8-modda. Investorning huquqlari
Investitsiya faoliyati toʻgʻrisida (719-I-son) · Sana: 24.12.1998 · Kuchini yo'qotgan
Mulk shakllaridan va faoliyat turidan qatʼi nazar, investorlar investitsiya faoliyatini amalga oshirishda teng huquqlarga egadirlar.
Investitsiyalanishi ushbu Qonun yoki boshqa qonunlar bilan cheklangan yoxud taqiqlangan obyektlardan tashqari, har qanday obyektga investitsiyalar kiritish investorning mutlaq huquqi hisoblanadi va qonun bilan qoʻriqlanadi.
Investor investitsiyalash maqsadi, yoʻnalishi, turi va hajmini mustaqil ravishda belgilaydi, buni amalga oshirish uchun shartnoma asosida, qoida tariqasida, tanlov (tender) savdosini oʻtkazish yoʻli bilan yuridik va jismoniy shaxslarni investitsiya faoliyati ishtirokchilari sifatida jalb etadi.
Qonun hujjatlariga muvofiq investor investitsiya obyektlariga va ularning natijalariga egalik qilish, ulardan foydalanish, ularni tasarruf etish, shuningdek reinvestitsiya qilish huquqiga ega.
Qonun hujjatlarida belgilangan mulk huquqini qoʻlga kiritishni keltirib chiqarmaydigan obyektlarga investitsiya kiritish investorning keyinchalik bu obyektlarga egalik qilish, ularni operativ boshqarish yoki ulardan foydalanishdan olinadigan foyda (daromadlar)da ishtirok etish huquqini istisno etmaydi.
Investorning qaroriga binoan investitsiya obyektlariga va ularning natijalariga egalik qilish, ulardan foydalanish, ularni tasarruf etish huquqi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda boshqa yuridik va jismoniy shaxslarga berilishi mumkin. Huquqlarni berish paytida taraflarning oʻzaro munosabatlari ular tuzadigan shartnomalar asosida tartibga solinadi.
Agar qonun hujjatlarida boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, investor, oʻziga zarur boʻlgan mol-mulkni yuridik va jismoniy shaxslardan oʻzaro kelishuv asosida belgilanadigan narx va shartlarda, hajmi va nomenklaturasini cheklamagan tarzda olishga haqli.
Investor qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
