Foydalanilayotgan elektr energiyasi uchun oʻzaro hisob-kitoblar tizimini tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (469-son)
05.12.2000
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
[Koʻchirma]
“Oʻzbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga va aholiga yetkazib berilayotgan elektr energiyasi uchun oʻzaro hisob-kitoblar masalalarini tubdan hal etish, elektr energiyasini yetkazib beruvchilar va undan foydalanuvchilar oʻrtasidagi hisob-kitoblarni oʻz vaqtida amalga oshirishning yaxlit tizimini yaratish, toʻlov muddati oʻtgan debitorlik va kreditorlik qarzlarni qisqartirish hamda kelgusida ularning hosil boʻlishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Oʻzbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklari, vazirliklar, idoralar, xoʻjalik yurituvchi subyektlarning issiqlik va elektr energiyasi boʻyicha debitorlik qarzlarni qisqartirish va tugatishga doir olib borilayotgan ishlarining qoniqarsizligi qayd etilsin.
Xoʻjalik hisobidagi tashkilotlarning elektr energiyasi boʻyicha toʻlov muddati oʻtgan debitorlik qarzi 2000-yil 1-noyabrdagi holatiga koʻra 19,3 mlrd soʻmni tashkil qilishi nomaqbul hol deb hisoblansin.
“Oʻzbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi mavjud qarzlarni tugatish yuzasidan kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar koʻrsin, tasarrufidagi boʻlinmalar rahbarlarining qarzlarning yanada koʻpayishiga yoʻl qoʻymaslik uchun javobgarligini oshirsin, intizomsiz isteʼmolchilarga elektr energiyasi berishni toʻxtatishgacha boʻlgan qatʼiy nazorat oʻrnatsin.
“Oʻzbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasidan kreditorlik qarzi boʻlgan vazirliklar va idoralar, korxonalar va tashkilotlar rahbarlariga olingan energiya uchun toʻlovning belgilangan muddatlarda soʻzsiz toʻlanishini taʼminlash, haqini toʻlamaganlik tufayli energiya berish toʻxtatilganligi bilan bogʻliq oqibatlar uchun qonunchilikka muvofiq shaxsan javobgarlik yuklansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prokuraturasi:
“Oʻzbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi tizimi korxonalaridan muntazam ravishda eng koʻp qarzi boʻlgan vazirliklar, idoralar, korporatsiyalar, konsernlar, uyushmalar, kompaniyalar, korxonalar, birlashmalar va tashkilotlar rahbarlarining javobgarligini belgilasin;
toʻlovlar va hisob-kitoblarning belgilangan tartibi buzilishiga bundan buyon yoʻl qoʻymaslik maqsadida aybdor shaxslarga nisbatan qonunchilikda nazarda tutilgan javobgarlik choralarini koʻrsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Energetika va elektrlashtirish vazirligi bilan birgalikda issiqlik hamda gidroelektrstansiyalar boʻyicha aylanma mablagʻlar normativlarini ikki hafta muddatda qayta koʻrib chiqsin, ularni stansiyalarning barqaror rejimda ishlashini va ularning xodimlariga ish haqining oʻz vaqtida toʻlanishini taʼminlaydigan miqdorlarda belgilasin.
5. Belgilab qoʻyilsinki:
elektr energiyasi Davlatlararo Bitimlar boʻyicha yetkazib berilganda “Oʻzbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi boʻlinmalari bojxona toʻlovlaridan ozod qilinadi;
“Oʻzbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi tizimining deklarantlar hisoblanadigan korxona va tashkilotlariga energiya tizimi obyektlari uchun moʻljallab keltiriladigan tovarlar va transport vositalarining bojxona rasmiylashtiriluvini bojxona toʻlovlarini toʻlashni uch oygacha muddatga, buning uchun penya olmasdan, kechiktirgan holda amalga oshirishga ruxsat beriladi.
6. Tijorat banklariga:
“Oʻzbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasiga issiqlik va elektr energiyasi isteʼmolchilarining muddatli qarzlari miqdori yuzasidan faktoring xizmatlari koʻrsatish;
“Oʻzbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasiga vazirlik korxonalari va tashkilotlari boʻyicha tarmoq ichida har chorakda kamida bir marta hisob-kitoblar oʻtkazish uchun qisqa muddatli (ikki haftagacha) kreditlar ajratish tavsiya etilsin.
10. Issiqlik taʼminoti infratuzilmasini va issiqlik energiyasi uchun hisob-kitoblar mexanizmini takomillashtirish maqsadida Energetika va elektrlashtirish vazirligi, Toshkent shahar va Fargʻona viloyati hokimliklari bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga:
“Toshissiqlikmarkaz” korxonasini — Energetika va elektrlashtirish vazirligi balansidan Toshkent shahar hokimligi huzuridagi “Toshissiqlikenergiya” ishlab chiqarish birlashmasi balansiga;
“Fargʻonaissiqliktarmogʻi” korxonasini — Energetika va elektrlashtirish vazirligi balansidan Fargʻona viloyati hududiy-kommunal foydalanish birlashmasining Fargʻona viloyati “Issiqlik manbai” ishlab chiqarish boshqarmasi balansiga berish toʻgʻrisida kelishilgan takliflar kiritsinlar.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi “Oʻzbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi bilan birgalikda:
energiya tizimi korxona va tashkilotlarining isteʼmolchilarda uzluksiz ishlab chiqarish tartibi bilan bogʻliq sabablar tufayli vujudga kelgan debitorlik va kreditorlik qarzlari miqdorini;
aholi uchun koʻrsatiladigan kommunal xizmatlarning Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan tariflaridagi tafovutlardan vujudga kelgan debitorlik qarzlarni 5-F-son shakldagi statistik hisobotda alohida ustunda aks ettirsin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 5-dekabr,
469-son
