Chet el tovarlarini tashish jarayonida bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlashni vakolatli shaxslar bilan real vaqt rejimida interaktiv shaklda oʻzaro hamkorlik asosida hisobga olish va nazorat qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga qoʻshimchalar kiritish haqida (2823-1-son)
08.10.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 8-oktabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2823-1]
Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksi va “Davlat bojxona xizmati toʻgʻrisida”gi Qonunning 6-moddasiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining 2016-yil 19-avgustdagi 01-02/12-58-son qarori (roʻyxat raqami 2823, 2016-yil 13-sentabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 37-son, 436-modda) bilan tasdiqlangan Chet el tovarlarini tashish jarayonida bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlashni vakolatli shaxslar bilan real vaqt rejimida interaktiv shaklda oʻzaro hamkorlik asosida hisobga olish va nazorat qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oydan keyin kuchga kiradi.
Rais M. AZIMOV
Toshkent sh.,
2018-yil 31-avgust,
01-02/12-59-son
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining 2018-yil 31-avgustdagi 01-02/12-59-son qaroriga ILOVA
Chet el tovarlarini tashish jarayonida bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlashni vakolatli shaxslar bilan real vaqt rejimida interaktiv shaklda oʻzaro hamkorlik asosida hisobga olish va nazorat qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan qoʻshimchalar
1. 1-bandning oltinchi xatboshisi “hujjatga ega” degan soʻzlardan keyin “hamda bojxona toʻlovlarini toʻlanishiga javobgar” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin.
2. Quyidagi mazmundagi 31-bob bilan toʻldirilsin:
“31-bob. Bojxona organi ruxsatisiz tovarlar berib yuborilganda, yoʻqotilganda yoki manzil bojxona postiga belgilangan muddatda va oʻzgarmas holatda yetkazilmaganda bojxona toʻlovlarini hisoblash va undirish
131. Bojxona organi ruxsatisiz tovarlar berib yuborilganda, yoʻqotilganda yoki manzil bojxona postiga belgilangan muddatda oʻzgarmas holatda (tabiiy eskirish yoxud normal tashish va saqlash sharoitlarida kamayish oqibatidagi oʻzgarishlar bundan mustasno) yetkazilmaganligi holati aniqlanganda manzil bojxona posti mazkur holatlar aniqlangan sanadan boshlab 3 ish kuni ichida hududiy boshqarma rahbariyatiga yozma axborot beradi.
Mazkur bandning birinchi xatboshisida koʻrsatilgan holatlar boʻyicha manzil bojxona posti tomonidan axborot kelganda hududiy boshqarma rahbariyati 2 ish kuni ichida tovarlarga bojxona toʻlovlarini hisoblash boʻyicha zarur choralarni koʻradi.
Taqdim qilingan hamda DBQ YaAATdan olingan maʼlumotlar asosida 3 ish kuni ichida mazkur Nizomning ilovasida koʻrsatilgan shaklda dalolatnoma toʻldiriladi, ushbu dalolatnoma bojxona toʻlovlari va penyalarni soʻzsiz undirib olish haqidagi talabnoma bilan birga DBQ YaAAT yoki qonun hujjatlariga muvofiq boshqa yoʻl bilan:
vakolatli shaxsga;
kafilga (kafillik bilan taʼminlanganda);
bankka (bank kafolati bilan taʼminlanganda);
sugʻurtalovchi tashkilotga (sugʻurta bilan taʼminlanganda) yuboriladi.
132. Bojxona nazorati ostida tashilayotgan tovarlarni toʻliq manzil bojxona postiga yetkazish choralari koʻrilishi yoki dalolatnoma asosida bojxona toʻlovlari toʻlash muddati talabnoma toʻlovchiga topshirilgan yoki u toʻlovchi tomonidan olingan kunning ertasidan eʼtiboran oʻn ish kunini tashkil etadi.
133. Vakolatli shaxs, kafil, kafolat beruvchi bank yoki sugʻurtalovchi tashkilot tomonidan talabnomadagi talablar bajarilmaganda Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 47-bobiga muvofiq choralar koʻriladi, shu jumladan talabnoma yuborgan hududiy boshqarma tomonidan sudga vakolatli shaxsga chet el tovarlarini tashiyotgan avtotransport vositalariga nisbatan bojxona hamrohligida kuzatib borishdan ozod qilish boʻyicha identifikatsion kod berishni vaqtincha toʻxtatib turish toʻgʻrisida daʼvo arizasi kiritiladi.
134. Identifikatsion kod berishni vaqtincha toʻxtatib turish haqidagi daʼvo arizasi sud tomonidan qanoatlantirilganda, toʻlanishi lozim boʻlgan bojxona toʻlovlari va penyalar toʻliq undirilgunga qadar vakolatli shaxsga chet el tovarlarini tashiyotgan avtotransport vositalariga nisbatan bojxona hamrohligida kuzatib borishdan ozod qilish boʻyicha identifikatsion kod berilishi toʻxtatiladi. Bu toʻgʻrisida bojxona organi tomonidan DBQ YaAATga tegishli formatli-mantiqiy nazorat oʻrnatiladi.
135. Tovarlarni bojxona organi ruxsatisiz berib yuborish, yoʻqotish yoki manzil bojxona postiga belgilangan muddatda oʻzgarmas holatda yetkazmaslik oqibatida hisoblangan bojxona toʻlovlari undirib olinganidan soʻng tovarni yetkazib berishning nazorat hujjati nazoratdan yechiladi.”.
3. Mazkur qoʻshimchalarning ilovasiga muvofiq tahrirda ilova bilan toʻldirilsin.
Chet el tovarlarini tashish jarayonida bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlashni vakolatli shaxslar bilan real vaqt rejimida interaktiv shaklda oʻzaro hamkorlik asosida hisobga olish va nazorat qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan qoʻshimchalarga ILOVA
“Chet el tovarlarini tashish jarayonida bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlashni vakolatli shaxslar bilan real vaqt rejimida interaktiv shaklda oʻzaro hamkorlik asosida hisobga olish va nazorat qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
4. Mazkur qoʻshimchalar Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan kelishilgan.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh. SADIKOV
2018-yil 29-avgust
