3-modda. Bojxona organlarining asosiy vazifalari
“Davlat bojxona xizmati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-502-son) · Sana: 18.10.2018 · Amalda
Bojxona organlarining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonun bilan muhofaza etiladigan manfaatlarini himoya qilish;
oʻz vakolati doirasida Oʻzbekiston Respublikasining iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish va uning iqtisodiy xavfsizligini taʼminlash;
bojxona nazorati va rasmiylashtiruvini amalga oshirish;
bojxona toʻlovlarini undirish;
bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish, qonunchilik buzilishlarining, shu jumladan kontrabandaning oldini olish, ularni aniqlash va ularga chek qoʻyish;
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda oʻz vakolatlari doirasida ishtirok etish;
tashqi savdo operatsiyalarining monitoringini amalga oshirish, eksport-import shartnomalarining ijrosini tahlil qilish, shuningdek tashqi savdo operatsiyalarining bojxona organlariga taalluqli qismini oʻtkazishda valyuta toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etish;
tovarlarning tashqi savdosiga doir bojxona statistikasini hamda tashqi iqtisodiy faoliyatning tovar nomenklaturasini yuritish;
fuqarolarning bojxona sohasidagi huquqiy madaniyatini yuksaltirish;
xavfni boshqarish tizimi qoʻllanilishi samaradorligining muntazam monitoringini amalga oshirish;
bojxona organlari faoliyatida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini va nazoratning texnik vositalarini qoʻllash;
bojxona ishini rivojlantirish va takomillashtirishning ustuvor yoʻnalishlarini ishlab chiqish;
Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining bojxona ishiga taalluqli qismidan kelib chiqadigan majburiyatlarning bajarilishini taʼminlash.
