3-modda. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining fuqarolar yigʻini raisi saylovida ishtirok etish huquqi
Fuqarolar yigʻini raisi saylovi toʻgʻrisida (O‘RQ-499-son) · Sana: 15.10.2018 · Amalda
Fuqarolar yigʻini raisi saylovida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining (bundan buyon matnda fuqarolar deb yuritiladi) ishtirok etishi ixtiyoriy va erkindir. Fuqarolarni saylovda ishtirok etishga yoki ishtirok etmaslikka majbur qilish maqsadida ularga taʼsir koʻrsatishga, shuningdek ularning oʻz xohish-irodasini erkin bildirishiga taʼsir koʻrsatishga hech kim haqli emas.
Fuqarolar yigʻini raisini saylash huquqiga saylov kuni oʻn sakkiz yoshga toʻlgan hamda shaharcha, qishloq, ovul, shuningdek shahardagi, shaharchadagi, qishloqdagi, ovuldagi mahalla hududida (bundan buyon matnda tegishli hudud deb yuritiladi) doimiy yashovchi fuqarolar ega boʻladi.
Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar fuqarolar yigʻini raisi saylovida ishtirok etishi mumkin emas.
Fuqarolar yigʻini raisi saylovida fuqarolarning ishtirok etish huquqlarini biron-bir tarzda bevosita yoki bilvosita cheklash taqiqlanadi.
