish muddatlari1-bosqich Idoralararo muvofiqlashtiruvchi komissiya1. Radiochastotalar berish hamda teleradioeshittirishlarni tarqatish (translyatsiya qilish) boʻyicha faoliyatni amalga oshirish huquqiga yakka tartibdagi litsenziyalar berish yuzasidan tanlov oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.2. Komissiya tanlov oʻtkazish sanasi va shartlari toʻgʻrisida bildirishnoma tayyorlaydi va ommaviy axborot vositalarida, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining rasmiy veb-saytida eʼlon qiladi. Tanlov oʻtkazish sanasidan kamida 60 kun oldinRadiochastotalarni tanlov asosida taqsimlash va teleradioeshittirishlar sohasida faoliyatni amalga oshirish huquqiga yakka tartibdagi litsenziyalar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq Komissiyaga belgilangan shaklda buyurtmanoma beradilar.2-bosqichTanlovda qatnashishga va yakka tartibdagi litsenziya olishga talabgorlar (yuridik shaxslar)Ommaviy axborot vositalarida tanlov eʼlon qilingandan keyin 30 kun mobaynida3-bosqichKomissiya huzuridagi doimiy ishlovchi ishchi guruh1. Komissiya huzuridagi doimiy ishlovchi ishchi guruh rahbari:a) buyurtmanomalarni ilova qilingan hujjatlar bilan birgalikda roʻyxat boʻyicha qabul qiladi, uning nusxasi hujjatlar koʻrsatib oʻtilgan organ tomonidan qabul qilingan sana toʻgʻrisida belgi qoʻyilgan holda litsenziya talabgoriga yuboriladi (topshiriladi). b) quyidagilarni:tushgan buyurtmanomalar hamda hujjatlarning qonun hujjatlari talablariga muvofiqligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;qatnashchilar yigʻimni toʻlashlari va zakalatni oʻtkazishlari uchun hisob raqamini koʻrsatgan holda koʻchirmani;Komissiya bayonnoma loyihasini tayyorlaydi.a) buyurtmanomalar tushgan kundab) buyurtmanomalarni qabul qilish muddati tugagandan keyin 10 kun mobaynida4-bosqichIdoralararo muvofiqlashtiruvchi komissiya1. Tushgan buyurtmanomalar asosida tanlov takliflarini koʻrib chiqadi.2. Taqdim etilgan hujjatlar va Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining Ommaviy kommunikatsiyalar masalalari markazining xulosasiga asosan tahlil natijalari boʻyicha tanlov gʻolibini aniqlaydi.3. Komissiya qarori bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi, protokol Komissiya raisi, kotibi va tanlov gʻolibi (litsenziat) tomonidan imzolanadi.10 kun mobaynida5-bosqichIshchi guruhTanlov gʻolibiga bayonnoma nusxasi beriladi.1 kundaOmmaviy axborot vositalarida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining rasmiy veb-saytida tanlov yakunlari toʻgʻrisida bildirishnoma eʼlon qiladi.6-bosqichIdoralararo muvofiqlashtiruvchi komissiya 10 kun mobaynida1. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga ommaviy axborot vositasini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda murojaat qiladi.2. Oʻzbekiston Respublikasi Telekommunikatsiyalarni tartibga solish agentligiga maxsus elektron tizim orqali litsenziya olish uchun ariza beradi. Ushbu shartlar bajarilmagan taqdirda, litsenziya berish toʻgʻrisidagi qaror bekor qilinadi.7-bosqichTanlov gʻolibi 1) gʻolibning ixtiyoriga koʻra2) 3 oy mobaynida1. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ommaviy axborot vositasini davlat roʻyxatidan oʻtkazadi. 2. Oʻzbekiston Respublikasi Telekommunikatsiyalarni tartibga solish agentligi:litsenziyani beradi;litsenziat tomonidan litsenziya talablariga rioya etilishi monitoring yuritadi.3. Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalari vazirligi radiochastotalardan foydalanish uchun ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtiradi.8-bosqichAxborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Telekommunikatsiyalarni tartibga solish agentligi 1) bir oy muddatda; 2) 1 oy mobaynida;3) doimiy ravishda
Radiochastotalarni tanlov asosida taqsimlash va teleradioeshittirishlar sohasida faoliyatni amalga oshirish huquqiga yakka tartibdagi litsenziyalar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Teleradioeshittirish sohasida radiochastotalardan foydalanish uchun tanlovda ishtirok etishga buyurtmanoma
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 10-avgustdagi 661-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.08.2019-y., 09/19/661/3571-son)
