2018-yil hosili paxta xomashyosini yigʻib-terib olish ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (703-son)
30.08.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Paxta xomashyosi va boshoqli don yetishtirishni moliyalashtirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 28-fevraldagi PQ-3574-son qarorida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash, yetishtirilgan paxta xomashyosini yigʻib-terib olishni uyushqoqlik bilan tashkil etish, paxta yigʻim-terimida ishtirok etadigan terimchilarning moddiy manfaatdorligini taʼminlash hamda paxta yetishtiruvchi xoʻjaliklarning moliyaviy holatini yanada mustahkamlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, “Oʻzpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyati, “Oʻzagroservis” aksiyadorlik jamiyati, “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashining 2018-yil hosili uchun yetishtirilgan paxta xomashyosini terib olishda:
paxta xomashyosining mashinada terilgan 1 tonnasi uchun 400 000 soʻm xizmat haqi toʻlash;
paxta xomashyosining qoʻlda terilgan bir kilogrammi uchun birinchi bosqichda kontraktatsiya shartnomasi majburiyati 60 foizgacha bajarilgunga qadar 650 soʻm, ikkinchi bosqichda — 60 foizdan 80 foizgacha — 850 soʻm, uchinchi bosqichda — 80 foizdan ortganda — 1000 soʻm mehnat haqi toʻlash;
Jizzax, Sirdaryo, Toshkent viloyatlarida, Qashqadaryo viloyatining Koson, Muborak, Nishon, Kasbi tumanlarida, Surxondaryo viloyatining Qiziriq va Muzrabot tumanlarida (paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarish tashkilotlari faoliyat yuritayotgan hududlardan tashqari) terimchilarni paxta yigʻim-terimiga qoʻshimcha ravishda jalb etish maqsadida qoʻlda terilgan bir kilogramm paxta xomashyosi uchun terimchiga qoʻshimcha 150 soʻm ustama hamda oziq-ovqat mahsulotlari uchun 150 soʻm, jami 300 soʻm miqdorida, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo, Samarqand va Xorazm viloyatlarida (mazkur qaror ilovasida nazarda tutilgan tumanlardan tashqari) qoʻlda terilgan bir kilogramm paxta xomashyosi uchun terimchiga qoʻshimcha 100 soʻm naqd pulda kunlik ustama toʻlash Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma deb ataladi) hisobidan amalga oshirilishi, shuningdek, qoʻshimcha toʻlangan toʻlovlar qishloq xoʻjaligi korxonalari bilan yakuniy hisob-kitoblarda hisobga olinmasligi;
paxta yigʻim-terimi mavsumida terim otryadi rahbarlariga istisno tariqasida fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan mehnat haqi toʻlash toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
2. Belgilansinki:
otryad rahbarlari terilgan paxta xomashyosi miqdoridan kelib chiqqan holda mehnat haqini oshirib borish asosida ragʻbatlantiriladi;
paxta yigʻim-terimida ish kuchi yetishmovchiligi mavjud boʻlganda, tumanlar hokimliklari hamda tuman fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashlarining buyurtmalariga asosan tuman (shahar) bandlikka koʻmaklashish markazlari tomonidan qoʻshimcha terimchilar ixtiyoriy ravishda jalb etiladi.
3. Mazkur qarorga ilovada nazarda tutilgan tumanlarda yetishtirilgan paxta xomashyosi fermer xoʻjaliklarining oʻz imkoniyatlari bilan (hasharchilarsiz) terib olinishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Belgilansinki, mazkur qarorga ilovada nazarda tutilgan tumanlarda:
tumanlar hokimlari paxta xomashyosining pishib yetilishidan kelib chiqib, fermer xoʻjaliklari hamda tumanlar fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan kelishgan holda qoʻlda terilgan paxta xomashyosi uchun mehnat haqi miqdorini, shu jumladan tabaqalashtirilishini mustaqil belgilaydi;
terimchilarni qoʻshimcha ragʻbatlantirish maqsadida Jamgʻarma hisobidan (paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarish tashkilotlari faoliyat yuritayotgan hududlardan tashqari) koʻlda terilgan har bir kilogramm paxta xomashyosi uchun qoʻshimcha 100 soʻm ustama sifatida toʻlanadi;
mahalliy budjetlar zaxira jamgʻarmalari terilgan paxta xomashyosining har tonnasiga 10 000 soʻmdan respublika budjetidan koʻpaytirib beriladi va ushbu mablagʻlar tuman hokimi tomonidan terimni yuqori saviyada tashkil etishga sarflanadi. Bunda, ushbu mablagʻlarning sarflanishiga istisno tariqasida davlat xaridlari tartiblari tatbiq etilmaydi.
4. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:
davlat ehtiyojlari uchun kontraktatsiya shartnomalarida belgilangan miqdordan ortiqcha topshirilgan paxta xomashyosi xarid narxlariga 15 foiz miqdorida ustama toʻlanadi;
2018-yil hosilidan boshlab paxta yigʻim-terimi boʻyicha qishloq xoʻjaligi ishlariga jalb qilingan jismoniy shaxslar tomonidan ushbu ishlarni bajarganlik uchun olinadigan daromadlariga fuqarolarning budjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasiga sugʻurta badallari hisoblanmaydi.
5. Paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarish tashkilotlariga paxta xomashyosi yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklarining moddiy manfaatdorligini oshirish, yetishtirilgan paxta xomashyosini oʻz vaqtida terib olishni taʼminlash maqsadida paxta tolasining jahon bozoridagi konyunkturasidan kelib chiqib, oʻzlariga biriktirilgan hududda paxta xomashyosini qoʻlda terib olish uchun mehnat haqini mazkur qarorda belgilangan narxlardan kam boʻlmagan holda erkin belgilash va kafolatlangan xarid narxlariga ustama toʻlash tavsiya etilsin.
6. “Oʻzpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyati, “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi, paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarish tashkilotlari:
paxta yigʻim-terimini mexanizatsiyalash darajasini oshirish, paxta terish mashinalaridan keng koʻlamda foydalanishni ragʻbatlantirish, paxta yetishtiruvchi xoʻjaliklarning manfaatdorligini oshirish uchun qoʻlda va mashinada terilgan paxta xomashyosining navlari va sinflari boʻyicha davlat tomonidan kafolatlangan narxlarda xarid qilinishini;
mahsulot yetishtiruvchilar tomonidan topshirilgan paxta xomashyosini qabul qilib olishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan va elektron tarozilardan foydalangan holda paxta qabul qilish jarayonining shaffofligini taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasiga Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan birgalikda “Oʻzpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi paxta tozalash tashkilotlari hamda paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarish tashkilotlari tomonidan paxta xomashyosini qabul qilish maskanlaridagi laboratoriyalarda paxta xomashyosini qabul qilishda sof (fizik) vazn bilan konditsion vazn oʻrtasidagi farqlarning haqqoniyligi va chegirmalarning adolatli qoʻllanilishi yuzasidan tizimli nazorat oʻrnatish tavsiya qilinsin.
8. Jamgʻarma, “Oʻzpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyati, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, tijorat banklari, “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi, paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarish tashkilotlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari paxta xomashyosi uchun terimchilarga mehnat haqini ushbu qarorda belgilangan tarif stavkalaridan kelib chiqqan holda har besh kunda, zarurat boʻlganda har kuni toʻlashni tashkil etsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Paxta xomashyosi va boshoqli don yetishtirishni moliyalashtirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 28-fevraldagi PQ-3574-son qarori talablaridan kelib chiqib, 2018-yil paxta hosilini qisqa muddatda yigʻib-terib olishni, terimchilar bilan hisob-kitoblarning oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga 2019-yilda qaytarish sharti bilan foizsiz ssuda ajratsin.
10. Jamgʻarma, “Oʻzpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyati, paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarish tashkilotlari yetkazib berilgan paxta xomashyosi uchun fermer xoʻjaliklari va boshqa qishloq xoʻjaligi korxonalari bilan joriy yilning 31-dekabriga qadar toʻliq hisob-kitob qilinishini taʼminlasin.
11. Paxta yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklari bilan hisob-kitoblarning toʻgʻri va oʻz vaqtida amalga oshirilishiga hamda ajratilgan mablagʻlardan maqsadli foydalanilishiga “Oʻzpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyati, “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi va “Agrobank” ATB rahbarlari shaxsan masʼul ekanliklari belgilab qoʻyilsin.
12. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari uch kun muddatda 2018-yil paxta hosilini nes-nobud qilmasdan uyushqoqlik bilan yigʻib-terib olishni tashkil etish, mavsumda qatnashayotgan terimchilarga mehnat haqi toʻlash hamda ish kuchi yetishmovchiligi mavjud tumanlarga qoʻshimcha terimchilarni jalb qilish va ularga kafolatlangan haq toʻlash boʻyicha tegishli chora-tadbirlarni tasdiqlasin.
13. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari J.A. Qoʻchqorov, Z.T. Mirzayev, A.A. Abduhakimov, N.S. Otajonov, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi vazifasini bajaruvchi A.A. Xaitov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 30-avgust,
703-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 30-avgustdagi 703-son qaroriga ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda 2018-yil paxta hosilini yordamchi kuchlarisiz (hasharchilarsiz) terib oladigan tumanlar
roʻyxati
T/r Hududlar nomi Tumanlar nomi Paxta maydoni, gektar Yalpi hosil, tonna Qoraqalpogʻiston Respublikasi Amudaryo 15550 32524 1. Beruniy 10575 23165 Qoʻngʻirot 3487 7009 Buloqboshi 3049 9225 Paxtaobod 6591 19333 Oltinkoʻl 5435 17939 2. Andijon Shahrixon 7342 23260 Xoʻjaobod 2003 5508 Marhamat 5092 15581 Izboskan 7988 25804 Olot 8075 24633 Qorakoʻl 9235 27928 3. Buxoro Shofirkon 9275 29778 Gʻijduvon 10370 34700 Vobkent 10075 33958 Qamashi 8500 16000 4. Qashqadaryo Shahrisabz 5200 14550 Chiroqchi 8600 23000 Yakkabogʻ 7200 19800 Kosonsoy 3955 10237 Toʻraqoʻrgʻon 4869 16120 Chust 4004 10253 5. Namangan Namangan 6050 19838 Chortoq 1067 3413 Uychi 6269 20862 Norin 6338 21182 6. Samarqand Ishtixon 8595 23943 Paxtachi 8320 23923 Denov 10538 35200 7. Surxondaryo Qumqoʻrgʻon 8742 25890 Sariosiyo 2650 8850 8. Fargʻona Buvayda 5280 15320 9. Xorazm Xiva 5968 17340 Yangiariq 5058 14570 Jami 34 231345 670636
