Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (766-son)
25.09.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi ayrim alohida toifadagi pensionerlarga maqbul sharoitlar yaratish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2017-yil 28-dekabrdagi PF-5291-son Farmonini bajarish yuzasidan, shuningdek, fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Vazirliklar va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarini bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 25-sentabr,
766-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 25-sentabrdagi 766-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 30-oktabrdagi 223-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2006-y., 10-son, 79-modda) bilan tasdiqlangan Avtomobil benzini sotib olish xarajatlarining bir qismi uchun shaxslarning ayrim toifalariga oylik pul kompensatsiyasi toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi Nizomda:
18-banddagi “10-kundan” soʻzi “3-kundan” soʻzi bilan almashtirilsin;
19-banddagi “Oʻzneftmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasining unitar korxonalari (neft bazalari) har oyda 27-kundan” soʻzlari “Oʻzneftmahsulot” aksiyadorlik jamiyatining “Neftbaza” MChJlari har oyda 10-kundan” soʻzlari bilan almashtirilsin.
2. Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 19-fevraldagi 30-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2010-y., 2-son, 11-modda) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi Nizomda:
13-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“13. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi Jamgʻarma bilan axborot almashinuvini, shu jumladan axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda elektron hamkorlikni amalga oshiradi va Jamgʻarmaning ijro etuvchi apparatiga:
Jamgʻarmaga har oyda hisobot oyidan keyingi oyning 10-kunigacha vazirliklar, idoralar va hududlar kesimidagi majburiy toʻlovlar, badallar va boshqa toʻlovlar turlari boʻyicha (boqimanda) qarzdorlik toʻgʻrisidagi tezkor hisobotni;
yuridik shaxslar tomonidan choraklik va yillik hisobot taqdim etilgandan keyin 25 kun mobaynida majburiy toʻlovlar, badallar va boshqa toʻlovlarni hisoblash toʻgʻrisidagi hisobotni vazirliklar, idoralar va hududlar boʻyicha taqdim etadi.”.
