2703-modda. Korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalarining qarorlari va ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) yuzasidan nizolashish toʻgʻrisidagi daʼvo arizasining shakli hamda mazmuni
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga odil sudlovni amalga oshirish samaradorligini yanada kuchaytirishga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek “Fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini buzadigan xatti-harakatlar va qarorlar ustidan sudga shikoyat qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish haqida (O‘RQ-496-son) · Sana: 11.10.2018 · Amalda
Korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalarining qarorlari va ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) yuzasidan nizolashish toʻgʻrisidagi daʼvo arizasi ushbu Kodeksning 189-moddasida nazarda tutilgan talablarga muvofiq boʻlishi kerak.
Daʼvo arizasida quyidagilar ham koʻrsatilishi kerak:
1) nizolashilayotgan qarorni qabul qilgan korxona, muassasa, tashkilot, jamoat birlashmasining nomi yoki nizolashilayotgan harakatlarni (harakatsizlikni) sodir etgan mansabdor shaxsning familiyasi va ism-sharifining bosh harflari;
2) nizolashilayotgan qarorning nomi, raqami, qabul qilingan sanasi, nizolashilayotgan harakatlar (harakatsizlik) sodir etilgan sana va joy;
3) daʼvogarning fikriga koʻra, nizolashilayotgan qaror, harakatlar (harakatsizlik) tufayli buzilayotgan oʻz huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
4) daʼvogarning fikriga koʻra, nizolashilayotgan qaror, harakatlar (harakatsizlik) qaysi qonun hujjatiga zid boʻlsa, oʻsha qonun hujjati;
5) daʼvogarning qarorni haqiqiy emas, harakatlarni (harakatsizlikni) qonunga xilof deb topish toʻgʻrisidagi talabi.
Daʼvo arizasiga ushbu Kodeksning 191-moddasida koʻrsatilgan hujjatlar, shuningdek nizolashilayotgan qarorning matni ilova qilinadi.
