2-modda. Asosiy tushunchalar
Investitsiya faoliyati toʻgʻrisida (719-I-son) · Sana: 24.12.1998 · Kuchini yo'qotgan
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
investitsiyalar — iqtisodiy va boshqa faoliyat obyektlariga kiritiladigan moddiy va nomoddiy neʼmatlar hamda ularga doir huquqlar;
investitsiya faoliyati — investitsiya faoliyati subyektlarining investitsiyalarni amalga oshirish bilan bogʻliq harakatlari majmui;
investor — oʻz mablagʻlarini, qarzga olingan va jalb etilgan mablagʻlarni, mulkiy boyliklarni va ularga doir huquqlarni, shuningdek intellektual mulkka doir huquqlarni investitsiya faoliyati obyektlariga investitsiyalashni amalga oshiruvchi investitsiya faoliyati subyekti;
investitsiya faoliyati ishtirokchisi — investorning buyurtmalarni bajaruvchi sifatida investitsiya faoliyatini taʼminlovchi investitsiya faoliyati subyekti;
reinvestitsiyalar — investorning faoliyati natijasida olingan foydani (daromadni) muomalaga kiritish.
