15-modda. Ishchi guruhning vakolatlari
Fuqarolar yigʻini raisi saylovi toʻgʻrisida (O‘RQ-499-son) · Sana: 15.10.2018 · Amalda
Ishchi guruh:
fuqarolar yigʻini (fuqarolar vakillarining yigʻilishi) oʻtkaziladigan sana, vaqt va joyni belgilaydi hamda uni oʻtkazishdan kamida besh kun oldin bu haqda tegishli hududda yashovchi fuqarolarni xabardor qiladi;
hovlilar, uylar, koʻchalar aholisining fuqarolar vakillari saylovi boʻyicha umumiy yigʻilishlarini tashkil etadi va oʻtkazadi;
hovlilar, uylar, koʻchalar aholisi umumiy yigʻilishining ishtirokchilarini roʻyxatga oladi hamda fuqarolarning saylangan vakillari haqidagi maʼlumotlarni koʻrsatgan holda aholining umumiy yigʻilishi bayonnomasini tuzadi;
tegishli komissiyaga taqdim etish uchun fuqarolar yigʻini raisi lavozimiga nomzodlar boʻyicha takliflarni tegishli hududda doimiy yashovchi fuqarolarning fikrini inobatga olgan holda tayyorlaydi;
fuqarolar yigʻini raisi saylovini tashkil etish va oʻtkazish masalalari yuzasidan aholi oʻrtasida tushuntirish ishlarini olib boradi;
fuqarolar yigʻini raisining takroriy saylovi, shuningdek boʻshab qolgan oʻrinlarga fuqarolar yigʻini raisi saylovi oʻtkazilishini tashkil etadi;
fuqarolar yigʻini raisi saylovini tashkil etish va oʻtkazish masalalari boʻyicha fuqarolarning murojaatlarini koʻrib chiqadi.
