Toshkent shahri yoʻlovchi avtobuslar parkini yangilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (708-son)
05.09.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
[Koʻchirma]
Toshkent shahar yoʻlovchi tashish transportini boshqarish va tashkil etish tizimini yanada takomillashtirish, tashishlar sifati va xavfsizligini oshirish, transport infratuzilmasini yangilash, avtobus saroylarining harakatdagi tarkibini zamonaviy, shinam transport vositalari bilan yangilash hisobiga “Toshshahartransxizmat” AJ korxonalarining moliyaviy-iqtisodiy holatini mustahkamlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 11-martdagi 129-son “Toshkent shahrida yoʻlovchi tashish transportini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorini bajarish doirasida “Toshshahartransxizmat” AJ hamda “JV MAN Avto-Uzbekistan” MCHJ QK oʻrtasida 2017 — 2019-yillar mobaynida jami 350 ta shahar va shaharlararo avtobuslarni, jumladan 2018-yilda 110 ta “MAN” rusumli katta sigʻimli shahar va shaharlararo avtobuslarni yetkazib berish boʻyicha oldi-sotdi shartnomasi tuzilgani;
“JV MAN Avto-Uzbekistan” MCHJ qoʻshma korxonasi 350 dona “MAN” rusumli katta sigʻimli shahar va shaharlararo avtobuslar yetkazib berilishiga koʻra “Toshshahartransxizmat” AJga umumiy qiymati 9,5 mlrd soʻmlik texnologik uskunalar, maxsus asboblar, ehtiyot qismlar va maxsus texnikani begʻaraz asosda berishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilansinki:
110 dona “MAN” rusumli katta sigʻimli shahar va shaharlararo avtobuslarini yetkazib berish boʻyicha oldi-sotdi shartnomasi qiymatini moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi boʻyicha, bir yillik imtiyozli davr bilan 7 yil muddatga, qayta moliyalashtiruvchi bank — “Oʻzsanoatqurilishbank” ATBning 1,0 foiz miqdoridagi marjasi, keyinchalik “Toshshahartransxizmat” AJ ustav fondidagi davlat ulushini belgilangan tartibda koʻpaytirish bilan “Xalq banki” ATB tomonidan ajratiladigan jamgʻarib boriladigan pensiya tizimi mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi;
asosiy qarzni qaytarish, “Xalq banki” ATB tomonidan ajratilgan kreditga xizmat koʻrsatish boʻyicha foizlar va vositachilik haqini toʻlash kredit bitimi shartlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
3. Quyidagilar:
2018-yilda yetkazib beriladigan 110 dona “MAN” rusumli katta sigʻimli shahar va shaharlararo avtobuslar uchun toʻlov jadvali 1-ilovaga muvofiq;
“Xalq banki” ATB kreditini toʻlash jadvali 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2019-yildan boshlab har yili Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda “Xalq banki” ATB kreditiga xizmat koʻrsatish uchun mablagʼlar nazarda tutsin.
5. “Toshshahartransxizmat” AJ ikki oy muddatda 350 dona “MAN” rusumli katta sigʻimli shahar va shaharlararo avtobuslar xarid qilishning texnik-iqtisodiy hisob-kitoblari ishlab chiqilishini va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritilishini taʼminlasin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ Boshqaruvi raisi A.J.Ramatov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — moliya vaziri D.A.Qoʻchqorov va “Toshshahartransxizmat” AJ Boshqaruvi raisi M.K.Valiyev zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 5-sentabr,
708-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 5-sentabrdagi 708-son qaroriga 1-ILOVA
2018-yilda yetkazib beriladigan 110 dona “MAN” rusumli katta sigʻimli shahar va shaharlararo avtobuslar uchun toʻlov
JADVALI
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 5-sentabrdagi 708-son qaroriga 2-ILOVA
“Xalq banki” ATB kreditini toʻlash boʻyicha
PROGNOZ JADVALI
