Andijon viloyatida meva-sabzavotchilikni klaster usulida rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (752-son)
21.09.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Andijon viloyatida qishloq xoʻjaligini diversifikatsiya qilish, viloyat tumanlarining tabiiy-iqlim sharoitlariga mos, serhosil va eksportbop meva-sabzavot ekinlari navlarini joylashtirish, tashqi bozor talabiga toʻliq javob beradigan mahsulotlarni yetishtirish, saqlash, qayta ishlash va sotish jarayonini toʻliq qamrab oluvchi klaster tizimini keng joriy etish, yangi ish oʻrinlarini yaratish, meva-sabzavot yetishtirish va qayta ishlash jarayonidagi ishtirokchilarning moddiy manfaatdorligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Andijon viloyati hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Innovatsion rivojlantirish vazirligi, Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, “Oʻzbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasining “Premium Agro Gold” va “Navigul” masʼuliyati cheklangan jamiyatlari hamda “Obod turmush orzusi” fermer xoʻjaligi tomonidan meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish, saqlash, qayta ishlash va sotishga ixtisoslashtirilgan namunaviy meva-sabzavotchilik klastyerlarini (keyingi oʻrinlarda klastyerlar deb ataladi) tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin. Bunda:
meva-sabzavot yetishtirish boʻyicha ilgʻor xorijiy tajribalarni oʻrganish asosida ulardan hududiy sharoitlarda keng foydalanish hamda meva-sabzavotchilik sohasiga klaster tizimini joriy qilishda xorijiy mutaxassislarni jalb qilish;
tashqi bozor talabiga toʻliq javob beradigan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish, istiqbolda ularning seleksiyasi va urugʻchiligini mamlakatimizda oʻzlashtirish va rivojlantirish;
serhosil meva-sabzavot ekinlarini ekish, mahsulot yetishtirish, saqlash, qayta ishlash va sotish jarayonini toʻliq qamrab oluvchi tizimni, shuningdek zamonaviy innovatsion, resurs tejaydigan texnologiyalarni meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish jarayoniga joriy qilish va fitosanitariya qoidalariga rioya qilish tavsiya etilsin.
2. Quyidagilar:
Andijon viloyatida 2018-2019-yillarda meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish, saqlash, qayta ishlash va sotishga ixtisoslashtirilgan klastyerlar tomonidan amalga oshiriladigan loyihalar 1-ilovaga muvofiq;
Andijon viloyatida meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish, saqlash, qayta ishlash va sotishga ixtisoslashtirilgan klastyerlar tomonidan meva-sabzavot mahsulotlarini yillik oʻrtacha ishlab chiqarish va eksport qilish koʻrsatkichlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Andijon viloyati hokimligi Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda:
klastyerlarning faoliyat yoʻnalishini va ekiladigan ekin turlarini hisobga olgan holda ularga meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish uchun tuproq-iqlim sharoiti mos boʻlgan va suv bilan taʼminlangan ekin yerlari, bogʻ va uzumzorlarni belgilangan tartibda ajratilishini;
ajratiladigan yer maydonlaridan samarali va unumli foydalanish, ushbu maydonlarga sifatli jahon andozalariga mos eksportbop ekinlarini joylashtirish va ekilishini taʼminlasin.
4. Belgilansinki:
biriktirilgan tegishli hududda meva-sabzavot mahsulotlari yetishtiruvchi fermer va dehqon xoʻjaliklari, tomorqa yer egalari (keyingi oʻrinlarda subyektlar deb ataladi) klastyerlar bilan shartnomalar asosida faoliyat yuritadi;
tuman hokimliklari shartnoma tuzgan subyektlar yer maydonlariga belgilangan eksportbop qishloq xoʻjaligi ekinlari joylashtirilishini taʼminlaydi;
subyektlar klastyerlar tarkibiga kirish hamda uning tarkibidan chiqish huquqiga egadir;
meva-sabzavot yetishtirish xarajatlari klastyerlar tomonidan tuzilgan shartnoma qiymatining kamida 40 foizi miqdorida beriladigan boʻnak mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi;
klastyerlar tomonidan meva-sabzavot yetishtirib berish boʻyicha shartnoma tuzgan subyektlarga urugʻlik, koʻchat, mineral oʻgʻit va kimyoviy vositalar, yonilgʻi-moylash mahsulotlari va boshqa moddiy resurslar yetkazib beriladi;
klastyerlar tomonidan subyektlarga ajratiladigan boʻnak oʻz mablagʻlari va Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va boshqa tijorat banklari kreditlari hisobidan moliyalashtiriladi;
klastyerlarda yetishtirilgan meva-sabzavot mahsulotlari klasterda oʻrnatilgan tartibda saqlanadi, qayta ishlanadi va erkin tasarruf etiladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Andijon viloyati hokimligi klastyerlar bilan meva-sabzavot yetishtiruvchi subyektlar oʻrtasida tuziladigan namunaviy shartnomalarni ikki hafta muddatda ishlab chiqsinlar.
6. Klastyerlar Andijon viloyati hokimligi bilan birgalikda meva-sabzavot mahsulotlarini qabul qilish, tozalash, saralash, quritish, qayta ishlash va saqlash boʻyicha yopiq sigʻimlarni, qayta ishlash quvvatlarini, muzlatgichli omborxonalarni mazkur qarorga 1-ilovada belgilangan muddatlarda ishga tushirilishini taʼminlasin.
7. Andijon viloyati hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, boshqa tijorat banklari, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasiga:
mazkur qarorga 1-ilovadagi loyihalarni amalga oshirish uchun xalqaro moliya institutlari mablagʻlari va bank kreditlarini yoʻnaltirish;
klastyerlarga va ular tarkibiga kirgan subyektlarga meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish uchun aylanma mablagʻlarni shakllantirishga va boshqa moddiy resurslarni xarid qilishni moliyalashtirish uchun belgilangan tartibda kreditlar ajratilishi tavsiya etilsin.
8. “Oʻzstandart” agentligi 2019-2020-yillarda meva-sabzavotchilik klastyerlarida xalqaro standartlarga muvofiq boʻlgan sifatni boshqarish tizimlarini joriy etish (ISO 22000, Global G.A.P) talablari boʻyicha sertifikatlashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirsin.
9. “Oʻzagrotexsanoatxolding” aksiyadorlik jamiyati, “Oʻzagrolizing” aksiyadorlik jamiyati bilan birgalikda klastyerlarga meva-sabzavot ekinlarini ekish, parvarishlash va yigʻib olish bilan bogʻliq agrotexnika tadbirlarini amalga oshirish uchun talab etiladigan maxsus texnikalarni lizing asosida yetkazib berish chorasini koʻrsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Andijon viloyati hokimligi bilan birgalikda:
klastyerlar tomonidan xorijiy davlatlardan respublika hududiga olib kelinadigan urugʻlik va mevali koʻchatlarni belgilangan tartibda qisqa muddatda tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish ishlariga koʻmaklashsinlar;
import qilingan urugʻlik va mevali koʻchatlar ekilgan maydonlarda sinov ishlari olib borsinlar va Oʻzbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya etilgan qishloq xoʻjalik ekinlarining davlat reyestriga kiritsinlar.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari Z.T. Mirzayev va N.S. Otajonov hamda Andijon viloyati hokimi Sh.Q. Abduraxmonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 21-sentabr,
752-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 21-sentabrdagi 752-son qaroriga 1-ILOVA
Andijon viloyatida 2018-2019-yillarda meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish, saqlash, qayta ishlash va sotishga ixtisoslashtirilgan klastyerlar tomonidan amalga oshiriladigan loyihalar
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 21-sentabrdagi 752-son qaroriga 2-ILOVA
Andijon viloyatida meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish, saqlash, qayta ishlash va sotishga ixtisoslashtirilgan klastyerlar tomonidan meva-sabzavot mahsulotlarini yillik oʻrtacha ishlab chiqarish va eksport qilish
KOʻRSATKIChLARI
