“Mening fikrim” veb-portali orqali “Shahar va qishloq hududlarida daraxtlarni muhofaza qilish tizimini isloh etish toʻgʻrisida”gi elektron jamoaviy murojaatni koʻrib chiqish natijalari toʻgʻrisida (1861-III-son)
27.07.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga “Mening fikrim” veb-portali orqali “Shahar va qishloqlar hududida daraxtlarni muhofaza qilish tizimini isloh etish toʻgʻrisida”gi elektron jamoaviy murojaat (bundan buyon matnda elektron jamoaviy murojaat deb yuritiladi) kelib tushdi. Elektron jamoaviy murojaatda shahar va qishloq aholi punktlarida daraxtlarni noqonuniy kesishning oldini olish, kesishga ruxsatnomalar berish tartib-taomilini takomillashtirish, daraxtlarni noqonuniy kesganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish, sohaga innovatsion texnologiyalarni joriy etish, agrotexnik tadbirlarni oʻtkazish haqidagi takliflar bayon etilgan.
Mazkur elektron jamoaviy murojaat Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qoʻmitasi tomonidan tegishli vazirliklar, idoralar va ekspertlarni jalb etgan holda oʻrganib chiqildi.
Qayd etish joizki, mamlakatimizda soʻnggi yillarda atrof-muhitni, shu jumladan oʻsimlik dunyosini muhofaza qilishga qaratilgan qonun hujjatlarini takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Oʻtgan davr mobaynida atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasiga doir 60 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi.
“Oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni yangi tahrirda qabul qilindi. Shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 31-martdagi “Tabiatdan foydalanish sohasida davlat xizmatlari koʻrsatishning ayrim maʼmuriy reglamentlarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 255-sonli qarori; Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining 2018-yil 19-iyundagi 4-sonli hamda Toshkent shahar hokimining 2018-yil 21-iyundagi “Toshkent shahri hududidagi mavjud manzarali daraxt va butalar muhofazasini kuchaytirish, daraxtlarning noqonuniy kesilishini oldini olish, tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyati uchun yer uchastkalarini ajratishda daraxtlar va koʻp yillik butalarni saqlab qolish tizimini tashkillashtirish toʻgʻrisida”gi 937-sonli qoʻshma qarori normativ-huquqiy hujjatlar jumlasiga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Tabiatdan foydalanish sohasida davlat xizmatlari koʻrsatishning ayrim maʼmuriy reglamentlarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Qarori bilan “Davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni kesishga ruxsatnoma berish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti” tasdiqlandi, yuridik va jismoniy shaxslarga oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni kesishga ruxsatnomalar berishni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshirish tizimi yoʻlga qoʻyildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining 2018-yil 18-iyundagi “Davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni kesishga xulosa berish tartibini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 194-sonli buyrugʻi asosida daraxtlarni kesish uchun ruxsatnoma olish jarayonlarini qoʻmitaning rasmiy veb-saytiga joylashtirib borish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.
Elektron jamoaviy murojaatda daraxtlarni kesishga ikki oylik taqiq joriy etish toʻgʻrisidagi masala koʻtarilgan. Biroq buni amalda qoʻllashning imkoni yoʻq. Chunki daraxtlarni kesishga cheklov oʻrnatish boʻyicha xalqaro amaliyot va ilmiy tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, kasallangan hamda zararlangan daraxtlarning oʻz vaqtida kesib tashlanmasligi turli kasalliklarga va zararkunandalarning tarqalishiga olib kelishi, bu esa boshqa daraxtlarning zararlanishiga sabab boʻlishi mumkin.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari zimmasidan daraxtlarni kesishga ruxsatnoma berish vakolatini olib tashlash ham ijobiy natija bermaydi. Zero, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 100-moddasiga asosan mahalliy kommunal xoʻjalikka rahbarlik qilish va atrof-muhitni muhofaza qilish mahalliy davlat hokimiyati organlarining muhim vazifalaridan biridir.
Qonun hujjatlariga muvofiq mahalliy davlat hokimiyati organlari daraxtlar va butalarni kesishga ruxsatnomalarni faqat Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining hududiy boshqarmalari xulosasi asosida berishi mumkin.
Bugungi kunda qonun hujjatlarida huquqbuzarlik va jinoyat quroli hisoblangan ashyoviy dalillarni musodara qilishning huquqiy asoslari belgilangan. Oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish, sohadagi huquqbuzarliklarni profilaktika qilish, aniqlash va ularning oldini olish boʻyicha chora-tadbirlar Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi huzuridagi Bioxilmaxillik va muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni muhofaza qilish va ulardan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi. Shu sababli elektron jamoaviy murojaatda taklif etilayotgan sohada bir-birining vazifalarini takrorlovchi alohida vakolatli organni tashkil etishga ehtiyoj yoʻq.
Bundan tashqari, shahar va qishloq aholi punktlarida daraxtlar hamda butalarni muhofaza qilishga qaratilgan chora-tadbirlar, shuningdek mavjud huquqiy baza ularni toʻlaqonli muhofaza qilish, takror yetishtirish va ularning noqonuniy kesilishining oldini olish uchun yetarli emasligini koʻrsatmoqda. Shuningdek hozirgi kunda shaharlarda noyob va koʻp yillik daraxtlar inventarizatsiyadan oʻtkazilmagan, shuningdek ularning roʻyxati tuzilmagan. Bu holat ularni toʻliq muhofaza qilishga toʻsqinlik qilmoqda.
Shu kabi salbiy holatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish, ushbu yoʻnalishda mansabdor shaxslarning, yuridik va jismoniy shaxslarning masʼuliyatini oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga daraxtlar va butalarni shikastlantirganlik yoki ularni noqonuniy kesib tashlaganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish maqsadga muvofiq.
Daraxtlar va butalarni parvarish qilish, ularga shakl berish boʻyicha ishlar va agrotexnik tadbirlar sifatsiz oʻtkazilganligi natijasida ularga zarar yetkazish hamda ularning nobud boʻlishi hollari uchramoqda. Buning asosiy sabablaridan biri mazkur yoʻnalishda normativ-huquqiy hujjatlarning mavjud emasligidir.
Elektron jamoaviy murojaatni koʻrib chiqib va yuqorida bayon etilganlardan kelib chiqqan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasiga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga hamda xalq deputatlari viloyatlar Kengashlariga shahar va qishloq aholi punktlarida daraxtlar va butalar muhofazasini kuchaytirish, ularning noqonuniy kesilishini oldini olish boʻyicha Toshkent shahrida tatbiq etilgan amaliyotdan kelib chiqib, tegishli qarorlar qabul qilish hamda mazkur yoʻnalishda chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish tavsiya etilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qoʻmitasi zimmasiga Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga daraxtlar va butalarni shikastlantirganlik yoki ularni noqonuniy kesib tashlaganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish yuzasidan ikki oylik muddatda takliflar ishlab chiqish vazifasi yuklatilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
shahar va qishloq aholi punktlaridagi koʻp yillik daraxtlar va butalarni kesish hamda ularga agrotexnik ishlov berish qoidalari;
daraxtlar va butalarga zararkunandalar hamda kasalliklarga qarshi kimyoviy ishlov berish qoidalari;
shaharlarda ekishga ruxsat berilgan daraxt turlarini tartibga solish, ularga agrotexnik xizmat koʻrsatish tartibi;
shahar va qishloq aholi punktlaridagi noyob hamda koʻp yillik daraxtlarni inventarizatsiyadan oʻtkazish hamda ularning roʻyxatini tuzish tartibi;
daraxtlar va butalarga agrotexnik xizmat koʻrsatuvchi tegishli tashkilotlar xodimlarining malakasini oshirish tizimini joriy etish tartibi ishlab chiqilishini va belgilangan tartibda tasdiqlanishini taʼminlasin.
4. Ushbu qarorning ijrochilarga yetkazilishi hamda mohiyati va ahamiyati aholining keng qatlamlari oʻrtasida tushuntirilishi boʻyicha vazifalar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi zimmasiga yuklatilsin.
5. Ushbu qaror “Mening fikrim” veb-portaliga joylashtirilsin.
6. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qoʻmitasi zimmasiga yuklatilsin.
7. Ushbu qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2018-yil 27-iyul,
1861-III-son
