Sanitariya jihatidan tozalash sohasida xizmatlar koʻrsatish faoliyatini amalga oshirish uchun hududlarni biriktirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (765-son)
25.09.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 18-maydagi PQ-3730-son qarorini ijro etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqish boʻyicha xizmatlar koʻrsatishni tashkil etish uchun hududlarni tadbirkorlik subyektlariga biriktirish uchun materiallar tayyorlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda uch oy muddatda:
sanitariya jihatidan tozalashga ixtisoslashtirilgan tashkilotlarga biriktirilgan hududlar ixtisoslashtirilgan tashkilotlarning maxsus avtotransport vositalarining yuk tashish quvvati biriktirilgan hududlarda qattiq maishiy chiqindilarni yigʻish va oʻz vaqtida olib chiqib ketish boʻyicha koʻrsatiladigan xizmatlarning zarur sifatini taʼminlashga muvofiqligi yuzasidan xatlovdan oʻtkazilishini va oʻrganib chiqilishini;
xatlov natijalari boʻyicha sanitariya jihatidan tozalashga ixtisoslashtirilgan tashkilotlarga biriktirilgan hududlar ixtisoslashtirilgan tashkilotlarning maxsus avtotransport vositalarining haqiqiy quvvatini hisobga olgan holda qayta koʻrib chiqilishini va qayta koʻrib chiqish natijasi boʻyicha boʻshagan uchastkalar “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali elektron auksion vositasida tanlov savdolariga qoʻyilishini taʼminlasinlar.
3. Vazirliklar va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov va Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisi B.T. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 25-sentabr,
765-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 25-sentabrdagi 765-son qaroriga 1-ILOVA
Maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqish boʻyicha xizmatlar koʻrsatishni tashkil etish maqsadida hududlarni tadbirkorlik subyektlariga biriktirish uchun materiallar tayyorlash tartibi toʻgʻrisida
nizom
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqish boʻyicha xizmatlar koʻrsatishni tashkil etish maqsadida hududlarni tadbirkorlik subyektlariga nol stavkadan boshlanuvchi “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali elektron tanlov (keyingi oʻrinlarda — elektron tanlov) yoʻli bilan biriktirish uchun materiallar tayyorlash tartibini belgilaydi.
Ushbu Nizom hududlarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlariga muvofiq biriktirish holatlariga tatbiq etilmaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
“E-auksion” elektron savdo platformasi — elektron tanlovlarni tashkil etish va oʻtkazish uchun zarur axborotni kiritish, saqlash va qayta ishlash, shuningdek, xohlovchi shaxslarning elektron tanlovlar jarayonlariga bevosita kirish va ishtirok etish imkonini taʼminlaydigan axborot tizimi;
hududni biriktirish — tanlov asosida tadbirkorlik subyektlariga maʼlum bir hududda maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqish boʻyicha xizmatlar koʻrsatishni tashkil etish huquqini berish;
xabarnoma — Internet jahon axborot tarmogʻida, shu jumladan, buyurtmachining veb-saytlariga joylashtiriladigan “E-auksion” elektron savdo platformasida kelgusida oʻtkaziladigan elektron tanlov haqidagi maʼlumot;
tanlov taklifi — tanlov hujjatida belgilangan shartlarga muvofiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqish xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha faoliyatni amalga oshirishga taklif;
operator — “E-auksion” elektron savdo platformasida elektron tanlovlarni tashkil etish va oʻtkazishga vakolatli boʻlgan “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish” aksiyadorlik jamiyati;
ariza beruvchi — belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtgan va taklif etilgan shartlarga muvofiq elektron tanlovda ishtirok etish uchun ariza bergan tadbirkorlik subyekti (yuridik shaxs);
hudud — maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqish xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha elektron tanlovga qoʻyiladigan zona (shahar, tuman, tuman markazi, qishloq va boshqa aholi punktlari).
3. Elektron tanlovlarni tashkil etish va oʻtkazish, shuningdek, hududlarni biriktirish uchun materiallar tayyorlash ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxema boʻyicha amalga oshiriladi.
2-bob. Ariza beruvchilarga qoʻyiladigan umumiy talablar
4. Ariza beruvchi quyidagi majburiy talablarga muvofiq boʻlishi kerak:
yuridik shaxs sifatida davlat roʻyxatidan oʻtganligi;
tanlov hujjatlariga muvofiq hududga toʻliq xizmat koʻrsatish uchun yuk tashish quvvatini taʼminlab beradigan, talab etiladigan miqdordagi texnik soz chiqindi tashish mashinalarining mavjudligi;
yuklarni tashish faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun amaldagi litsenziya va arizada koʻrsatilgan har bir transport vositasiga litsenziya kartochkasining mavjudligi (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tashkil etilgan davlat unitar korxonalari va muassasalari bundan mustasno);
buyurtma taqdim etilishi sanasida ariza beruvchiga nisbatan tugatish jarayoni oʻtkazilishining mavjud emasligi;
buyurtma taqdim etilishi sanasida sud organlarining ariza beruvchining toʻlovga qobiliyatsizlik jarayonida boʻlgan va/yoki faoliyatini toʻxtatish toʻgʻrisidagi qarorining mavjud emasligi.
5. Ariza beruvchi:
elektron tanlovda ishtirok etish uchun boshqa hududlarda maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqish uchun foydalanishda boʻlgan chiqindi tashish mashinalarini koʻrsatgan holda ariza berishga;
tanlov taklifiga avvalgi elektron tanlovlar natijasi boʻyicha ushbu Nizomga muvofiq unga biriktirilgan hudud uchun arizada koʻrsatilgan aynan oʻsha chiqindi tashish mashinalarini kiritishga haqli emas (hududni biriktirish muddatining yakunlanishi yoki ariza beruvchining ushbu hududdagi faoliyati toʻxtatilishi hollari bundan mustasno).
3-bob. Elektron tanlovni oʻtkazish uchun zarur materiallarni tayyorlash tartibi
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari elektron tanlov buyurtmachisi hisoblanadilar (keyingi oʻrinlarda — buyurtmachi).
7. Buyurtmachi:
tanlov hujjatlarini tasdiqlaydi;
operator bilan elektron tanlov oʻtkazish boʻyicha xizmat koʻrsatishga shartnoma tuzadi.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi huzuridagi Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazining hududiy filiallari buyurtmachining ishchi organi hisoblanadi va quyidagi vazifalarni bajaradi:
a) quyidagilarni oʻz ichiga oluvchi tanlov hujjatlarini tayyorlaydi:
hududlar roʻyxati (ikki va undan ortiq hudud mavjud boʻlganda);
ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq shakl boʻyicha elektron tanlovga qoʻyilayotgan har bir hududning pasporti;
elektron tanlovlar gʻoliblarining chiqindi toʻplash shoxobchalarida va tutash hududda lozim darajadagi tozalikni taʼminlash, shuningdek, maishiy chiqindilarni mustaqil ravishda saralashni amalga oshirish, sanitariya jihatidan tozalash infratuzilmasini yaratish yoki yaxshilashni (chiqindi toʻplash shoxobchalarini taʼmirlash, rekonstruksiya qilish va qurish, konteynerlar bilan jihozlash) nazarda tutuvchi majburiyatlari;
b) biriktirilayotgan hududda qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish boʻyicha xizmatlarning bazaviy qiymatini hisoblab chiqaradi.
Bunda qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish boʻyicha jismoniy shaxslar (aholi)ga koʻrsatiladigan xizmatlarning bir oylik bazaviy qiymati biriktirilayotgan hududda istiqomat qiluvchi aholi soni, belgilangan tarif, majburiy toʻlovlarning oʻrtacha undirish darajasidan kelib chiqib, quyidagi formula orqali aniqlanadi:
V = N x S x K
bunda:
V — jismoniy shaxslar (aholi)ga QMCHlarni toʻplash va olib chiqib ketish boʻyicha koʻrsatiladigan xizmatlarning bir oylik bazaviy qiymati;
N — biriktirilayotgan hududda istiqomat qiluvchi va qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish boʻyicha xizmatlar uchun jismoniy shaxslar tomonidan majburiy toʻlovlarni toʻlash va hisobini yuritishning yagona elektron tizimiga kiritilgan jismoniy shaxslar (aholi)ning umumiy soni;
S — qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish boʻyicha jismoniy shaxslar (aholi)ga koʻrsatiladigan xizmatlar uchun belgilangan tartibda tasdiqlangan tarif miqdori;
K — qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish boʻyicha xizmatlar uchun majburiy toʻlovlarning oʻrtacha undirish darajasi (Toshkent shahrida — 100 % (K=1), viloyatlar markazlarida — 90 % dan ortiq boʻlmagan (K≤0,9), boshqa hududlarda — 80 % dan ortiq boʻlmagan (K≤0,8)).
9. Buyurtmaga tanlov hujjatlari nusxasi ilova qilinadi.
10. Elektron tanlov oʻtkazish boʻyicha xizmat koʻrsatish shartnomasiga bir vaqtning oʻzida bir nechta hududlar kiritilishi mumkin.
11. “E-auksion” elektron savdo platformasida elektron tanlovlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan belgilangan tartibda hamda operator va buyurtmachi oʻrtasida tuzilgan shartnoma asosida tashkil etiladi va oʻtkaziladi.
12. Elektron tanlov oʻtkazish haqidagi xabarnomada quyidagi maʼlumotlar boʻlishi zarur:
ushbu Nizomning 4 va 5-bandlarida ariza beruvchilar uchun koʻrsatilgan majburiy talablar va cheklovlar;
ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq elektron tanlovga qoʻyilayotgan hududning pasporti;
tanlov hujjatlariga muvofiq elektron tanlov gʻoliblarining majburiyatlari;
elektron tanlovda ishtirok etish uchun ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq ariza shakli;
ushbu Nizomga 4-ilovaga muvofiq tanlov taklifi shakli;
ariza beruvchilar tomonidan ushbu Nizomning 13-bandi talablariga muvofiq ilova qilinishi kerak boʻlgan hujjatlar roʻyxati.
13. Elektron tanlovda ishtirok etish uchun ariza elektron koʻrinishda, tanlov taklifini toʻldirgan holda beriladi.
Arizaga quyidagi hujjatlarning elektron (skaner qilingan) nusxalari ilova qilinadi:
yuklarni tashish faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun amaldagi litsenziya va arizada koʻrsatilgan har bir transport vositasiga litsenziya kartochkasi (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tashkil etilgan davlat unitar korxonalari va muassasalari bundan mustasno);
tanlov taklifida koʻrsatilgan har bir transport vositasiga transport vositasining roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma (texnik pasport, texnik talon) nusxasi;
chiqindi tashish mashinalari harakatini real vaqt rejimida avtomatlashtirilgan kuzatish tizimi (GPS)ni joriy qilish va unga xizmat koʻrsatish yuzasidan shartnoma nusxasi;
ishlab chiqarish bazasi (avtopark, garaj)ning ijara shartnomasi nusxasi (agar xususiy ishlab chiqarish bazasi mavjud boʻlmasa).
14. Tanlov taklifi elektron tanlov ishtirokchilari tomonidan ushbu Nizomga 4-ilovaga muvofiq shaklda “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali taqdim etiladi.
15. Tanlov takliflarini baholash va elektron tanlov gʻolibini aniqlash ushbu Nizomga 5-ilovaga muvofiq tanlov takliflarini baholash shakli boʻyicha “E-auksion” elektron savdo platformasida avtomatik tarzda amalga oshiriladi.
4-bob. Hududlarni biriktirish tartibi
16. Buyurtmachi bayonnoma kelib tushgan kundan boshlab oʻn ish kun mobaynida elektron tanlov gʻolibi bilan 5 yildan kam boʻlmagan muddatga maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish xizmatlarini koʻrsatish toʻgʻrisida shartnoma tuzadi.
17. Operator tomonidan elektron tanlov oʻtkazilmagan deb eʼtirof etilganligi boʻyicha xabarnoma kelib tushganda, buyurtmachi, tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar “Toza hudud” yoki Toshkent shahar “Maxsustrans” davlat unitar korxonalari bilan maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish xizmatlarini koʻrsatish toʻgʻrisida shartnoma tuzishga haqli.
18. Elektron tanlov gʻoliblari maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish xizmatlarini koʻrsatish toʻgʻrisida shartnoma tuzilgan kundan boshlab besh ish kuni mobaynida qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqish boʻyicha xizmatlarni koʻrsatishga kirishadilar.
5-bob. Maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqish boʻyicha xizmatlar koʻrsatilishi yuzasidan davlat va jamoatchilik nazorati
19. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining davlat ekologik nazoratini amalga oshiruvchi mansabdor shaxslari maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqish boʻyicha faoliyatning amalga oshirilishi yuzasidan doimiy nazoratni amalga oshiradilar.
20. Ommaviy axborot vositalari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqish jadvalining bajarilishi, maxsus avtotransport vositasining belgilangan hududga oʻz vaqtida yetib kelishi va maishiy chiqindilarning olib ketilishi yuzasidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradilar.
6-bob. Yakunlovchi qoida
21. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar belgilangan tartibda javob beradilar.
Maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqish boʻyicha xizmatlar koʻrsatishni tashkil etish maqsadida hududlarni tadbirkorlik subyektlariga biriktirish uchun materiallar tayyorlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Elektron tanlovlarni tashkil etish va oʻtkazish, shuningdek, hududlarni biriktirish uchun materiallar tayyorlash
SXEMASI
Bosqichlar Subyektlar Tadbirlar Bajarish muddatlari 1-bosqich Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari (keyingi oʻrinlarda buyurtmachi deb ataladi) 1. Tanlov hujjatlarini tayyorlash. 1. Zaruratga koʻra yoki hududni biriktirish muddatining yakunlanishidan 2 oy oldin. 2. Tanlov hujjatlarini tasdiqlash. 2-3. Elektron tanlovni eʼlon qilish sanasiga qadar. 3. “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish” AJ (keyingi oʻrinlarda operator deb ataladi) bilan elektron tanlovlarni oʻtkazish boʻyicha xizmat koʻrsatishga shartnoma tuzish. 4. Hududlarni elektron tanlovga qoʻyish uchun operatorga elektron buyurtma berish. 4. Elektron tanlovni eʼlon qilish sanasiga qadar. 5. Elektron tanlov oʻtkazilishi haqida veb-saytga maʼlumot joylashtirish. 5. Xabarnoma operatorning veb-portaliga joylashtirilgan kunda. 2-bosqich “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish” AJ 1. Elektron tanlov oʻtkazilishi haqida veb-portalga xabarnoma joylashtirish. 1. Buyurtmachining elektron buyurtmasi qabul qilib olingan kundan soʻng 1 ish kuni mobaynida va elektron tanlov oʻtkazish kunidan kamida 30 kalendar kun oldin. 2. Talabgorlardan elektron arizalarni qabul qilish. 2. Xabarnoma joylashtirilgandan boshlab tanlov oʻtkazilishi belgilangan kun soat 9-00 ga qadar “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali qabul qilinadi. 3-bosqich Ariza beruvchi 1. Veb-portalda roʻyxatdan oʻtish. 1-2. Elektron tanlovda ishtirok etish uchun ariza berish sanasiga qadar. 2. Shaxsiy hisobvaraqni zakalat pulini oʻtkazishga talab etiladigan miqdordagi pul mablagʻlari bilan toʻldirish. 3. Ariza berish. 3. Xabarnoma joylashtirilgandan boshlab tanlov oʻtkazilishi belgilangan kun soat 9-00 ga qadar “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali qabul qilinadi. 4-bosqich Elektron tanlov gʻolibi 6. Bayonnomani taqdim etgan holda maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish xizmatlarini koʻrsatish toʻgʻrisida shartnoma tuzish uchun buyurtmachiga murojaat qilish. Bayonnoma rasmiylashtirilgan ?undan boshlab 10 ish kun mobaynida. 5-bosqich Buyurtmachi Tanlov gʻolibi bilan maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish xizmatlarini koʻrsatish toʻgʻrisida shartnoma tuzish. Bayonnoma rasmiylashtirilgan kundan boshlab 10 ish kun mobaynida.
Maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqish boʻyicha xizmatlar koʻrsatishni tashkil etish maqsadida hududlarni tadbirkorlik subyektlariga biriktirish uchun materiallar tayyorlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqish boʻyicha xizmatlar koʻrsatishni tashkil etish maqsadida hududlarni tadbirkorlik subyektlariga biriktirish uchun materiallar tayyorlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 21-iyuldagi 304-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.07.2023-y., 09/23/304/0510-son)
Maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqish boʻyicha xizmatlar koʻrsatishni tashkil etish maqsadida hududlarni tadbirkorlik subyektlariga biriktirish uchun materiallar tayyorlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 4-ILOVA
Maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqish boʻyicha xizmatlar koʻrsatishni tashkil etish maqsadida hududlarni tadbirkorlik subyektlariga biriktirish uchun materiallar tayyorlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 5-ILOVA
Tanlov takliflarini baholash mezonlari
T/r Mezonlar nomi Ballar Jami 100 shu jumladan: 1. Ishlab chiqarish bazasining (avtopark, garaj) mavjudligi* 20 2. Xizmat koʻrsatiladigan aholi sonidan kelib chiqqan holda chiqindi tashish mashinalarining yuk tashish quvvati: 20 5000 kishiga qadar 5 5 001 kishidan 10 000 kishiga qadar 10 10 001 kishidan 20 000 kishiga qadar 15 20 000 kishidan ortiq 20 3. Chiqindi tashish mashinalarining ishlab chiqarilgan yiliga bogʻliq ravishda ulardan necha yil foydalanilganligi** 30 3 yilgacha (3 yil ham qoʻshilgan holda 30 3 yildan 5 yilgacha 25 5 yildan 10 yilgacha 15 10 yildan ortiq 10 4. Chiqindi tashish mashinalari harakatini real vaqt rejimida avtomatlashtirilgan kuzatish tizimi (GPS)ning mavjudligi 5 5. QMCHlarni toʻplash va olib chiqib ketish boʻyicha xizmatlarning bazaviy qiymatidan jismoniy shaxslar (aholi)ga QMCHlarni toʻplash va olib chiqib ketish boʻyicha bir oylik xizmatlarning past qiymat taklifi 15 5 % gacha (5% ham qoʻshilgan holda) 7 5% dan 10 % gacha 10 10% dan 15 % gacha 12 15% dan ortiq 15 6. Yuridik shaxs va yakka tartibdagi tadbirkorlarga QMCHlarni toʻplash va olib chiqish boʻyicha xizmatlar koʻrsatishga bazaviy tarifdan past tarif boʻyicha taklif: 10 5 % gacha (5% ham qoʻshilgan holda) 2 5% dan 10 % gacha 4 10% dan 15 % gacha 8 15% dan ortiq 10
