Milliy toʻlov tizimini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PQ-3945-son)
19.09.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Naqd pulsiz hisob-kitoblar tizimini rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlarni izchil amalga oshirish orqali naqd pullarning bankdan tashqarida muomalada boʻlishini qisqartirishga erishildi, toʻlovlarni amalga oshirish jarayoni sezilarli darajada osonlashtirildi, masofaviy bank xizmatlarini koʻrsatish tizimlarining funksionali kengaytirildi.
Olib borilgan ishlar natijasida aholining bank kartalari va boshqa naqd pulsiz hisob-kitob usullariga xavfsiz va qulay toʻlov vositasi sifatida boʻlgan ishonchi oshdi. Shu bilan birga, erishilgan yutuqlarga qaramay, toʻlov tizimlarini rivojlantirish, ularning uzluksiz ishlashini taʼminlash va raqobat muhitini rivojlantirish uchun zamonaviy texnologik yechimlarni joriy qilish borasida qator kamchiliklar mavjud.
Xususan, chakana toʻlovlarni qayta ishlash boʻyicha davlat protsessing markazining mavjud emasligi milliy toʻlov tizimining xavfsizligi darajasini kamaytirmoqda, toʻlov infratuzilmasining yagona integrallashuviga erishish imkonini bermayapti hamda bir monopol tizimning mutlaq ustun boʻlishiga olib kelmoqda.
Bundan tashqari, toʻlov tizimlari operatorlarining faoliyati qonunchilik darajasida tartibga solinmaganligi ularning rivojlanishini cheklamoqda va mazkur tizimlarning ishonchli ishlashiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Toʻlovlarni amalga oshirish uzluksizligini taʼminlash, innovatsion mahsulotlarni joriy qilish, bank xizmatlarining ommabopligini taʼminlash hamda toʻlov xizmatlari bozorida raqobat muhitini rivojlantirish, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Axborotlashtirish bosh markazi” davlat unitar korxonasi Milliy banklararo protsessing markazini (keyingi oʻrinlarda Milliy banklararo protsessing markazi deb yuritiladi) tashkil qilish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Milliy banklararo protsessing markazini tashkil qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki:
2019-yil 1-iyulga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining Milliy banklararo protsessing markazi, banklararo toʻlov tizimi va kliring markazining faoliyat yuritishi uchun maʼlumotlarni qayta ishlovchi toʻlaqonli markaz yaratilishini;
2020-yil 1-yanvarga qadar mahalliy va xalqaro bank kartalari boʻyicha hisob-kitoblarda ishtirok etuvchi banklar oʻrtasida axborot va texnologik aloqa oʻrnatishga koʻmaklashuvchi Milliy banklararo protsessing markazi ishga tushirilishini;
2020-yil 1-iyulga qadar mamlakatdagi barcha protsessing markazlarining, shu jumladan, xalqaro toʻlov tizimlarining bevosita Milliy banklararo protsessing markazining yagona shlyuzi orqali ishlashini;
bank toʻlov infratuzilmasi doimiy ravishda yaxshilanishini, bankomatlar va oʻziga oʻzi xizmat koʻrsatuvchi koʻp funksiyali terminallar tarmogʻining, shu jumladan, oʻz tasarrufidagi korxona va tashkilotlarni jalb qilgan holda kengaytirilishini taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston banklari assotsiatsiyasi tijorat banklari bilan birgalikda Milliy banklararo protsessing markazi loyihasini amalga oshirish davomida mavjud protsessing markazlarining Milliy banklararo protsessing markazi bilan integratsiyalashuvini va oʻzaro xizmat koʻrsatilishini taʼminlasin.
5. Chakana toʻlov xizmatlarini koʻrsatish uchun bank tariflari banklar xarajatlari qoplanishini taʼminlash va raqobatga koʻmaklashish uchun maʼmuriy aralashuvlarsiz xalqaro tajribaga muvofiq oʻrnatilishi belgilansin.
6. Markaziy bank 2019-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan muddatda xorijiy mamlakatlarning ilgʻor tajribasini, shuningdek, umumeʼtirof etilgan xalqaro norma va qoidalarni chuqur oʻrganish asosida quyidagilarni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasining “Toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisida”gi qonuni loyihasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
milliy toʻlov tizimining huquqiy va tashkiliy asoslari;
Markaziy bank tomonidan toʻlov xizmatlari bozorini tartibga solishni nazorat qilish, shuningdek, milliy toʻlov tizimi subyektlarini litsenziyalash tartibi;
toʻlov tizimlarida bank siri himoyasini taʼminlash xususiyatlari;
elektron pullar bilan operatsiyalarni amalga oshirish sohasida huquqiy munosabatlarni tartibga solish, shu jumladan, elektron hamyonlar egalarini identifikatsiya qilish tartibi.
7. Loyihani amalga oshirish doirasida, istisno tariqasida, Markaziy bank va “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Axborotlashtirish bosh markazi” DUKga:
Markaziy bank hududida oʻrnatilgan shaharsozlik norma va qoidalariga amal qilgan holda, qurilish va loyihalashtirishni bir vaqtning oʻzida loyihalashtirish va moliyalashtirish shartlarida amalga oshirishga;
loyihalash va pudrat tashkilotlarini, shuningdek, jihozlar, butlovchi buyumlar, texnika va texnologiyalar, ehtiyot qismlar, xomashyo va materiallarni yetkazib beruvchilarni tender (tanlov) savdolarini oʻtkazmasdan, eng yaxshi takliflarni tanlash asosida aniqlashga ruxsat berilsin.
8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M. Mavlonov va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi M.B. Nurmuratov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 19-sentabr,
PQ-3945-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 19-sentabrdagi PQ-3945-son qaroriga ILOVA
Milliy banklararo protsessing markazini tashkil etish boʻyicha
KOMPLEKS CHORA-TADBIRLAR
T/r Chora-tadbirlar nomlanishi Bajarish muddatlari Masʼul ijrochilar I. Milliy banklararo protsessing markazini tashkil etish va ish faoliyatini tashkillashtirish 1. Milliy banklararo protsessing markazi toʻgʻrisidagi (MBPM) Nizom, uning tuzilmasi va shtat jadvalini tasdiqlash. 2018-yil 1 noyabga qadar Markaziy bank (M. Nurmuratov) 2. Maʼlumotlarniqayta ishlash boʻyicha asosiy va zaxira markazlarini loyihalashtirish. 2018-yil 1-dekabrga qadar Markaziy bank (B. Zoxidov) 3. Protsessing markazlarining ixtisoslashtirilgan dasturiy taʼminotining taniqli yetkazib beruvchilari bilan muzokaralar olib borish, eng yaxshi taklifni aniqlab olish va kontrakt tuzish. 2019 yil 1-fevralga qadar Markaziy bank (M. Nurmuratov) 4. MBPM, banklararo toʻlov va kliring tizimi uchun server va ixtisoslashtirilgan asbob-uskunalarning nomdor ishlab chiqaruvchilari bilan muzokaralar oʻtkazish, eng yaxshi taklifni aniqlab olish va kontraktni tuzish. 2019-yil 1-martga qadar Markaziy bank (M. Nurmuratov) 5. Markaziy bank hududida maʼlumotlarni qayta ishlash markazi uchun bino qurilishini yakunlash. 2019-yil 1-aprelga qadar Markaziy bank (B. Zoxidov) 6. Maʼlumotlarni qayta ishlash markazini server va ixtisoslashtirilgan asbob-uskunalar bilan jihozlash. 2019-yil 1-iyulga qadar Markaziy bank (B. Zoxidov) 7. MBPM tizimi bilan tijorat banklarining avtomatlashtirilgan bank tizimlarini toʻliq integratsiya qilinishini taʼminlash. 2019-yil 1-oktabrga qadar Tijorat banklari, Markaziy bank (B. Zoxidov), ABT ishlab chiquvchilari 8. MBPM tizimiga xizmatlar yetkazib beruvchilariningbilling tizimlariniulash. 2019-yil 1-dekabrga qadar Markaziy bank (B. Zoxidov) 9. Milliy banklararo protsessing markazini ishga tushurish. 2020-yil 1-yanvarga qadar Markaziy bank (B. Zoxidov) 10. Aloqasiz (dual) interfeysli bank kartalarini emissiya qilish. 2020-yil 1-yanvarga qadar Markaziy bank (B. Zoxidov), tijorat banklari 11. Aloqasiz toʻlovlarni oʻtkazish imkoniyati boʻlgan banklarning POS terminallarini oʻrnatish (NFC). 2020-yil 1-martga qadar Tijorat banklari, Markaziy bank (B. Zoxidov) 12. MBPMni xalqaro toʻlov tizimlariga (Union Pay, Mastercard, VISA) ulanishini tashkil qilish. 2020-yil 1-sentabrga qadar Markaziy bank (M. Nurmuratov) II. Mavjud protsessing markazlari bilan integratsiyani taʼminlash 13. MBPM tizimi bilan boshqa protsessing markazlarini host-to-host ulanishini amalga oshirish. 2019-yil 1-dekabrga qadar Banklar assotsiatsiyasi, protsessing markazlari, Markaziy bank (B. Zoxidov) 14. Mavjud protsessing markazlari oʻrtasida elektron toʻlovlarni oʻzaro oʻtkazishni taʼminlash (r2r oʻtkazmalari, onlayn toʻlov va boshqa amaliyotlar). 2020-yil 1-yanvardan Banklar assotsiatsiyasi, protsessing markazlari, Markaziy bank (M. Nurmuratov) 15. Milliy banklararo protsessing markazining yagona shlyuzi orqali protsessing markazlari tomonidan kartalarga oʻzaro xizmat koʻrsatish uchun qurilmalarning (terminallar, infokiosklar, bankomatlar) dasturiy taʼminotini yangilash. 2020-yil 1-aprelga qadar Banklar assotsiatsiyasi, protsessing markazlari, tijorat banklari, Markaziy bank (B. Zaxidov) III. Banklar uchun innovatsion raqamli yechimlarni joriy etish 16. QR-kodlar boʻyicha standartlashtirilgan va universal toʻlov tizimini ishlab chiqish. 2019-yil 1-avgustga qadar Markaziy bank (B. Zoxidov), toʻlov tizimlari, tijorat banklari 17. Uzoqdan turib mijozlarni identifikatsiya qilish tizimini yaratish. 2020-yil 1-yanvarga qadar tijorat banklari 18. Banklar va toʻlov tizimlari mobil ilovalarining asosiy kartalariga bogʻlangan virtual kartalarini ochish servisini joriy etish. 2020-yil 1-fevraliga qadar tijorat banklari 19. Mobil telefonlar va boshqa qurilmalar yordamida aloqasiz toʻlov tizimini (NFC toʻlov) joriy etish. 2020-yil 1-martga qadar Markaziy bank (B. Zoxidov) 20. Mijozning shaxsiy kabineti va mobil ilovalarini yaratish uchun banklarga platforma taqdim etish. 2020-yil 1-aprelga qadar Markaziy bank (B. Zoxidov)
