20-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligining xususiy bandlik agentliklari faoliyatini tartibga solish sohasidagi vakolatlari
Xususiy bandlik agentliklari toʻgʻrisida (O‘RQ-501-son) · Sana: 16.10.2018 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi:
Xususiy bandlik agentliklarining reyestrini yuritadi;
litsenziyani beradi, qayta rasmiylashtiradi, litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turadi, qayta tiklaydi, litsenziyani bekor qiladi yoki qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda va tartibda uni bekor qilish toʻgʻrisidagi ariza bilan sudga murojaat qiladi;
xususiy bandlik agentliklari faoliyatini ochiq, shaffof va tizimli baholash mezonlarini belgilaydi hamda ularning reytingini tuzadi;
xususiy bandlik agentliklari tomonidan qonunchilik talablariga, shu jumladan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
Xususiy bandlik agentliklarining reyestrida mavjud boʻlgan maʼlumotlarni hamda litsenziyani berish, qayta rasmiylashtirish, litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish, qayta tiklash va tugatish, litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisidagi axborotni ommaviy axborot vositalarida hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligining rasmiy veb-saytida eʼlon qiladi.
Xususiy bandlik agentliklari tomonidan qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi xususiy bandlik agentliklari faoliyatining tekshiruvlarini (moliya-xoʻjalik faoliyatiga aralashmasdan) oʻtkazish huquqiga ega. Bunda tekshiruvlar Tekshiruvlarni elektron roʻyxatga olish yagona tizimida tadbirkorlik subyektlarini roʻyxatdan oʻtkazish orqali Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakilni xabardor qilish tartibida oʻtkaziladi. Xususiy bandlik agentliklari faoliyatini tekshirish chogʻida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligining mansabdor shaxslari oʻz vakolatlari doirasida;
xususiy bandlik agentliklarining hududlari va binolariga moneliksiz kirish;
tekshiruvga taalluqli barcha zarur hujjatlar bilan tanishib chiqish;
xususiy bandlik agentliklarining mansabdor shaxslaridan tekshiruv oʻtkazish chogʻida aniqlangan qoidabuzarliklar faktlari yuzasidan yozma tushuntirishlar, shuningdek hujjatlarning zarur boʻlgan, tegishli ravishda tasdiqlangan koʻchirma nusxalarini olish huquqiga ega.
