23-modda. Sanoq komissiyasining bayonnomasi
Fuqarolar yigʻini raisi saylovi toʻgʻrisida (O‘RQ-499-son) · Sana: 15.10.2018 · Amalda
Ovozlarni sanash natijalari boʻyicha sanoq komissiyasi tomonidan bayonnoma tuziladi va bayonnoma sanoq komissiyasining raisi hamda aʼzolari tomonidan imzolanadi.
Sanoq komissiyasining bayonnomasida quyidagilar koʻrsatiladi:
fuqarolar yigʻini (fuqarolar vakillarining yigʻilishi) ishtirokchilarining umumiy soni;
ovoz berishda ishtirok etgan fuqarolar yigʻini (fuqarolar vakillarining yigʻilishi) ishtirokchilari soni;
ovoz berish oʻtkazilganida byulletenlar olgan fuqarolar yigʻini (fuqarolar vakillarining yigʻilishi) ishtirokchilari soni;
fuqarolar yigʻini raisi lavozimiga har bir nomzodni yoqlab berilgan ovozlar soni;
ovoz berish oʻtkazilayotganda haqiqiy emas deb topilgan byulletenlar soni.
Sanoq komissiyasining bayonnomasi sanoq komissiyasining raisi tomonidan oʻqib eshittiriladi va fuqarolar yigʻini (fuqarolar vakillarining yigʻilishi) tomonidan tasdiqlanadi.
