Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat boshqaruvi akademiyasining hududiy filiallari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (772-son)
28.09.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasining hududiy filiallarini tashkil etish toʻgʻrisida” 2018-yil 6-avgustdagi PQ-3901-son qarorida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat va xoʻjalik boshqaruv organlarining hududiy tuzilmalari hamda boshqa tashkilotlarning boshqaruv kadrlari va masʼul xodimlari uchun zamonaviy sharoitlarda boshqaruv kadrlarining kasbiy bilim va saviyasiga qoʻyilayotgan talablarni hisobga olgan holda ularning malakasini oshirishni samarali tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi tomonidan ishlab chiqilgan:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi va uning hududiy filiallarida 2018/2019 oʻquv yilida mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining hududiy tuzilmalari, shuningdek, nodavlat notijorat va boshqa tashkilotlar boshqaruv kadrlarining malaka oshirish jadvali 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi va uning hududiy filiallarida 2018/2019 oʻquv yilida jadvalga muvofiq malaka oshirish kurslariga yuboriladigan boshqaruv kadrlar tarkibi 2 va 2a — ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi (keyingi oʻrinlarda — Akademiya deb ataladi) kelgusi oʻquv yillari uchun boshqaruv kadrlarining malaka oshirish jadvali va tarkibini har yili 1-avgustga qadar Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli komplekslari va tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda Akademiya va uning hududiy filiallarida boshqaruv kadrlarining malaka oshirish jadvaliga muvofiq malaka oshirish kurslarida tinglovchilarning ishtirokini taʼminlasinlar.
3. Akademiya Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda:
har yili sentabr oyidan boshlab, tasdiqlangan malaka oshirish jadvali va oʻquv rejasi asosida hududiy filiallarda zamonaviy taʼlim texnologiyalarini tatbiq etgan holda yuqori saviyada mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat boshqaruvi organlarining hududiy tuzilmalari hamda boshqa davlat tashkilotlari boshqaruv kadrlarining malakasini oshirish kurslari tashkil etish;
Toshkent shahri va Toshkent viloyatidan yuboriladigan malaka oshiruvchi boshqaruv kadrlarining malaka oshirish jadvali, hududiy filiallarning oʻquv rejasi va dasturlari asosida Akademiyada oʻqitilishiga zarur shart-sharoitlar yaratish;
Akademiya va uning hududiy filiallaridagi malaka oshirish kurslarida taʼlim jarayonining sifatli tashkil etilishi va samaradorligi yuzasidan doimiy monitoring olib borilishini taʼminlasin.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
malaka oshirish kurslarining oʻquv yuklamasi hajmi Akademiya tomonidan buyurtmachilar bilan kelishilgan holda tasdiqlangan oʻquv rejalari asosida belgilanadi;
malaka oshirish kurslari tinglovchilari Akademiyaning Axborot-resurs markazi elektron adabiyotlar fondidan bepul asosda foydalanadilar;
ish joyidan ajralgan holda malaka oshirish kurslari va oʻquv-amaliy seminarlarga yuboriladigan tinglovchilarga, qonunchilikda belgilangan tartibda sutkalik va transport xarajatlar qoplanadi;
viloyat hokimi oʻrinbosarlari, tuman (shahar) hokimlari va tuman (shahar) hokimi oʻrinbosarlari uchun tashkil etiladigan malaka oshirish kurslari va oʻquv-amaliy seminarlar davrida oʻquv mashgʻulotlaridan keyin tegishli tibbiyot birlashmalarida ularni statsionar tibbiy koʻrikdan oʻtkazish va davolash ishlari amalga oshiriladi;
hududiy filiallar faoliyatini amalga oshirish uchun filial xodimlari, professor-oʻqituvchilar va mutaxassislarning malakasini oshirish, shuningdek, Akademiya va uning hududiy filiallariga qoʻshimcha professor-oʻqituvchi hamda mutaxassislarni tayyorlash maqsadida oʻquv seminarlari va treninglar oʻtkazib boriladi;
xoʻjalik boshqaruvi organlarining hududiy tuzilmalari, nodavlat notijorat va boshqa tashkilotlar, shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining buyurtmalariga koʻra, toʻlov-kontrakt asosidagi malaka oshirish oʻquv kurslari buyurtmalar portfellari asosida tasdiqlangan malaka oshirish rejalaridan kelib chiqqan holda tashkil etiladi.
5. Akademiya Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda:
Akademiya va uning hududiy filiallarida mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining hududiy tuzilmalari, shuningdek, nodavlat notijorat va boshqa tashkilotlarning boshqaruv kadrlari va masʼul xodimlari uchun vazirlik, idora hamda boshqa tashkilotlarning rahbarlarini jalb etgan holda doimiy asosda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining ehtiyojidan kelib chiqib, oʻquv-amaliy seminarlar tashkil etilishini taʼminlasin;
oʻquv-amaliy seminarlarning Oʻzbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati va ustuvor yoʻnalishlari, qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar, davlat hamda hududiy dasturlarning joylardagi ijrosi samaradorligini oshirishning dolzarb masalalariga bagʻishlanishiga eʼtibor qaratsin;
oʻquv-amaliy seminarlar tegishli mavzular boʻyicha vazirlik, idora hamda boshqa tashkilotlarning rahbarlarini oʻquv mashgʻulotlariga jalb etgan holda doimiy asosda tashkil etsin;
Akademiya va uning hududiy filiallarida tashkil etiladigan oʻquv-amaliy seminarlar rejasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan Akademiya bilan kelishgan holda har yili 1-sentabr kuniga qadar ishlab chiqsin;
vazirlik, idora hamda boshqa tashkilotlarning rahbarlarini jalb qilgan holda, shuningdek, Akademiya professor-oʻqituvchilari ishtirokidagi oʻquv-amaliy seminarlar hududiy filiallarning Akademiya bilan “Elektron taʼlim” milliy tarmogʻi yordamida oʻzaro ulanish orqali masofaviy vebinar shaklda tashkil etilishiga eʼtibor qaratsin;
oʻquv-amaliy seminarlar doirasida tinglovchilarda oʻz faoliyatini samarali rejalashtirish va ish rejalari (“yoʻl xaritalari”)ni sifatli bajarish koʻnikmalarini shakllantirishga yoʻnaltirsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Akademiyaning talabnomasi boʻyicha oʻn kunlik muddatda hududiy filiallarni oliy taʼlim muassasalarining binolarida tekin foydalanish huquqi asosida hamda tegishli kommunal va foydalanish xarajatlarini qoplamagan holda, shuningdek, malaka oshirish kurslarini tashkil etish va joylashtirish uchun kerakli xonalarni taʼmirlash-tiklash ishlarini amalga oshirgan holda joylashtirilishini yakunlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hududiy filiallar faoliyatini tashkil etish va ularni saqlash, shuningdek, mebel, zamonaviy oʻquv va masofaviy taʼlim uchun zarur jihozlar, kompyuter texnikasi, xonalarda kuzatuv kameralar, oʻquv adabiyotlari bilan taʼminlash yuzasidan Akademiyaning asoslangan hisob-kitoblari boʻyicha zarur budjet mablagʻlarini ajratsin.
8. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamda Oʻzbekiston Milliy axborot agentligiga Akademiya va uning hududiy filiallari faoliyatini muntazam ravishda ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borish tavsiya etilsin.
9. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A. Abduhakimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 28-sentabr,
772-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 28-sentabrdagi 772-son qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi va uning hududiy filiallarida 2018/2019 oʻquv yilida mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining hududiy tuzilmalari, shuningdek, nodavlat notijorat va boshqa tashkilotlar boshqaruv kadrlarining malaka oshirish
JADVALI
* Izoh: Yanvar va fevral oylarida respublikaning barcha tuman (shahar) hokimlarining oʻrinbosarlari malaka oshiradi.
** Xoʻjalik boshqaruvi organlarining hududiy tuzilmalari, nodavlat notijorat va boshqa tashkilotlar, shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining buyurtmalariga koʻra toʻlov-kontrakt asosida malaka oshirish oʻquv kurslari tashkil qilinadi.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 28-sentabrdagi 772-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi va uning hududiy filiallarida 2018/2019 oʻquv yilida malaka oshirish kurslariga davlat granti asosida yuboriladigan boshqaruv kadrlar
TARKIBI
Izoh: Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimligi mazkur qaror 1-ilovasidagi jadval asosida 2018/2019 oʻquv yili oylari va tuman (shahar)lar kesimida tinglovchilar roʻyxatini Akademiyaga taqdim etadi.
* Tuman (shahar) hokim oʻrinbosarlari 2019-yil yanvar va fevral oylarida malaka oshiradilar. Ularning soni tuman yoki shaharning tarkibiy tuzilmasidan kelib chiqib belgilanadi.
** Har bir tuman (shahar) hokimligidan 15 nafar tinglovchi mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat boshqaruvi organlarining hududiy tuzilmalari hamda boshqa davlat tashkilotlaridan grant asosida malaka oshirish kurslariga yuboriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 28-sentabrdagi 772-son qaroriga 2a-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi va uning hududiy filiallarida 2018/2019 oʻquv yilida malaka oshirish kurslariga toʻlov-kontrakt asosida yuboriladigan boshqaruv kadrlari
TARKIBI
Izoh: Ushbu roʻyxatdagi nomzodlar malaka oshirish kurslariga mazkur qaror 1-ilovasidagi jadvalda belgilangan davlat granti asosida yuboriladigan boshqaruv kadrlar tarkibidan tashqari yuboriladi.
