22-modda. Yuridik shaxsni Xususiy bandlik agentliklarining reyestriga kiritish tartibi
Xususiy bandlik agentliklari toʻgʻrisida (O‘RQ-501-son) · Sana: 16.10.2018 · Amalda
Yuridik shaxs Xususiy bandlik agentliklarining reyestriga kirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligiga Xususiy bandlik agentliklarining reyestriga kiritish toʻgʻrisidagi arizani taqdim etadi.
Xususiy bandlik agentliklarining reyestriga kiritish toʻgʻrisidagi arizada quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
yuridik shaxsning nomi, joylashgan yeri (pochta manzili) va tashkiliy-huquqiy shakli;
xizmat koʻrsatayotgan bankning nomi, bankda talab qilib olinadigan depozit hisobvaragʻining raqami;
arizachi rahbarining familiyasi, ismi, otasining ismi, pasportiga yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasiga oid maʼlumotlar;
arizachi koʻrsatmoqchi boʻlgan xizmat turlari;
xodimlarni asosiy ish joyi boʻyicha ishga qabul qilish toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
shtatda oliy maʼlumotli rahbarni qoʻshgan holda kamida ikki nafar xodim mavjudligi haqidagi maʼlumotlar.
Yuridik shaxsdan ushbu moddada nazarda tutilmagan hujjatlarni talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Xususiy bandlik agentliklarining reyestriga kiritish uchun zarur boʻlgan hujjatlar yuridik shaxs tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligiga bevosita, pochta aloqasi vositalari orqali yoki elektron shaklda, ular qabul qilib olinganligi toʻgʻrisida maʼlum qilgan holda taqdim etiladi. Elektron shaklda taqdim etilgan hujjatlar yuridik shaxsning elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi.
Taqdim etilgan hujjatlar roʻyxat boʻyicha qabul qilinadi, roʻyxat hujjatlar qabul qilingan sana toʻgʻrisida belgi qoʻyilgan holda darhol arizachiga beriladi (yuboriladi).
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi uch kunlik muddatda arizachini Xususiy bandlik agentliklarining reyestriga kiritish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqadi va bu haqda unga xabar qiladi yoki asoslantirilgan rad javobini yuboradi.
Xususiy bandlik agentliklarining reyestriga kiritishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, rad etish haqidagi bildirishnoma rad etishning aniq sabablarini koʻrsatgan holda yozma shaklda arizachiga beriladi (yuboriladi).
Arizachi bildirishnomada koʻrsatilgan sabablarni bartaraf etib, hujjatlarni takroran koʻrib chiqish uchun oʻttiz kalendar kuni ichida taqdim etishi mumkin.
