24-modda. Bojxona organlari xodimlarini huquqiy himoya qilish kafolatlari
“Davlat bojxona xizmati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-502-son) · Sana: 18.10.2018 · Amalda
Bojxona organi xodimi davlat organi vakili sifatida ish yuritadi va davlat himoyasida boʻladi.
Bojxona organi xodimi xizmat majburiyatlarini bajarish chogʻida oʻzining toʻgʻridan-toʻgʻri va bevosita boshligʻiga boʻysunadi.
Hech kim bojxona organlari xodimlarining qonuniy faoliyatiga aralashish, qonun bilan ularning zimmasiga yuklatilmagan vazifalarni bajarishga majbur qilish huquqiga ega emas, bundan ushbu vakolatlar qonun bilan oʻz zimmasiga yuklatilgan shaxslar mustasno.
Bojxona organi xodimi qonunga amal qilishi shart, qonunga zidligi aniq boʻlgan buyruq yoki farmoyish olganda uni bajarishni rad etish huquqiga ega.
Bojxona organlari xodimlari oʻz ish yurituvida boʻlgan ishlar va materiallarning mohiyati boʻyicha biror-bir tushuntirish berishga, shuningdek bunday ishlar va materiallarni, shu jumladan fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga daxldor ishlar hamda materiallarni tanishib chiqish uchun qonunchilikda nazarda tutilgan hollardan va tartibdan boshqacha tarzda taqdim etishga majbur emas.
Bojxona organlarining xodimlari oʻziga nisbatan qabul qilinayotgan qarorlar va harakatlar (harakatsizlik) yuzasidan yuqori turuvchi mansabdor shaxslarga, prokurorga yoki sudga shikoyat qilish huquqiga ega.
Xizmat majburiyatlarini bajarayotgan bojxona organi xodimining oʻz vakolati doirasida qoʻyilgan qonuniy talablari barcha jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan bajarilishi majburiydir.
Bojxona organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarmaslik, oʻz xizmat majburiyatlarini bajarishiga toʻsqinlik qilish, shaʼni va qadr-qimmatini kamsitish, ularga qarshilik koʻrsatish, tahdid, zoʻrlik qilish yoki oʻz xizmat majburiyatlarini amalga oshirishi munosabati bilan ularning hayotiga, sogʻligʻiga va mol-mulkiga tajovuz qilish qonunda belgilangan javobgarlikka sabab boʻladi.
Bojxona organlari xodimlarining qonuniy talablari yuzasidan shikoyat qilinishi ushbu talablarning bajarilishini toʻxtatib turmaydi.
