Saylov jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PQ-3961-son)
04.10.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasida saylov jarayonini yanada takomillashtirishning eng muhim yoʻnalishlaridan biri zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish hisoblanadi.
Mazkur yoʻnalishda amalga oshirilayotgan ishlar doirasida Saylovchilarning yagona elektron roʻyxatini (keyingi oʻrinlarda SYAER deb yuritiladi) joriy etishga qaratilgan Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimini yaratish hamda uni shakllantirish va undan foydalanishda idoralararo oʻzaro hamkorlik tartibini reglamentlashga doir chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi eksperiment tartibida 2017-yil dekabr oyida Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylov davomida sinovdan oʻtkazildi hamda xorijiy va mahalliy ekspertlar tomonidan ijobiy baholandi.
Shu bilan birga, oʻtkazilgan tahlil saylov jarayoniga SYAERni toʻlaqonli joriy etishni taʼminlashga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan qator tizimli muammo va kamchiliklar mavjudligini koʻrsatdi, xususan:
birinchidan, respublika koʻlamida SYAERdan foydalanish amaliyotining mavjud emasligi bir saylovchining bir vaqtning oʻzida bir nechta roʻyxatlarga kiritilishiga olib kelmoqda va “bir saylovchi — bir ovoz” prinsipiga toʻliq rioya qilinishini taʼminlamayapti;
ikkinchidan, saylovchi-fuqarolarning doimiy va vaqtincha yashash joylari manzillari toʻgʻrisida haqqoniy boʻlmagan axborot fuqarolarni tegishli saylovchilar roʻyxatlariga avtomatik kiritishda aniqlikni taʼminlash imkonini bermayapti;
uchinchidan, Koʻchmas mulk obyektlari manzillari yagona reyestrining mavjud emasligi, shuningdek, Koʻchmas mulk obyektlari manzillari yagona reyestridagi eskirgan va manfaatdor idoralar tomonidan foydalanilmaydigan axborot saylovchilarni uchastkalar boʻyicha taqsimlash jarayonini avtomatlashtirishga toʻsqinlik qilmoqda;
toʻrtinchidan, saylov uchastkalarining zamonaviy kompyuter uskunalari bilan jihozlanishi va ularning internet tarmogʻiga ulanishi darajasi pastligicha qolayotgani saylov jarayonida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan toʻliq foydalanish imkonini bermayapti;
beshinchidan, joylardagi saylov komissiyalari aʼzolarining axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishga doir bilim va koʻnikmalari darajasi pastligi saylov jarayonini raqamlashtirish va avtomatlashtirishda qiyinchilik tugʻdirmoqda.
Saylov jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishni taʼminlash, shuningdek, Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimini joriy etish va SYAERdan samarali foydalanish uchun zarur apparat-dasturiy infratuzilmani yaratish maqsadida:
1. Markaziy saylov komissiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasining mamlakatimizning butun hududida saylov jarayoniga Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimini joriy etish va SYAERdan foydalanish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
2. SYAERni shakllantirishda Ichki ishlar vazirligining maʼlumotlar axborot bazasiga, Koʻchmas mulk obyektlari yagona reyestri va Koʻchmas mulk obyektlari manzillari yagona reyestriga muvofiq saylovchi-fuqarolar, ularning doimiy va vaqtincha yashash joylarining manzillari toʻgʻrisidagi yagona axborotdan foydalanilishi belgilab qoʻyilsin.
3. Belgilansinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi mamlakatning butun hududida Saylov jarayonini boshqarishning axborot tizimini joriy etish va SYAERdan foydalanish boʻyicha faoliyatga umumiy rahbarlikni va muvofiqlashtirishni amalga oshiradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimini joriy etish va SYAERdan foydalanishda yagona texnologik yondashuvni, shuningdek, ularning hududlarda samarali ishlashini taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi Koʻchmas mulk obyektlari manzillarining yagona reyestri va Koʻchmas mulk obyektlarining yagona reyestrini yuritish uchun javobgar organ hisoblanadi;
“UNICON.UZ” — “Fan-texnika va marketing tadqiqotlari” DUK Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimini yaratish, yanada takomillashtirish va unga texnik xizmat koʻrsatish ishlarini amalga oshiradi, shuningdek, uning samarali va uzluksiz ishlashini taʼminlaydi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Bosh prokuratura, Davlat soliq qoʻmitasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2019-yil 1-aprelga qadar muddatda:
fuqarolarni uyma-uy yurib oʻrganish orqali ularning pasport maʼlumotlarini koʻchmas mulk obyektining kadastr raqamiga bogʻlagan holda Ichki ishlar vazirligi maʼlumotlar axborot bazasidagi fuqarolarning doimiy va vaqtincha yashash joylari manzillari toʻgʻrisidagi axborotni toʻliq dolzarblashtirishni oʻtkazishni;
tumanlar (shaharlar) va hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish sektorlari rahbarlarini uyma-uy yurib oʻrganishni tashkil etishga jalb etishni;
Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi bilan birgalikda fuqarolarning pasport maʼlumotlarini koʻchmas mulk obyektining kadastr raqamiga bogʻlagan holda Ichki ishlar vazirligi maʼlumotlar axborot bazasini Koʻchmas mulk obyektlarining yagona reyestriga va Koʻchmas mulk obyektlari manzillarining yagona reyestriga muvofiqlashtirilishini taʼminlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi Ichki ishlar vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda 2019-yil 1-aprelga qadar muddatda koʻchmas mulk obyektlarini xatlovdan oʻtkazsin va xatlov natijalariga koʻra Koʻchmas mulk obyektlarining yagona reyestri va Koʻchmas mulk obyektlari manzillarining yagona reyestrini shakllantirish jarayonini yakuniga yetkazsin.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari ushbu qarorning 4-bandiga muvofiq uyma-uy yurib oʻrganish natijasida toʻplangan axborotni Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining maʼlumotlar axborot bazasiga kiritish uchun kompyuter uskunalari bilan jihozlangan zarur xonalar va xodimlarni ajratsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi:
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining talabnomalariga koʻra ushbu qarorning 4-bandiga muvofiq uyma-uy yurib oʻrganish natijasida toʻplangan axborotni Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining maʼlumotlar axborot bazasiga kiritish uchun ajratilgan xonalarning belgilangan tartibda maʼlumotlar uzatish tarmoqlariga ulanishini taʼminlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi bilan birgalikda Koʻchmas mulk obyektlarining yagona reyestri va Koʻchmas mulk obyektlari manzillari yagona reyestrining “Elektron hukumat” tizimiga integratsiyalashuvini taʼminlasin;
Saylov uchastkasini aniqlashtirish va uni oʻzgartirish imkoniyatini taqdim etish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishni hisobga olgan holda Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimining “Elektron hukumat” tizimiga integratsiyalashuvini taʼminlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Markaziy saylov komissiyasi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2018-2019-yillarda saylov komissiyalari vakillarini Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi, shu jumladan, SYAER bilan ishlash koʻnikmalariga oʻqitishni taʼminlasin.
9. Saylovchilarning yagona elektron roʻyxatini shakllantirish va undan foydalanish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari dasturi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
10. Quyidagilar moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
koʻchmas mulk obyektlarini xatlovdan oʻtkazishni hamda Koʻchmas mulk obyektlarining yagona reyestri va Koʻchmas mulk obyektlari manzillarining yagona reyestrini shakllantirish boʻyicha — 20 foizi Yer munosabatlari va davlat kadastrini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari, 80 foizi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining maʼlumotlar axborot bazasini modernizatsiya qilish boʻyicha — vazirlikning budjetdan tashqari mablagʻlari;
xonalarni ushbu qarorning 4 va 7-bandlariga muvofiq maʼlumotlar uzatish tarmoqlariga ulash boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining budjetdan tashqari mablagʻlari.
11. Quyidagilarga:
Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov zimmasiga — fuqarolarni uyma-uy yurib oʻrganish orqali ularning pasport maʼlumotlarini koʻchmas mulk obyektining kadastr raqamiga bogʻlagan holda Ichki ishlar vazirligining axborot bazasidagi fuqarolarning doimiy va vaqtincha yashash joylari manzillari toʻgʻrisidagi axborotning toʻliq dolzarblashtirilishi uchun;
Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi raisi A.X. Abdullayev zimmasiga — koʻchmas mulk obyektlarining toʻliq xatlovdan oʻtkazilishi hamda Koʻchmas mulk obyektlarining yagona reyestri va Koʻchmas mulk obyektlari manzillarining yagona reyestrini shakllantirish boʻyicha ishlarning yakuniga yetkazilishi uchun;
Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.M. Sodiqov zimmasiga — Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimining yanada takomillashtirilishi va toʻliq ishlashi, shuningdek, saylov komissiyalari saylov vaqtida maʼlumotlar uzatish tarmoqlariga uzluksiz ulanishini taʼminlash uchun;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari zimmasiga — fuqarolarning yashash joylari manzillari toʻgʻrisidagi axborotni dolzarblashtirish va saylov vaqtida saylov komissiyalari Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimidan samarali foydalanishi uchun zarur xonalar, zamonaviy uskunalar va xodimlar taqdim etilishi uchun;
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi M.E. Abdusalomov zimmasiga — saylov komissiyalari vakillarini Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi bilan ishlash koʻnikmalariga oʻqitish va davlat organlarining ular zimmasiga saylov jarayoniga SYAERni joriy etish uchun zarur sharoitlarni yaratishga doir yuklangan majburiyatlarining bajarilishi ustidan taʼsirchan nazoratni amalga oshirish uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 11-apreldagi “Davlat xizmatlari koʻrsatish tizimini jadal rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-3662-son qarorining 8-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M. Mavlonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 4-oktabr,
PQ-3961-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 4-oktabrdagi PQ-3961-son qaroriga ILOVA
Saylovchilarning yagona elektron roʻyxatini shakllantirish va undan foydalanish tizimini yanada takomillashtirish
CHORA-TADBIRLARI REJASI
T/r Chora-tadbirlar nomi Amalga oshirish shakli Amalga oshirish muddatlari Ijrochilar I. Normativ-huquqiy bazani takomillashtirish 1. SYAERni shakllantirish va undan foydalanish tartibini koʻzda tutadigan normalarni ishlab chiqish va Saylov kodeksi loyihasiga kiritish. Kodeks loyihasi 2018-yil 1-dekabrgacha MSK (M. Abdusalomov), Axborot texnologiyalari vazirligi (Sh. Sadikov), Adliya vazirligi (R. Davletov), manfaatdor vazirlik va idoralar 2. Saylovchilarning elektron roʻyxatini tuzish, aniqlashtirish va Oʻzbekiston Respublikasida saylovlarda undan foydalanish. MSK qarori 2019-yil 1-yanvargacha MSK (M. Abdusalomov), Axborot texnologiyalari vazirligi (Sh. Sadikov), Adliya vazirligi (R. Davletov) 3. Saylovchilarning yagona elektron roʻyxatini shakllantirishda idoralararo oʻzaro hamkorlik reglamentlarini ishlab chiqish va tasdiqlash. Oʻzaro hamkorlik qilish reglamentlari 2019-yil 1-martgacha Axborot texnologiyalari vazirligi (Sh. Sadikov), DPM (N. Turaxodjayev), IIV (P. Bobojonov), Yergeodezkadastr davlat qoʻmitasi (A. Abdullayev), TIV (A. Kamilov), Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Shadmanov), Oliy sud (K. Kamilov) II. Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi infratuzilmasini rivojlantirish 4. Manfaatdor vazirlik va idoralar tomonidan Ichki ishlar vazirligining maʼlumotlar bazasidagi fuqarolarning doimiy va vaqtincha yashash joylarining manzillari toʻgʻrisidagi axborotni toʻliq dolzarblashtirish hamda Koʻchmas mulk obyektlarining yagona reyestrini va Koʻchmas mulk obyektlari manzillarining yagona reyestrini shakllantirish maqsadida fuqarolarni uyma-uy yurib oʻrganish grafigini tasdiqlash. Idoralararo hujjat 2018-yil 1-dekabrgacha IIV (P. Bobojonov), Yergeodezkadastr davlat qoʻmitasi (A. Abdullayev), Bosh prokuratura (O. Murodov), DSQ (B. Musayev), Axborot texnologiyalari vazirligi (Sh. Sadikov), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, manfaatdor vazirlik va idoralar 5. Ichki ishlar vazirligining maʼlumotlar bazasidagi fuqarolarning doimiy va vaqtincha yashash joylarining manzillari toʻgʻrisidagi axborotni toʻliq dolzarblashtirish hamda uni Koʻchmas mulk obyektlarining yagona reyestrini va Koʻchmas mulk obyektlari manzillarining yagona reyestriga muvofiq holga keltirish tartibi toʻgʻrisidagi idoralararo hujjatni tayyorlash. Idoralararo hujjat 2018-yil 1-noyabrgacha IIV (P. Bobojonov), Yergeodezkadastr davlat qoʻmitasi (A. Abdullayev), Bosh prokuratura (O. Murodov), DSQ (B. Musayev), DPM (N. Turaxodjayev), Axborot texnologiyalari vazirligi (Sh. Sadikov) 6. Uyma-uy yurib oʻrganish natijalari boʻyicha axborotni Ichki ishlar vazirligining maʼlumotlar axborot bazasiga kiritish uchun kompyuter uskunasi bilan jihozlangan zarur boʻlgan xonalarni, xodimlarni ajratish. Tashkiliy chora-tadbirlar 2018-yil 1-noyabrgacha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, IIV (P. Bobojonov), Axborot texnologiyalari vazirligi (Sh. Sadikov), MSK (M. Abdusalomov), manfaatdor vazirlik va idoralar 7. Maʼmuriy-hududiy chegaralarni belgilagan holda Koʻchmas mulk obyektlarining yagona reyestrini va Koʻchmas mulk obyektlari manzillarining yagona reyestrini yaratish va shakllantirish, shu jumladan: Koʻchmas mulk obyektlari manzillarining yagona reyestrini shakllantirish va yuritish tartibini ishlab chiqish; Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi 2018-yil 25-noyabrgacha Vazirlar Mahkamasi (Z. Mirzayev) tumanlar (shaharlar)ning aholi punktlaridagi koʻchalarni va koʻchmas mulk obyektlarini inventarizatsiya qilish ishlarini tez va sifatli oʻtkazish maqsadida mobil geoaxborot ilovasini ishlab chiqish; 2018-yil 25-noyabrgacha tumanlar (shaharlar)ning aholi punktlaridagi koʻchalarni va koʻchmas mulk obyektlarini inventarizatsiyasini oʻtkazish va ularga manzillar (geokodlar)ni berish; Chora-tadbirlar kompleksi 2019-yil 1-aprelgacha Yergeodezkadastr davlat qoʻmitasi (A. Abdullayev), Moliya vazirligi (A. Xaydarov), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, manfaatdor vazirlik va idoralar Koʻchmas mulk obyektlarining yagona reyestrini yaratish va shakllantirish hamda ularni geoaxborot portalida aks ettirish; 2019-yil 1-aprelgacha Koʻchmas mulk obyektlari manzillarining yagona reyestrini yaratish va shakllantirish hamda uni respublika toponimik reyestriga integratsiyalash. 2019-yil 1-aprelgacha 8. SYAER bilan ishlashni osonlashtirish maqsadida Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimini toʻldirish, shu jumladan foydalanuvchi interfeysini takomillashtirish va uning mobil versiyasini yaratish. Chora-tadbirlar kompleksi 2019-yil 1-iyulgacha Axborot texnologiyalari vazirligi (Sh. Sadikov), MSK (M. Abdusalomov) 9. Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimining apparat-dasturiy taʼminotini modernizatsiyalash, shu jumladan uning uzluksiz ishlashini taʼminlash maqsadida qoʻshimcha server uskunasini xarid qilish. Chora-tadbirlar kompleksi 2019-yil 15-iyulgacha Axborot texnologiyalari vazirligi (Sh. Sadikov), MSK (M. Abdusalomov) 10. Koʻchmas mulk obyektlarining yagona reyestrini va Koʻchmas mulk obyektlari manzillarining yagona reyestrini “Elektron hukumat” tizimiga integratsiyalash. Chora-tadbirlar rejasi 2019-yil 1-sentabrgacha Axborot texnologiyalari vazirligi (Sh. Sadikov), Yergeodezkadastr davlat qoʻmitasi (A. Abdullayev) III. Saylov uchastkalarini jihozlashni tashkil qilish 11. Saylovlarni oʻtkazish uchun okrug va uchastka saylov komissiyalarini joylashtirish uchun belgilangan binolar va xonalarning maʼlumotlar bazalarini shakllantirish. Chora-tadbirlar kompleksi 2018-yil 15-noyabrgacha MSK (M. Abdusalomov), Axborot texnologiyalari vazirligi (Sh. Sadikov), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 12. SYAERdan foydalanish uchun saylov uchastkalarini texnik uskunalar bilan jihozlash boʻyicha standartlarni ishlab chiqish. Idoraviy hujjat 2018-yil 1-dekabrgacha MSK (M. Abdusalomov), Axborot texnologiyalari vazirligi (Sh. Sadikov) 13. Saylovchilarning elektron roʻyxatlarini shakllantirish va aniqlashtirish uchun saylov komissiyalariga zarur boʻladigan kompyuterlar, tashkiliy texnika (printer, skaner, nusxa koʻchirish apparati), aloqa vositalari (telefon, faks, internet)ning talab qilinadigan miqdorini aniqlash ishlarini tashkil qilish. Idoraviy hujjat 2019-yil 1-maygacha MSK (M. Abdusalomov), Axborot texnologiyalari vazirligi (Sh. Sadikov), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 14. Viloyat, tuman (shahar), okrug va uchastka saylov komissiyalarini zamonaviy kompyuterlar, tashkiliy texnika (printer, skaner, nusxa koʻchirish apparati), aloqa vositalari (telefon, faks) bilan jihozlash. Chora-tadbirlar kompleksi 2019-yil 1-noyabrgacha Axborot texnologiyalari vazirligi (Sh. Sadikov), “Oʻzbektelekom” AK (Sh. Kadirov), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 15. Viloyat, tuman (shahar), okrug va uchastka saylov komissiyalarining maʼlumotlar uzatish tarmoqlariga ulanishini taʼminlash. Chora-tadbirlar kompleksi 2019-yil 1-oktabrdan 2020-yil 1-fevralgacha Axborot texnologiyalari vazirligi (Sh. Sadikov), “Oʻzbektelekom” AK (Sh. Kadirov) 16. Saylov kampaniyasi davrida Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi va maʼlumotlar uzatish tarmoqlarining ishlashini qoʻllab-quvvatlash. Chora-tadbirlar kompleksi 2019-yil 1-oktabrdan 2020-yil 1-fevralgacha Axborot texnologiyalari vazirligi (Sh. Sadikov), “Oʻzbektelekom” AK (Sh. Kadirov), manfaatdor vazirlik va idoralar IV. Saylov komissiyalarining aʼzolarini Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi bilan ishlashga oʻqitish 17. Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimidan foydalanishga oʻqitish uchun viloyatlar, tumanlar va shaharlar kesimida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida mutaxassislarni (trenerlarni) belgilash. Idoraviy hujjat 2018-yil 1-dekabrgacha Axborot texnologiyalari vazirligi (Sh. Sadikov), Oliy taʼlim vazirligi (I. Majidov), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, MSK (M. Abdusalomov) 18. Saylov komissiyalari (saylov komissiyalarining vakillari) tarkibida Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi bilan ishlash uchun nomzodlarning elektron maʼlumotlar bazasini yaratish. Chora-tadbirlar kompleksi 2018-yil 15-dekabrgacha MSK (M. Abdusalomov), Axborot texnologiyalari vazirligi (Sh. Sadikov), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 19. Hududiy trenerlar, tumanlar va shaharlar trenerlarini, shuningdek, saylov komissiyalari vakillarini Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi bilan ishlashga oʻqitish grafigini tasdiqlash. Qoʻshma idoraviy hujjat 2019-yil 1-yanvargacha MSK (M. Abdusalomov), Oliy taʼlim vazirligi (I. Majidov), Axborot texnologiyalari vazirligi (Sh. Sadikov), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 20. Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi bilan ishlashga oʻqitish boʻyicha uslubiy qoʻllanmalarni ishlab chiqish. Uslubiy qoʻllanmalar 2019-yil 15-yanvargacha MSK (M. Abdusalomov), Axborot texnologiyalari vazirligi (Sh. Sadikov), Oliy taʼlim vazirligi (I. Majidov) 21. Hududiy trenerlarni keyinchalik ular tumanlar va shaharlar trenerlarini oʻqitishi uchun Toshkent shahrida Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi bilan ishlashga oʻqitish. Oʻqitish grafigi 2019-yil 1-aprelgacha Axborot texnologiyalari vazirligi (Sh. Sadikov), Oliy taʼlim vazirligi (I. Majidov), MSK (M. Abdusalomov), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 22. Hududiy trenerlar tomonidan tumanlar va shaharlar trenerlarini viloyat markazlari va Toshkent shahrida keyinchalik ular saylov komissiyalari vakillarini oʻqitishi uchun Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi bilan ishlashga oʻqitish. Oʻqitish grafigi 2019-yil 1-avgustgacha Axborot texnologiyalari vazirligi (Sh. Sadikov), Oliy taʼlim vazirligi (I. Majidov), MSK (M. Abdusalomov), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 23. Tumanlar va shaharlar trenerlari tomonidan saylov komissiyalarining vakillarini Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi bilan ishlashga oʻqitish. Oʻqitish grafigi 2019-yil 1-oktabrgacha Axborot texnologiyalari vazirligi (Sh. Sadikov), Oliy taʼlim vazirligi (I. Majidov), MSK (M. Abdusalomov), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 24. Oʻzbekistonda SYAERdan foydalanish imkoniyatlarini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida olimlar, mutaxassislar va ekspertlar, shu jumladan, xorijiy mutaxassislar ishtirokidagi “davra suhbatlari”, seminar-treninglar va boshqa tadbirlarni tashkil etish. Tashkiliy-texnik chora-tadbirlar Alohida grafikka muvofiq MSK (M. Abdusalomov), MTRK (A. Xadjayev), OʻzA (A. Koʻchimov), EOAVMA (F. Abduxalikov), Axborot texnologiyalari vazirligi (Sh. Sadikov), manfaatdor vazirlik va idoralar
Izoh: 7-bandda koʻzda tutilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
Mobil geoaxborot ilovani ishlab chiqish va tumanlar (shaharlar)ning aholi punktlaridagi koʻchalarni va manzillar (geokodlar)ni bergan holda koʻchmas mulk obyektlarini xatlovdan oʻtkazish — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan 5 000,0 mln. soʻm, Yer munosabatlari va davlat kadastrini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 1 023,7 mln. soʻm;
Koʻchmas mulk obyektlarining yagona reyestri va Koʻchmas mulk obyektlari manzillarining yagona reyestrini yaratish va shakllantirish — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan 5 590,0 mln. soʻm, Yer munosabatlari va davlat kadastrini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 1 623,9 mln. soʻm.
