Koʻchmas mulk ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida majburiy hisobga qoʻyish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3077-son)
11.10.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 11-oktabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3077]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 25-maydagi PQ-3741-son “Nizolarning oldini olishga qaratilgan institut sifatida notariat tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Koʻchmas mulk ijarasi shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida majburiy hisobga qoʻyish tartibi toʻgʻrisida nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror 2019-yil 1-yanvardan eʼtiboran kuchga kiradi.
Davlat soliq qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari B. MUSAYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 15-avgust,
2018-65-son
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining 2018-yil 15-avgustdagi 2018-65-son qaroriga ILOVA
Koʻchmas mulk ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida majburiy hisobga qoʻyish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat soliq xizmati toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 25-maydagi PQ-3741-son “Nizolarning oldini olishga qaratilgan institut sifatida notariat tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq jismoniy shaxslar oʻrtasida tuzilgan koʻchmas mulk ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida majburiy hisobga qoʻyish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Koʻchmas mulk ijara shartnomalari Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksida belgilangan tartibda tuziladi va davlat soliq xizmati organlarida majburiy hisobga qoʻyiladi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 612-moddasiga muvofiq uy-joyni ijaraga berish shartnomasi besh yildan ortiq boʻlmagan muddatga tuziladi. Agar shartnomada muddat koʻrsatilgan boʻlmasa, u besh yilga tuzilgan hisoblanadi.
3. Jismoniy shaxslar tomonidan Uy-joyni ijaraga berish shartnomalari mazkur Nizomning 1-ilovasidagi namunaviy shaklga muvofiq yoki Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksiga asosan ixtiyoriy shaklda tuziladi.
4. Taraflarning kelishuviga binoan Uy-roʻzgʻor buyumlarini topshirish-qabul qilish va kommunal toʻlovlar uchun oʻrnatilgan oʻlchov asboblarining koʻrsatkichlarini qayd qilish dalolatnomasi mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shaklda Uy-joyni ijaraga berish shartnomalariga ilova qilinishi mumkin.
2-bob. Koʻchmas mulk ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida hisobga qoʻyish shartlari
5. Ijaraga beruvchi yoki uning vakili koʻchmas mulk ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida hisobga qoʻyishda quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
a) mazkur Nizomning 3-ilovasiga muvofiq koʻchmas mulk ijara shartnomasini majburiy hisobga qoʻyish haqida soʻrovnoma;
b) koʻchmas mulk ijara shartnomasi;
v) ijaraga beruvchining shaxsini yoki uning vakilining vakolatini tasdiqlovchi hujjat nusxasi.
Mazkur bandda koʻrsatib oʻtilgan hujjatlardan tashqari boshqa qoʻshimcha hujjatlarni talab qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
6. Ijaraga beruvchi yoki uning vakili koʻchmas mulk ijara shartnomasini shartnoma tuzilgan kundan eʼtiboran oʻn kundan kechiktirmay davlat soliq xizmati organida hisobga qoʻyishi shart.
8. Koʻchmas mulk ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida majburiy hisobga qoʻyishda toʻlov undirilmaydi.
3-bob. Koʻchmas mulk ijara shartnomasini hisobga qoʻyish
9. Koʻchmas mulk ijara shartnomasini hisobga qoʻyish ijaraga beruvchi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining rasmiy veb-saytidagi shaxsiy kabineti (bundan buyon shaxsiy kabinet deb yuritiladi) orqali elektron tarzda amalga oshiriladi.
Bunda, ijaraga beruvchi tomonidan shaxsiy kabinet orqali mazkur Nizomning 3-ilovasiga muvofiq soʻrovnoma toʻldiriladi va unga koʻchmas mulk ijara shartnomasi hamda ijaraga beruvchining shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi biriktiriladi.
10. Ijaraga beruvchi yoki uning vakilining xohishiga koʻra koʻchmas mulk ijara shartnomasini hisobga qoʻyish ijaraga beruvchining doimiy yashash manzili yoki koʻchmas mulk joylashgan joydagi davlat soliq xizmati organiga shaxsan qogʻoz shaklida taqdim etilishi mumkin.
11. Davlat soliq xizmati organi tomonidan koʻchmas mulk ijara shartnomasini hisobga qoʻyish ijaraga beruvchining shaxsiy kabineti orqali elektron tarzda amalga oshirilganda real vaqt rejimida, qogʻoz shaklida taqdim etilganda oʻsha vaqtning oʻzida amalga oshiriladi.
Bunda, davlat soliq xizmati organlari tomonidan koʻchmas mulk ijara shartnomasi hisobga qoʻyilganligi haqida mazkur Nizomning 4-ilovasiga muvofiq QR-kodi mavjud bildirishnoma ijaraga beruvchining shaxsiy kabinetiga yuboriladi yoki ijaraga beruvchiga yoxud uning vakiliga taqdim etiladi.
Bildirishnomaning haqiqiyligi QR-kodni maxsus mobil ilova orqali tekshirib koʻrish bilan aniqlanadi. Bildirishnomaning QR-kodi tekshirilganda hisobga qoʻyilgan koʻchmas mulk ijara shartnomasining elektron shakliga XML formatida havola qilinadi.
12. Koʻchmas mulk ijara shartnomasini hisobga qoʻyish uchun taqdim etilayotgan hujjatlar mazkur Nizom talablariga muvofiq boʻlmaganda davlat soliq xizmati organlari tomonidan koʻchmas mulk ijara shartnomasini hisobga qoʻyish rad etiladi.
13. Koʻchmas mulk ijara shartnomasi davlat soliq xizmati organida hisobga qoʻyilgandan soʻng, oʻsha vaqtning oʻzida joriy yil uchun hisoblangan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini toʻlash haqidagi toʻlov xabarnomasi ijaraga beruvchining shaxsiy kabinetiga yuboriladi yoki ijaraga beruvchiga yoxud uning vakiliga taqdim etiladi.
4-bob. Koʻchmas mulk ijara shartnomasini bekor qilish va uni majburiy hisobga qoʻyish
14. Koʻchmas mulk ijara shartnomasi shartnomada belgilangan muddat tugaganidan keyin bekor boʻladi.
Koʻchmas mulk ijara shartnomasi sud tartibida bekor boʻlganda, ijaraga beruvchi sud qarorini davlat soliq xizmati organiga taqdim etishi lozim.
Taraflarning kelishuviga binoan koʻchmas mulk ijara shartnomasi muddatidan oldin bekor boʻlganda koʻchmas mulk ijara shartnomasini bekor qilinganligi haqida kelishuv davlat soliq xizmati organlarida majburiy hisobga qoʻyish uchun taqdim etiladi.
Taraflarning kelishuviga binoan koʻchmas mulk ijara shartnomasi muddatidan oldin bekor boʻlganda koʻchmas mulk ijara shartnomasini bekor qilinganligi haqida kelishuv mazkur Nizomning 5-ilovasiga muvofiq yoki Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksiga asosan ixtiyoriy shaklda tuziladi.
15. Ijaraga beruvchi koʻchmas mulk ijara shartnomasini bekor qilinganligi haqidagi kelishuvni davlat soliq xizmati organlarida hisobga qoʻyish uchun oʻzining shaxsiy kabineti orqali mazkur Nizomning 6-ilovasiga muvofiq toʻldirilgan soʻrovnomani elektron tarzda yuboradi. Bunda soʻrovnomaga koʻchmas mulk ijara shartnomasini bekor qilinganligi haqidagi kelishuv biriktiriladi.
16. Ijaraga beruvchi yoki uning vakilining xohishiga koʻra, koʻchmas mulk ijara shartnomasini bekor qilinganligi haqidagi kelishuvni hisobga qoʻyish toʻgʻrisidagi soʻrovnoma koʻchmas mulk ijara shartnomasi hisobga qoʻyilgan davlat soliq xizmati organiga qogʻoz shaklida taqdim etilishi mumkin.
17. Davlat soliq xizmati organi tomonidan koʻchmas mulk ijara shartnomasini bekor qilinganligi haqidagi kelishuvni hisobga qoʻyish ijaraga beruvchining shaxsiy kabinet orqali elektron tarzda yuborilganda real vaqt rejimida, qogʻoz shaklida taqdim etilganda oʻsha vaqtning oʻzida amalga oshiriladi.
Bunda, koʻchmas mulk ijara shartnomasini bekor qilinganligi haqidagi kelishuvni hisobga qoʻyilganligi toʻgʻrisida mazkur Nizomning 7-ilovasiga muvofiq QR-kodi mavjud bildirishnoma davlat soliq xizmati organlari tomonidan ijaraga beruvchining shaxsiy kabinetiga yuboriladi yoki ijaraga beruvchiga yoxud uning vakiliga taqdim etiladi.
Bildirishnomaning haqiqiyligi QR-kodni maxsus mobil ilova orqali tekshirib koʻrish bilan aniqlanadi. Bildirishnomaning QR-kodi tekshirilganda hisobga qoʻyilgan koʻchmas mulk ijara shartnomasini bekor qilinganligi haqidagi kelishuvning elektron shakliga XML formatida havola qilinadi.
18. Davlat soliq xizmati organi soʻrovnomaga asosan koʻchmas mulk ijara shartnomasining bekor qilinganligi toʻgʻrisida oʻzining axborot tizimiga tegishli oʻzgartirishlarni kiritadi.
5-bob. Yakuniy qoidalar
19. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
20. Mazkur Nizom talablariga rioya etilishi ustidan nazorat davlat soliq xizmati organlari tomonidan qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
21. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Ichki ishlar vazirligi bilan kelishilgan.
Moliya vaziri J. QOʻChQOROV
2018-yil 15-avgust,
Iqtisodiyot vaziri B. XODJAYEV
2018-yil 7-avgust,
Ichki ishlar vaziri P. BOBOJONOV
2018-yil 10-avgust,
Koʻchmas mulk ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida majburiy hisobga qoʻyish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Izoh: Shartnoma shartlariga taraflarning kelishuviga asosan oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
Koʻchmas mulk ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida majburiy hisobga qoʻyish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Koʻchmas mulk ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida majburiy hisobga qoʻyish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
Koʻchmas mulk ijara shartnomasini majburiy hisobga qoʻyish haqida
SOʻROVNOMA
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining 2019-yil 16-iyuldagi 2019-49-sonli qarori (roʻyxat raqami 3077-1, 24.07.2019-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.07.2019-y., 10/19/3077-1/3477-son)
Koʻchmas mulk ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida majburiy hisobga qoʻyish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 4-ILOVA
* QR-kodi tekshirilganda koʻchmas mulk ijara shartnomasini bekor qilinganligi haqidagi kelishuvning elektron shaklining XML formatiga havola shakllanadi.
Koʻchmas mulk ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida majburiy hisobga qoʻyish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 5-ILOVA
Izoh: Kelishuv shartlariga taraflarning kelishuviga asosan oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
Koʻchmas mulk ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida majburiy hisobga qoʻyish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 6-ILOVA
Koʻchmas mulk ijara shartnomasini bekor qilish haqidagi kelishuvni hisobga qoʻyish toʻgʻrisida
SOʻROVNOMA
(6-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining 2019-yil 16-iyuldagi 2019-49-sonli qarori (roʻyxat raqami 3077-1, 24.07.2019-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.07.2019-y., 10/19/3077-1/3477-son)
Koʻchmas mulk ijara shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida majburiy hisobga qoʻyish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 7-ILOVA
* QR-kodi tekshirilganda koʻchmas mulk ijara shartnomasini bekor qilinganligi haqidagi kelishuvning elektron shaklining XML formatiga havola shakllanadi.
