Tijorat banklari tomonidan davlat maqsadli jamgʻarmalari kredit liniyalari hisobidan imtiyozli mikrokreditlar berish tartibi toʻgʻrisida nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida (2527-2-son)
28.09.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 28-sentabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2527-2]
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-iyuldagi PQ-3856-son “Aholi bandligini taʼminlash borasidagi ishlarni takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi va Moliya vazirligi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi va Moliya vazirligining 2013-yil 14-oktabrdagi 329-V va 98-son qarori (roʻyxat raqami 2527, 2013-yil 19-noyabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 47-son, 622-modda) bilan tasdiqlangan Tijorat banklari tomonidan davlat maqsadli jamgʻarmalari kredit liniyalari hisobidan imtiyozli mikrokreditlar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2018-yil 27-avgust,
329-V-2-son
Moliya vaziri D. KUChKAROV
Toshkent sh.,
2018-yil 27-avgust,
123-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi va Moliya vazirligining 2018-yil 27-avgustdagi 329-V-2, 123-sonli qaroriga ILOVA
Tijorat banklari tomonidan davlat maqsadli jamgʻarmalari kredit liniyalari hisobidan imtiyozli mikrokreditlar berish tartibi toʻgʻrisida nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Muqaddima quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Mikromoliyalash toʻgʻrisida”gi, “Oilaviy tadbirkorlik toʻgʻrisida”gi, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonunlariga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-iyuldagi PQ-3856-son “Aholi bandligini taʼminlash borasidagi ishlarni takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, tijorat banklari tomonidan davlat maqsadli jamgʻarmalari kredit liniyalari hisobidan imtiyozli mikrokreditlar berish tartibini belgilaydi.”.
2. 1-bandda:
toʻrtinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“qarz oluvchilar (qarzdor) — aholi bandligiga koʻmaklashish markazlarida roʻyxatga olingan ishsiz shaxslar, mehnat migratsiyasidan qaytgan fuqarolar, turmushida ogʻir hayotiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlar, kam taʼminlangan oilalarning aʼzolari va aholining boshqa ijtimoiy ehtiyojmand qatlami vakillari, yakka tartibdagi tadbirkorlar, mikrofirmalar, kichik korxonalar, dehqon va fermer xoʻjaliklari hamda oilaviy tadbirkorlik subyektlari;”;
quyidagi mazmundagi beshinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“tavsiyanoma — mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shakldagi hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha sektorlar rahbarlari va tuman (shahar) Bandlikka koʻmaklashish markazlari rahbarlari tomonidan beriladigan imtiyozli kreditlash boʻyicha hujjat.”.
3. 3-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“3. Mikrokreditlar eng kam ish haqining 500 baravarigacha boʻlgan miqdorda 3 yillik muddatga, 6 oylik imtiyozli davr bilan, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki qayta moliyalashtirish stavkasining 50 foizi miqdoridagi foiz stavkasi, shu jumladan tijorat bankining ajratiladigan kredit stavkasining 50 foizi miqdoridagi marja bilan taqdim etiladi.
Bunda mikrokreditlar aholi bandligiga koʻmaklashish markazlarida roʻyxatga olingan ishsiz shaxslarga, mehnat migratsiyasidan qaytgan fuqarolarga, turmushida ogʻir hayotiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga, kam taʼminlangan oilalarning aʼzolariga va aholining boshqa ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlariga garov taʼminotisiz eng kam ish haqining 100 baravari miqdoridan oshmagan hajmda ajratilishi mumkin.
Bunda tijorat banklari kreditning qaytmaslik xatarini sugʻurtalaydi.”.
4. 4-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
5. 7-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“7. Davlat maqsadli jamgʻarmasi kredit liniyasi hisobidan mikrokreditlar qarz oluvchilarga quyidagi maqsadlar uchun ajratiladi:
shaxsiy tomorqa va dehqon xoʻjaliklarida ishlab chiqarishni rivojlantirish maqsadida issiqxonalar tashkil etish, baliqchilik va asalarichilikni rivojlantirish, quyon boqish va yetishtirish, urugʻliklar, koʻchatlar, chorva mollari va parrandalar, qishloq xoʻjaligi inventari va uskunalari, sugʻorish moslamalari (nasoslar, artezian quduqlari va boshqalar) xarid qilish;
qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, saqlash va qadoqlash, qurilish materiallari, oziq-ovqat va nooziq-ovqat isteʼmol mollari ishlab chiqarish uchun zamonaviy mini-uskuna va xomashyo xarid qilish;
xizmat koʻrsatish sohasida, ayniqsa, hunarmandchilik, maishiy, taʼmirlash, taʼlim, tibbiy, axborot-kommunikatsiya va boshqa talab yuqori boʻlgan sohalarda faoliyat koʻrsatadigan korxonalar tashkil etish va jihozlash;
qishloq tumanlarida, ayniqsa, xotin-qizlar oʻrtasida kasanachilikni rivojlantirish;
tuman va shaharlarning ishlab chiqarish ixtisoslashuvi, mavjud mineral xomashyo, er, qishloq xoʻjaligi va boshqa resurslarni hisobga olgan holda boshqa yoʻnalishlar.”.
6. 9-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“9. Qarz oluvchi — jismoniy shaxslar mikrokredit olish uchun bankka quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq ariza;
pasport nusxasi;
tavsiyanoma.”.
7. Quyidagi mazmundagi 91-band bilan toʻldirilsin:
“91. Qarz oluvchi — tadbirkorlik subyektlari mikrokredit olish uchun xizmat koʻrsatuvchi bankka quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
ariza;
qarz oluvchining bank hisobvaragʻiga pul tushumlari (pul oqimi) prognozi koʻrsatilgan biznes-reja;
tegishli davlat soliq inspeksiyasining qarz oluvchi oxirgi hisobot davri uchun buxgalteriya balansi (1-son shakl), 90 kundan ortiq muddatdagi qarzlarga doir solishtirish dalolatnomalari, moliyaviy natijalar toʻgʻrisida hisobot (2-son shakl), yangi tashkil etilgan yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar, dehqon xoʻjaliklari, oilaviy tadbirkorlik subyektlari bundan mustasno;
mazkur Nizomning 11-bandida nazarda tutilgan kredit taʼminoti turlaridan biri.”.
8. 11-bandning ikkinchi xatboshida “mol-mulk garovi” soʻzlaridan soʻng “(jismoniy shaxslar bundan mustasno)” degan soʻzlari bilan toʻldirilsin.
9. Mazkur oʻzgartirish va qoʻshimchalarning 1 va 2-ilovalariga muvofiq 1 va 2-ilovalar bilan toʻldirilsin.
10. Mazkur oʻzgartirish va qoʻshimchalar Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan kelishilgan.
Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sh. KUDBIYEV
2018-yil 27-avgust
Tijorat banklari tomonidan davlat maqsadli jamgʻarmalari kredit liniyalari hisobidan imtiyozli mikrokreditlar berish tartibi toʻgʻrisida nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarga 1-ILOVA
“Tijorat banklari tomonidan davlat maqsadli jamgʻarmalari kredit liniyalari hisobidan imtiyozli mikrokreditlar berish tartibi toʻgʻrisida nizomga 1-ILOVA
Tijorat banklari tomonidan davlat maqsadli jamgʻarmalari kredit liniyalari hisobidan imtiyozli mikrokreditlar berish tartibi toʻgʻrisida nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarga 2-ILOVA
“Tijorat banklari tomonidan davlat maqsadli jamgʻarmalari kredit liniyalari hisobidan imtiyozli mikrokreditlar berish tartibi toʻgʻrisida nizomga 2-ILOVA
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.09.2018-y., 10/18/2527-2/1974-son)
