Fargʻona viloyatida anor yetishtirishni koʻpaytirish va sohani rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (791-son)
04.10.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Fargʻona viloyatida anor yetishtiruvchi xoʻjaliklarni tashkil etish va ushbu faoliyat bilan shugʻullanuvchi xususiy sektor vakillariga koʻmaklashish, ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikda ilmiy ishlar olib borish, innovatsion resurs tejaydigan texnologiyalar asosida anor koʻchatlari va mahsulotini yetishtirish, uni qayta ishlashni kompleks rivojlantirish, sohaning eksport salohiyatini yanada yuksaltirish hamda aholi bandligi va daromadlari darajasini oshirish, ayniqsa, qishloq joylarda yangi ish oʻrinlari yaratish mexanizmini taʼminlaydigan yagona tashkiliy tizimni yoʻlga qoʻyish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, “Oʻzbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi, “Davyergeodezkadastr” qoʻmitasi, Fargʻona viloyati hokimligi hamda anor yetishtiruvchi tashkilotlarning Fargʻona viloyatida anor koʻchatlarini yetishtirishni yanada rivojlantirish, qayta ishlash va eksport hajmini oshirish maqsadida “Anor yetishtiruvchilar” uyushmasini (keyingi oʻrinlarda Uyushma deb ataladi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar Uyushmaning asosiy vazifalari etib belgilangani maʼlumot uchun qabul qilinsin:
anorchilik sohasini rivojlantirish, respublikaning barcha hududlarida uyushmaning filiallarini ochish, ixtisoslashgan xoʻjaliklar tashkil etish va ushbu faoliyat bilan shugʻullanuvchi xususiy sektor vakillariga koʻmaklashish;
sohani kompleks rivojlantirishda ishtirok etish, ilmiy-texnikaviy, texnologik, investitsion loyihalarni amalga oshirish va ilgʻor innovatsion texnologiyalarni joriy qilish;
yer maydonlaridan samarali foydalanish, resurs tejaydigan intensiv texnologiyalarni qoʻllagan holda anorzorlar barpo etish, mahsulot yetishtirishni koʻpaytirish, uni qayta ishlash va eksport qilish ishlarini bosqichma-bosqich amalga oshirish;
anor yetishtirish jarayonlariga xorijiy investitsiyalarni, chet ellik mutaxassislar hamda maslahatchilarni faol jalb qilish, ularning tajribalarini oʻrganish va sohaga ilgʻor texnologiyalarni keng joriy qilish;
sifatli eksportbop anor koʻchatlarini koʻpaytirish, fermer va dehqon xoʻjaliklariga koʻchatlarni tizimli yetkazib berish, kasallik va zararkunandalarga qarshi biologik hamda kimyoviy vositalar asosida kurashish ishlarini tashkil etish;
anor yetishtirish, uni qayta ishlash va eksportga yetkazib berish jarayonlarini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etish;
anorzorlarda mavsum davomida agrotexnika tadbirlarini sifatli oʻtkazish boʻyicha fermer va dehqon xoʻjaliklari rahbarlarini oʻqitish uchun anorchilik maktabini tashkil etgan holda maxsus oʻquv-tayyorlov kurslarini tashkil etish;
yangi anorzorlar tashkil etish va agrotexnika tadbirlarini oʻtkazish uchun talab etiladigan mineral oʻgʻitlar va yoqilgʻi-moylash materiallari hisob-kitobini yuritish.
3. Quyidagilar maʼlumot uchun qabul qilinsin:
Fargʻona viloyatidagi “Fargʻona anorchilik” va “Mindonobod agrosanoat” agrofirmalari, “Fargʻonaazot” AJ, “Mastona” AJ, “Agro sifat logistika” MChJ, “Agro servis aziya” MChJ, anor koʻchatchiligi va eksporti bilan shugʻullanuvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlar, anor yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklari hamda boshqa tashkilotlar Uyushma muassislari hisoblanadi;
fermer xoʻjaliklari va boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlar shartnoma asosida Uyushmaga mustaqil aʼzo boʻlishlari mumkin va uning tarkibidan chiqish huquqiga egadirlar;
Uyushma faoliyatini moliyalashtirish uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning ixtiyoriy ajratmalari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
4. Quyidagilar:
“Anor yetishtiruvchilar” uyushmasining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
“Anor yetishtiruvchilar” uyushmasining boshqaruv xodimlari umumiy cheklangan soni 12 nafardan iborat boʻlgan ijro etuvchi apparati tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;
Fargʻona viloyati tumanlarida 2018 — 2020-yillarda anorzorlar tashkil etish, talab etiladigan koʻchatlar va mablagʻlar hamda yaratiladigan qoʻshimcha yangi ish oʻrinlari boʻyicha hisob-kitoblar koʻrsatkichlari 3-ilovaga muvofiq;
Fargʻona viloyati tumanlarida 2023 — 2025-yillarda anor yetishtirish, eksport qilish hajmlari hamda olinadigan daromadlar boʻyicha prognoz koʻrsatkichlar 4-ilovaga muvofiq maʼqullansin.
Uyushma raisiga, zarurat boʻlganda, ijro etuvchi apparatning tuzilmasiga oʻzgartirish kiritish huquqi berilsin.
5. Belgilab qoʻyilsinki, Uyushma raisi va oʻrinbosarlari muassislarning umumiy yigʻilishi qarori bilan saylanadi.
Uyushma raisi va oʻrinbosarlari umumiy yigʻilish oldida hisobdor hisoblanadi.
6. Uyushma tarkibida Anorchilik ilmiy-innovatsion markazi (keyingi oʻrinlarda Markaz deb ataladi) tashkil etish va quyidagilarni uning asosiy vazifalari etib belgilash taklifiga rozilik berilsin:
innovatsion texnologiyalarni joriy etgan holda, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish uchun maxsus koʻchatchilik laboratoriyasini tashkil etish, ushbu laboratoriyada anorning mahalliy serhosil, virusdan holi boʻlgan sogʻlom, kasallikka, qurgʻoqchilikka, sovuqqa chidamli, jahon andozalariga mos va urugʻsiz anor koʻchatlarining yangi navlarini yaratish;
hududlarning tuproq-iqlim sharoitlaridan kelib chiqib, yuqori hosil beradigan eksportbop yangi navlarni rayonlashtirish;
anorzorlar qator oralariga qishloq xoʻjaligi ekinlarini ekish, koʻchatlarni ekish sxemasi, parvarishlash, sugʻorish, oziqlantirish va mavsum davomida agrotexnik tadbirlarni oʻtkazish, yuqori hosil olish masalalari boʻyicha ilmiy asoslangan amaliy tavsiyalar va qoʻllanmalar ishlab chiqish;
anor koʻchatlarini ekish, parvarishlash, yetishtirish, yigʻishtirib olish hamda ularni qayta ishlash, saqlash, saralash va eksport qilish masalalari boʻyicha har yili mavsumda joylarda koʻrgazmali oʻquv-seminarlar oʻtkazish;
koʻchatlarni ekish va agrotexnik tadbirlarni oʻtkazish boʻyicha koʻchat yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklari bilan hamkorlikda ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish;
yetishtirilgan anor koʻchatlarini fermer, dehqon xoʻjaliklari va aholining shaxsiy tomorqalari uchun sotishni yoʻlga qoʻyish.
7. Markaz faoliyatini yoʻlga qoʻyish hamda koʻchatchilik laboratoriyasini tashkil etish ishlarini moliyalashtirish, ularni kelgusida rivojlantirish va bu sohada ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, yangi anor navlarini yaratish va amaliy seminarlar tashkil etish Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va Fargʻona viloyati hokimligiga yuklatilsin.
8. Fargʻona viloyati hokimligi Uyushmaga barcha qulayliklarga ega boʻlgan bino va Markazga talab etiladigan yer maydonlarini ajratish hamda faoliyatini yoʻlga qoʻyish bilan bogʻliq tashkiliy masalalarni bir oy muddatda hal etsin.
9. “Oʻzbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi Uyushma va Fargʻona viloyati hokimligi bilan birgalikda:
anor mahsulotlari eksportining yangi istiqbolli yoʻnalishlarini belgilash, ichki va tashqi bozor talablarini oʻrganish;
tashqi bozor talablaridan kelib chiqib, anorning eksportbop va qayta ishlashga mos navlarini yetishtirishga buyurtmalar berish hamda yetishtirilgan mahsulotlarni kafolatli xarid qilish;
yetishtirilgan anor mahsulotlarini eksportga chiqarish boʻyicha zamonaviy logistika tizimini keng joriy etish, mahsulotni xalqaro talablar va standartlarga mos keladigan holda saralash, kalibrlash va qadoqlash yoʻli bilan eksportga chiqarishdan oldin tayyorlash ishlarini tashkil etsinlar.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat taʼminoti ilmiy-ishlab chiqarish markazi, Toshkent davlat agrar universiteti, “Oʻzbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi, Uyushma bilan birgalikda:
anorzorlar qator oralariga qishloq xoʻjaligi ekinlarini ekish, parvarishlash, yiliga kamida 2 marotaba hosil olish masalalari boʻyicha ilmiy asoslangan amaliy qoʻllanma ishlab chiqish;
bir oy muddatda hududlarning tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib anorzorlar tashkil etish, yetishtirish, parvarishlash va yigʻishtirib olish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish;
2018-yil 10-oktabrgacha anorni ekish, parvarishlash, yetishtirish, hosilni yigʻishtirib olish hamda qayta ishlash, saqlash, saralash va eksport qilish masalalari boʻyicha fermer xoʻjaliklari rahbarlari ishtirokida joylarda koʻrgazmali oʻquv-seminarlar oʻtkazishni tashkil etsinlar.
11. “Oʻzbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Fargʻona viloyati hokimligi anor mahsulotlarini ilgʻor texnologiyalar asosida yil davomida saqlash uchun maxsus omborxonalar tashkil etish, “Milliy anorchilik brendi”ni yaratish, qayta ishlashni jumladan, meva sharbati, vino, atir, shampun va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish ishlarini tashkil etsinlar.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Fanlar akademiyasi Uyushma va Markaz tomonidan zamonaviy intensiv usullarda anor koʻchatlari va mahsulotlari yetishtirishni moliyalashtirish uchun xalqaro moliya institutlari grantlari va kreditlarini jalb etsinlar.
13. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Z.T. Mirzayev, qishloq xoʻjaligi vaziri B.T. Yusupov va Fargʻona viloyati hokimi Sh.M. Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 4-oktabr,
791-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 4-oktabrdagi 791-son qaroriga 1-ILOVA
Anor yetishtiruvchilar uyushmasining
TAShKILIY TUZILMASI
* Yangi tashkil etilayotgan tashkilotlar.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 4-oktabrdagi 791-son qaroriga 2-ILOVA
Anor yetishtiruvchilar uyushmasining ijro etuvchi apparati
TUZILMASI
Boshqaruv xodimlarining cheklangan umumiy soni — 12 nafar.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 4-oktabrdagi 791-son qaroriga 3-ILOVA
Fargʻona viloyati tumanlarida 2018 — 2020-yillarda anorzorlar tashkil etish, talab etiladigan koʻchatlar va mablagʻlar hamda yaratiladigan qoʻshimcha yangi ish oʻrinlari boʻyicha
HISOB-KITOBLAR KOʻRSATKIChLARI
T/r Hududlar nomi Anorzor tashkil etiladigan maydon, ga Shundan: Talab etiladigan koʻchat soni, ming dona Talab etiladigan mablagʻ, mln. soʻm Shundan: Yaratiladigan ish oʻrni 2018-yil kuzda 2019-yil 2020-yil koʻchat uchun ekish xarajatlari ish haqi 1. Quvasoy shahri 1500 380 510 610 1200 5250 4800 345 105 2250 2. Beshariq tumani 1700 300 810 590 1360 5950 5440 391 119 2550 3. Bagʻdod tumani 1500 310 550 640 1200 5250 4800 345 105 2250 4. Buvayda tumani 1500 290 600 610 1200 5250 4800 345 105 2250 5. Dangʻara tumani 1000 310 300 390 800 3500 3200 230 70 1500 6. Yozyovon tumani 1500 240 440 820 1200 5250 4800 345 105 2250 7. Quva tumani 1000 620 300 80 800 3500 3200 230 70 1500 8. Oltiariq tumani 1000 380 300 320 800 3500 3200 230 70 1500 9. Qoʻshtepa tumani 1700 250 700 750 1360 5950 5440 391 119 2550 10. Rishton tumani 1800 310 540 950 1440 6300 5760 414 126 2700 11. Toshloq tumani 500 310 160 30 400 1750 1600 115 35 750 12. Oʻzbekiston tumani 1500 350 450 700 1200 5250 4800 345 105 2250 13. Uchkoʻprik tumani 1500 320 500 680 1200 5250 4800 345 105 2250 14. Fargʻona tumani 1500 350 600 550 1200 5250 4800 345 105 2250 15. Furqat tumani 800 280 240 280 640 2800 2560 184 56 1200 Jami: 20000 5000 7000 8000 16000 70000 64000 4600 1400 30000
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 4-oktabrdagi 791-son qaroriga 4-ILOVA
Fargʻona viloyati tumanlarida anor yetishtirish, eksport qilish hajmlari hamda 2023 — 2025-yillarda olinadigan daromadlar boʻyicha
PROGNOZ KOʻRSATKIChLAR
T/r Hududlar nomi Anorzor tashkil etiladigan maydon, ga Olinadigan yalpi hosil, tonna Eksportga 2023-yil 2024-yil 2025-yil tonna ming dollar 1. Quvasoy shahri 1500 3040 7930 16215 8256 13210 2. Beshariq tumani 1700 2400 9030 18377 10213 16340 3. Bagʻdod tumani 1500 2480 7700 16215 10040 16064 4. Buvayda tumani 1500 2320 7750 16215 8877 14203 5. Dangʻara tumani 1000 2480 5450 10810 5492 8788 6. Yozyovon tumani 1500 1920 7020 16215 8517 13627 7. Quva tumani 1000 4960 7000 10810 7260 11617 8. Oltiariq tumani 1000 3040 5800 10810 7024 11239 9. Qoʻshtepa tumani 1700 2000 8450 18377 10647 17035 10. Rishton tumani 1800 2480 8570 19458 10911 17458 11. Toshloq tumani 500 2480 3530 5405 2835 4537 12. Oʻzbekiston tumani 1500 2800 7600 16215 8162 13059 13. Uchkoʻprik tumani 1500 2560 7600 16215 8443 13509 14. Fargʻona tumani 1500 2800 8050 16215 8801 14081 15. Furqat tumani 800 2240 4520 8648 4522 7235 Jami: 20000 40000 106000 216200 120000 192000
