9-modda. Jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni va oʻqotar qurolni qoʻllash shartlari
“Davlat bojxona xizmati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-502-son) · Sana: 18.10.2018 · Amalda
Bojxona organi xodimi xizmat majburiyatlarini bajarish chogʻida jismoniy kuch ishlatish, oʻziga biriktirilgan maxsus vositalarni va oʻqotar qurolni olib yurish, saqlash va ulardan foydalanish huquqiga ega.
Bojxona organi xodimi maxsus tayyorgarlikdan oʻtishi, shuningdek jismoniy kuch ishlatilishi, maxsus vositalar va oʻqotar qurol qoʻllanilishi bilan bogʻliq sharoitlardagi harakatlarga kasbiy jihatdan yaroqliligini aniqlash uchun davriy tekshiruvdan oʻtishi shart.
Maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan bojxona organi xodimiga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan tegishli ruxsatnoma beriladi.
Jismoniy kuch ishlatilishi, maxsus vositalar va oʻqotar qurol qoʻllanilishidan avval ularni qoʻllash niyati toʻgʻrisida aniq ifodalangan ogohlantirish boʻlishi kerak, bundan ushbu ogohlantirishning imkoni boʻlmagan yoxud ularning qoʻllanilishini kechiktirish fuqarolarning va bojxona organi xodimining hayoti va sogʻligʻiga bevosita xavf tugʻdiradigan hamda boshqa ogʻir oqibatlarga olib kelishi mumkin boʻlgan hollar mustasno.
Jismoniy kuch ishlatilishi, maxsus vositalar yoki oʻqotar qurol qoʻllanilishi yuzaga kelgan vaziyatga, shaxslarning xatti-harakatlari xususiyatiga va xavflilik darajasiga muvofiq boʻlishi kerak. Bunda bojxona organi xodimi har qanday zararning imkon qadar kam boʻlishiga intilishi shart.
Jismoniy kuch ishlatilganligi, maxsus vositalar yoki oʻqotar qurol qoʻllanilganligi natijasida tan jarohati olgan fuqarolarga birinchi yordam koʻrsatilishi, shuningdek imkon qadar qisqa vaqt ichida tibbiy yordam koʻrsatish choralari koʻrilishi, ularning qarindoshlari esa yigirma toʻrt soat ichida bu haqda xabardor qilinishi kerak.
Jismoniy kuch ishlatilgan, maxsus vositalar va oʻqotar qurol qoʻllanilgan, shuningdek jismoniy shaxslarning hayotiga, sogʻligʻiga yoki mol-mulkiga yoxud yuridik shaxslarning mol-mulkiga zarar yetkazilgan har bir holat toʻgʻrisida bojxona organining xodimi bevosita boshligʻiga darhol axborot berishi shart.
Bojxona organlari jismoniy kuch ishlatilganligi va maxsus vositalar qoʻllanilganligi natijasida jismoniy shaxslarning hayotiga, sogʻligʻiga yoki mol-mulkiga yoxud yuridik shaxslarning mol-mulkiga zarar yetkazilgan har bir holat haqida, shuningdek oʻqotar qurol qoʻllanilgan barcha hollar toʻgʻrisida prokurorga darhol xabar beradi.
