Baholovchi malaka sertifikatini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3063-son)
29.08.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktorining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 29-avgustda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3063]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Baholash xizmatlari bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2018-yil 1-iyundagi PQ-3764-son qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Baholovchi malaka sertifikatini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Direktor Sh. SADIKOV
Toshkent sh.,
2018-yil 7-avgust,
230-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktorining 2018-yil 7-avgustdagi 230-son buyrugʻiga ILOVA
Baholovchi malaka sertifikatini berish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Baholash faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 1-iyundagi PQ-3764-son “Baholash xizmatlari bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq baholovchi malaka sertifikatini berish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoida
1. Mazkur Nizomda quyidagi tushunchalar ishlatiladi:
baholovchining malaka sertifikati — jismoniy shaxsga, agarda u baholovchi tashkilotning shtatida tursa yoki baholovchi tashkilot tomonidan u bilan fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnoma tuzilgan boʻlsa, mulkni baholash huquqini beruvchi sertifikat;
malaka imtihoni — baholovchilarga quyilgan talablarga talabgorni mos kelishini tekshirishga yoʻnaltirilgan, imtihon komissiyasi tomonidan oʻtkaziladigan imtihon;
Markaz — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi Korporativ boshqaruv ilmiy-taʼlim markazi;
baholovchi boʻlib ishlash uchun qayta tayyorlash kursi (bundan buyon matnda qayta tayyorlash kursi deb yuritiladi) — baholovchilarning professional birlashmalari takliflarini inobatga olgan holda ishlab chiqilib Markaz tomonidan tasdiqlangan oʻquv dasturiga muvofiq oʻtkaziladigan va oliy maʼlumotli shaxslar tomonidan baholash faoliyati bilan shugʻullanish uchun zarur bilim va koʻnikmalarni olishga yoʻnaltirilgan oʻquv kursi;
baholovchi — Markaz tomonidan berilgan baholovchining malaka sertifikatiga ega boʻlgan jismoniy shaxs;
talabgor — baholovchi malaka sertifikatini olishga talabgor boʻlgan shaxs;
malaka oshirishdan oʻtganlik haqida guvohnoma — baholovchi tomonidan malaka oshirishni oʻtganligini tasdiqlovchi hujjat.
2-bob. Talabgorlarga qoʻyiladigan talablar
2. Malaka imtihonini oʻtish uchun talabgor quyidagi talablarga javob berishi kerak:
a) oliy iqtisodiy, yuridik yoki texnik maʼlumotga, baholovchi yoki baholovchining yordamchisi lavozimida soʻnggi besh yilda kamida bir yil ish stajiga ega boʻlish;
yoxud oliy maʼlumotga, soʻnggi besh yilda mol-mulkni baholashda baholovchi yoki baholovchining yordamchisi lavozimida kamida ikki yil ish stajiga ega boʻlishi.
Bunda xorijiy davlatlarda olingan oliy maʼlumot yoki ilmiy daraja belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasidagi maʼlumotga ekvivalent deb topilgan taqdirda eʼtiborga olinadi;
b) qayta tayyorlash kursini tugatganligi toʻgʻrisida sertifikatga ega boʻlish, bunda oʻqish tugagan paytdan boshlab hujjatlar topshirilgungacha oʻtgan vaqt oʻn ikki oydan oshmasligi kerak.
3. Mazkur Nizomning 2-bandi “a” kichik bandi talablariga rioya qilgan holda “Baholash ishi: Baholash faoliyati va rieltorlik (obyektlar boʻyicha) (5A231501)” yoki “Ekspertiza va mulkni boshqarish: Mulkni baholash va boshqarish (5A340901)” mutaxassisligi boʻyicha oliy maʼlumotga ega boʻlgan talabgor qayta tayyorlash kursini tugatganligi toʻgʻrisida sertifikatni taqdim etmasdan malaka imtihonidan oʻtish uchun hujjatlarni topshirish huquqiga ega.
4. Baholovchining xalqaro sertifikatiga ega boʻlgan talabgor qayta tayyorlash kurslarini oʻtmasdan malaka imtihonini topshirishga haqli.
3-bob. Malaka imtihonini topshirish tartibi
5. Talabgor malaka imtihonini topshirish uchun quyidagi hujjatlarni Markazga taqdim etadi:
a) mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq malaka imtihonini topshirishga ruxsat berish toʻgʻrisidagi ariza;
b) mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq toʻldirilgan soʻrovnoma;
v) pasport nusxasi (chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar uchun — yashash uchun guvohnoma);
g) oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi diplomning yoxud vakolatli davlat organining xorijiy taʼlim muassasasida olingan oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi hujjatning nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) toʻgʻrisidagi guvohnomasining nusxasi;
d) mehnat daftarchasining nusxasi (baholovchi yoki baholovchi yordamchi sifatidagi mehnat stajini tasdiqlovchi “Elektron mehnat daftarchasi” tizimidan koʻchirma);
e) 3,5 x 4,5 hajmdagi 2 dona fotosurat;
j) qayta tayyorlash kurslarini tugatganligi toʻgʻrisidagi sertifikat nusxasi;
z) baholovchining xalqaro sertifikatiga ega boʻlganlar uchun baholovchining xalqaro sertifikati nusxasi;
i) malaka imtihonidan oʻtish va malaka sertifikati berilishi uchun eng kam oylik ish haqining bir baravari miqdoridagi yigʻim toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat.
Talabgordan mazkur Nizomda nazarda tutilmagan hujjatlarni taqdim etilishini talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
6. Mazkur Nizomning 5-bandida koʻrsatilgan hujjatlar talabgor tomonidan Markazga shaxsan, pochta yoki elektron aloqa vositalari orqali ularni olinganligini tasdiqlovchi xabarnoma bilan birga topshiriladi.
7. Markaz ariza tushgan kundan boshlab uch kunlik muddatda talabgorning malaka imtihoniga qoʻyilishi yoki qoʻyilmasligi haqida qaror qabul qiladi.
8. Talabgor quyidagi asoslarga koʻra malaka imtihoniga kiritilmaydi:
a) talabgor mazkur Nizomning 2-bandi talablariga javob bermaganda;
b) mazkur Nizomning 5-bandida koʻrsatilgan hujjatlarni toʻliq boʻlmagan hajmda yoki lozim tarzda rasmiylashtirmay taqdim etganda;
v) hujjatlarda yolgʻon yoki notoʻgʻri maʼlumotlar aniqlanganda.
Talabgorni boshqa asoslarga koʻra malaka imtihoniga kiritilmasligiga yoʻl qoʻyilmaydi.
9. Talabgorni malaka imtihoniga qoʻyish rad etilgan taqdirda Markaz tomonidan tegishli qaror qabul qilinadi va talabgorga rad etish sabablari koʻrsatilgan holda, qabul qilingan qaror haqida yozma xabardor qilinadi.
10. Malaka imtihoniga qoʻyilmagan talabgor malaka imtihoniga qoʻyilmaslikka sabab boʻlgan kamchiliklarni bartaraf etgandan keyingina qayta ariza berishi mumkin.
11. Malaka imtihoniga qoʻyilgan talabgorlar uni oʻtkazish sanasi, vaqti va joyi haqida imtihon oʻtkaziladigan kundan kamida oʻn kun oldin pochta yoki elektron aloqa orqali xabardor qilinadi.
12. Talabgorni malaka imtihoniga qoʻyish yuzasidan qaror qabul qilinganda imtihonga qoʻyilgan shaxslar roʻyxati imtihon komissiyasiga yuboriladi. Bunda malaka imtihoni guruhlar shakllanishiga qarab, lekin ikki oyda kamida bir marotaba oʻtkaziladi.
13. Imtihon komissiyasining soni va shaxsiy tarkibi, shuningdek ish reglamenti Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi (bundan buyon matnda Agentlik deb yuritiladi) bilan kelishilgan holda Markaz direktori tomonidan tasdiqlanadi. Komissiya tarkibiga Agentlik va Markazning xodimlari hamda baholovchi tashkilotlarning va baholovchilarning birlashmalari vakillari majburiy tartibda kiritiladi.
14. Malaka imtihonini topshirishda talabgorlar pasport yoki uning shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjat, maʼlumoti haqidagi hujjat, mehnat daftarchasi, qayta tayyorlash kurslarini tugatganligi toʻgʻrisidagi sertifikatning asl nusxalarini taqdim etadi.
15. Talabgor pasporti yoki uning shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatni koʻrsatganda malaka imtihoniga qoʻyiladi. Pasport yoki uning shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjat, maʼlumoti haqidagi hujjat, mehnat daftarchasi, qayta tayyorlash kurslarini tugatganligi toʻgʻrisidagi sertifikat asl nusxalariga ega boʻlmagan, yoxud malaka imtihoniga kechikkan talabgor imtihonga qoʻyilmaydi va imtihonga kelmagan hisoblanadi hamda navbatdagi malaka imtihonidan oʻtadigan talabgorlar roʻyxatiga kiritiladi, bu haqda u shaxsan yoki pochta yoki elektron aloqa vositalari orqali uch ish kunidan kechiktirilmagan muddatda xabardor qilinadi.
16. Agarda talabgor Markazga hujjatlarni topshirgan vaqtdan boshlab ikki marotaba malaka imtihoniga kelmasa, taqdim etilgan hujjatlar unga qaytariladi. Bunda malaka imtihonidan oʻtish uchun toʻlangan summa qaytarib berilmaydi.
17. Talabgor tomonidan hujjatlarni qayta topshirish mazkur Nizomning 5-bandida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
18. Malaka imtihoni loyihani himoya qilish va imtihon savollari boʻyicha suhbat oʻtkazishdan tashkil topadi.
Malaka imtihonining shaffofligi va xolisligini taʼminlash maqsadida malaka imtihonini oʻtkazish jarayoni uzluksiz ravishda videoyozuvga (ovozli) tushiriladi.
19. Loyiha talabgor tomonidan Markazning rasmiy veb-saytida chop etiladigan “keys” lardan tanlab olish asosida ishlab chiqilgan baholash hisoboti hisoblanadi.
20. Loyiha himoyasi talabgor tomonidan prezentatsiya shaklida amalga oshiriladi. Shuningdek, loyihani himoya qilish davomida talabgorga shaxsiy ishlanmalaridan, qoʻshimcha materiallaridan, xususan prezentatsiya, tarqatma materiallar va boshqalardan foydalanishga ruxsat beriladi.
21. Loyihani himoya qilish yakunlariga koʻra malaka imtihoni natijalari boʻyicha qoʻyiladigan umumiy ballar summasining 50 foizidan yuqori boʻlmagan ballar beriladi.
22. Talabgor bilan suhbat imtihon komissiyasi raisi yoki u tomonidan tayinlangan imtihon komissiyasi aʼzolaridan birining boshchiligidagi imtihon komissiyasi tomonidan oʻtkaziladi.
23. Suhbat imtihon biletlaridagi tasdiqlangan imtihon savollari roʻyxati asosida olib boriladi.
Suhbat jarayonida imtihon komissiyasi aʼzolari talabgorning imtihon biletidagi savollarga bogʻliq boʻlgan qoʻshimcha savollarni ham berishi mumkin.
Talabgor qayta tayyorlash kursini qaysi tilda oʻtkazgan boʻlsa talabgor bilan suhbat shu tilda olib boriladi.
24. Imtihon savollarining roʻyxati talabgor tomonidan oʻtilgan qayta tayyorlash kurslari dasturiga muvofiq tuziladi.
25. Suhbat yakunlariga koʻra malaka imtihoni natijalari boʻyicha qoʻyiladigan umumiy ballar summasining 50 foizidan yuqori boʻlmagan ball beriladi.
26. Malaka imtihoni uchun ballar malaka imtihonining har bir bosqichi uchun imtihon komissiyasining har bir aʼzosi tomonidan beriladi. Malaka imtihoni uchun maksimal ball 100 ballni tashkil qiladi, bunda 50 ball loyiha himoyasi uchun va 50 ball imtihon savollariga javob uchun beriladi.
27. Malaka imtihoni uchun yakuniy ball, komissiyaning barcha aʼzolari tomonidan qoʻyilgan ballarning umumiy yigʻindisini komissiya aʼzolari soniga boʻlish orqali hisoblanadi.
28. Talabgorning yakuniy ballari 70 balldan yuqorini tashkil qilgan boʻlsa, u malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan hisoblanadi.
29. Malaka imtihonidan oʻta olmagan talabgor, malaka imtihonini topshirgan sanadan kamida bir oy oʻtgandan keyin imtihonni qayta topshirishga haqli.
30. Malaka imtihonini qayta topshirish mazkur Nizomning 18 — 27-bandlari asosida amalga oshiriladi.
31. Malaka imtihonidan ikkinchi marta oʻta olmagan talabgor qayta tayyorlash kursini oʻtgandan soʻng malaka imtihonini topshirish uchun ariza berishga haqli.
32. Malaka imtihoni natijalari malaka imtihoni oʻtkazilgan sanadan uch kunlik muddat ichida imtihon komissiyasining bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi va Markaz direktorining buyrugʻi bilan tasdiqlanadi.
33. Loyihalar va imtihon komissiyasining bayonnomalari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Markazda saqlanadi.
4-bob. Malaka sertifikatini rasmiylashtirish va berish
34. Malaka sertifikati mutaxassisning fotosurati yopishtirilgan maxsus blankda mazkur Nizomning 3-ilovasiga muvofiq shaklda rasmiylashtiriladi va Oʻzbekiston Respublikasi hududida yuridik kuchga ega boʻladi.
35. Malaka sertifikatining blankalari Markaz buyurtmanomasiga koʻra “Davlat belgisi” davlat ishlab chiqarish birlashmasida bosma usulida tayyorlanadi.
36. Malaka sertifikati Markaz tomonidan imtihon komissiyasi bayonnomalari olingandan keyin oʻn kun muddatda rasmiylashtiriladi va baholovchiga yoki ishonchnoma asosida uning vakiliga baholovchilar reyestriga imzo qoʻyilgach belgilangan tartibda beriladi.
37. Ilk marotaba malaka sertifikati olayotgan baholovchilarga “sertifikatlangan baholovchi” malaka toifasi beriladi.
38. Agar talabgor malaka sertifikatini rasmiylashtirilgan kunidan boshlab uch oy davomida uni olishga kelmasa yoki uni olishdan yozma ravishda ixtiyoriy tartibda bosh tortsa Markaz mazkur sertifikatning amal qilishini toʻxtatish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin. Bunda talabgorlarga ular tomonidan toʻlangan yigʻim summasi qaytarilmaydi.
39. Malaka sertifikati 5 yillik muddatga beriladi va uning amal qilish muddati besh yillik muddatga uzaytirilishi mumkin, basharti malaka sertifikatiga ega boʻlgan baholovchi malaka sertifikatini olgan yilidan keyingi yildan boshlab har yili malaka oshirish kurslarini oʻtasa.
5-bob. Apellatsiyani koʻrib chiqish tartibi
40. Malaka imtihoni natijalari boʻyicha malaka imtihonidan oʻtmagan deb tan olingan talabgor malaka imtihoni oʻtkazilgan kundan boshlab oʻttiz kalendar kuni ichida Markazga apellatsiya berish huquqiga ega. Apellatsiya yozma ravishda taqdim etiladi.
41. Apellatsiya komissiyasi Agentlik direktorining buyrugʻi bilan Agentlik va baholovchi tashkilotlarning va baholovchilarning birlashmalari malaka imtihoni tarkibiga kiritilmagan vakillaridan iborat kamida besh kishilik tarkibda tuziladi.
Apellatsiya komissiyasi yetti kun muddatda kiritilgan apellatsiyani koʻrib chiqadi va talabgorga qabul qilingan qaror haqida yozma ravishda xabar beradi.
42. Apellatsiyani koʻrib chiqish natijalari yuzasidan quyidagi qarorlardan biri qabul qilinadi:
a) imtihon natijalarini oʻzgarishsiz qoldirish va apellatsiyani qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisida;
b) apellatsiyaga bergan shaxs uchun takroran malaka imtihoni oʻtkazish toʻgʻrisida.
43. Imtihon natijalarini oʻzgarishsiz qoldirish va shikoyatni qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror quyidagi hollarda qabul qilinadi:
a) apellatsiya ushbu Nizom talablarini buzgan holda taqdim etilgan boʻlsa;
b) apellatsiyada koʻrsatilgan vajlar oʻz tasdigʻini topmasa.
44. Malaka imtihonini takroran oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaror malaka imtihoni mazkur Nizom talablariga va imtihon komissiyasining ish reglamentiga zid ravishda oʻtkazilganligi aniqlangan taqdirda qabul qilinadi.
45. Apellatsiya komissiyasi tomonidan apellatsiya bergan talabgor uchun malaka imtihonini takroran oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, takroriy malaka imtihoni mazkur Nizomda belgilangan tartibda oʻtkaziladi.
46. Talabgor takroran apellatsiya berishi mumkin emas.
47. Apellatsiya komissiyasining qarori ustidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibga muvofiq sudga shikoyat qilinishi mumkin.
6-bob. Malaka sertifikatini amal qilish muddatini uzaytirish, qayta rasmiylashtirish va dublikat berish tartibi
48. Baholovchi mazkur sertifikatning amal qilish muddati tugashiga qadar uch oy ichida Markazga malaka sertifikati muddatini uzaytirish toʻgʻrisida mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq ariza bilan murojaat qiladi. Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinishi lozim:
a) mazkur Nizomning 2-ilovaga muvofiq shaklda toʻldirilgan soʻrovnoma;
b) baholovchining malaka sertifikatining asl nusxasi;
v) malaka oshirish kurslarini tamomlaganligi haqidagi guvohnomaning nusxasi;
g) malaka imtihonidan oʻtish va malaka sertifikatining amal qilish muddatini uzaytirish uchun eng kam oylik ish haqining bir baravari miqdoridagi yigʻim toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat.
Baholovchi hujjatlarni topshirish jarayonida har yili malakasini oshirganligi haqidagi guvohnomalarni asl nusxasini taqdim etadi.
49. Malaka sertifikati muddatini uzaytirish mazkur Nizomning 48-bandida belgilangan talablarga rioya etilganda va baholovchi malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan taqdirda amalga oshiriladi.
Malaka sertifikatining amal qilish muddati mazkur sertifikatning blankida koʻrsatilgan amal qilish muddati tugagan paytdan boshlab uzaytiriladi.
50. Talabgor malaka sertifikatini amal qilish muddatini uzaytirish uchun malaka imtihonidan oʻta olmagan taqdirda, malaka sertifikatini qaytadan berish mazkur Nizom asosida amalga oshiriladi.
51. Malaka sertifikatining amal qilish muddatining uzaytirilishi belgilangan tartibda mazkur sertifikatning blankida maxsus belgini (yozuv) qayd etish orqali amalga oshiriladi.
Malaka sertifikati blankida uning muddatini uzaytirishga taalluqli toʻldirilmagan qatorlar mavjud boʻlmagan taqdirda, baholovchiga avvalgi roʻyxatga olish raqami qoʻyilgan yangi malaka sertifikati beriladi. Ilgari berilgan baholovchi malaka sertifikati blanki Markaz tomonidan belgilangan tartibda yoʻq qilinadi.
52. Baholovchining familiyasi, ismi, sharifi yoki pasport maʼlumotlari oʻzgargan taqdirda, u oʻn kun ichida Markazga malaka sertifikatini qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida ariza berishi shart, bunda arizaga qayta rasmiylashtirilishi lozim boʻlgan sertifikatning asl nusxasi bilan birga tegishli oʻzgarishlarni tasdiqlovchi hujjatlarning asl nusxalari ilova qilinadi.
Malaka sertifikatini qayta rasmiylashtirish uchun baholovchidan eng kam oylik ish haqi miqdorining ellik foizi miqdorida yigʻim undiriladi.
Agar malaka sertifikatiga baholovchi toifasi oʻzgarishi bilan bogʻliq oʻzgartirish kiritilishi zaruriyati boʻlsa, malaka sertifikatiga oʻzgartirishlar Baholovchilarga toifalar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (roʻyxat raqami 3052, 2018-yil 11-avgust) asosida kiritiladi.
53. Malaka sertifikatining qayta rasmiylashtirilishi baholovchi tomonidan ariza berilgan paytdan boshlab besh kun mobaynida amalga oshiriladi, bunda avvalgi raqam va ilgari belgilangan amal qilish muddati koʻrsatilgan malaka sertifikatining yangi blanki beriladi, ilgari berilgan malaka sertifikati blanki Markaz tomonidan belgilangan tartibda yoʻq qilinadi.
54. Yoʻqotilgan yoki yaroqsiz holga kelgan malaka sertifikatining oʻrniga baholovchining arizasiga koʻra sertifikat dublikati berilishi mumkin.
Baholovchi malaka sertifikatining yoʻqolganligi haqida matbuotda eʼlon berishi va eʼlon nusxasini Markazga taqdim etishi kerak.
55. Malaka sertifikati dublikatida uning avvalgi qayd etilgan raqami va ilgari belgilangan amal qilish muddati yoziladi, yangi blankning yuqoridagi burchagiga “Dublikat” yozuvi koʻrsatilgan boʻlishi kerak.
Yaroqsiz holga kelgan malaka sertifikati Markazga qaytarilishi va belgilangan tartibda tugatilishi lozim.
56. Dublikat berishda baholovchidan eng kam oylik ish haqi miqdorining ellik foizi miqdorida yigʻim undiriladi.
7-bob. Malaka sertifikatining amal qilishini toʻxtatish va uni bekor qilish tartibi
57. Quyidagilar malaka sertifikatining amal qilishini toʻxtatish uchun asos hisoblanadi:
a) baholovchining arizasi;
b) baholash faoliyatini amalga oshirishda qonun hujjatlari talablarini muntazam yoki bir marta qoʻpol ravishda buzish. Malaka sertifikatini amal qilinishini bekor qilishga asos boʻlishi mumkin boʻlgan qonun hujjatlari talablarini bir marta qoʻpol ravishda buzishga quyidagilar kiradi:
baholash faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda baholashni amalga oshirishda xolislikni taʼminlamaslik;
baholash toʻgʻrisidagi hisobotni va ekspert xulosasini notoʻgʻri tuzish;
baholash ishlarini oʻtkazishda olingan maxfiy axborotni mulkdor yoki baholash buyurtmachisining ruxsatisiz oshkor qilish, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
baholovchining nazorat yoki huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan oʻtkaziladigan tekshiruvlarda va boshqa tadbirlarda oʻzi shtatida turadigan yoki fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnoma tuzgan baholovchi tashkilotning tegishli ruxsatnomasisiz (buyrugʻisiz) mutaxassis sifatida qatnashishi;
v) moliya-xoʻjalik munosabatlari sohasida muayyan lavozimni egallash yoki muayyan faoliyat turi bilan shugʻullanish huquqidan mahrum qilish jazosini nazarda tutuvchi qonuniy kuchga kirgan sud hukmi;
g) fuqaroni belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomalaga layoqati cheklangan deb eʼtirof etish toʻgʻrisidagi sud qarori.
58. Malaka sertifikati uning amal qilish muddatini toʻxtatish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingan sanadan boshlab toʻxtatiladi. Malaka sertifikatining amal qilishini toʻxtatish toʻgʻrisidagi qaror Markaz tomonidan baholovchilarning professional birlashmalari fikrini inobatga olgan holda qabul qilinadi.
59. Malaka sertifikati quyidagi hollarda Markazning qaroriga binoan bekor qilinadi:
imtihon komissiyasi yoki Markazning malaka sertifikatini berish toʻgʻrisidagi qarorining noqonuniyligi sud tomonidan eʼtirof etilganda;
sertifikat qalbaki hujjatlardan foydalangan holda olinganda.
60. Malaka sertifikatini bekor qilish toʻgʻrisidagi qaror malaka sertifikati berilgan sanadan boshlab amal qiladi.
61. Qonun hujjatlarini buzganlik uchun malaka sertifikatlari bekor qilingan yoki sertifikatlarining amal qilishi toʻxtatilgan baholovchilar, sertifikatlar bekor qilingan yoxud amal qilishi toʻxtatilgan sanadan boshlab uch yil mobaynida malaka sertifikatini takroran olish uchun imtihonga qoʻyilmaydi.
62. Malaka sertifikatini bekor qilish yoki uning amal qilishini toʻxtatish toʻgʻrisidagi qaror ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.
63. Markazning malaka sertifikatini bekor qilish yoki uning amal qilishini toʻxtatish toʻgʻrisidagi qarori besh kunlik muddatda baholovchi va ushbu baholovchi mulkni baholashda nomidan ish yuritayotgan baholash tashkilotiga yuboriladi.
64. Baholovchi uning malaka sertifikatini bekor qilish yoki amal qilishini toʻxtatish toʻgʻrisidagi qarorni olgan kundan boshlab 10 kun mobaynida oʻz sertifikatini Markazga belgilangan tartibda yoʻq qilish uchun qaytarishi shart.
65. Markazning malaka sertifikatini amal qilishini toʻxtatish yoki uni bekor qilish toʻgʻrisidagi qarori ustidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sudga shikoyat qilinishi mumkin.
8-bob. Baholovchilarning reyestri
66. Markaz tomonidan baholovchilarning potensial mijozlarini xabardor qilish maqsadida baholovchilarning reyestri yuritiladi va unda quyidagi maʼlumotlar qayd etiladi:
malaka sertifikati olingan sana, uni olgan shaxsning familiyasi, ismi, sharifi va imzosi;
pasport maʼlumotlari va turar joyi;
ish joyi;
malaka sertifikatining hisobga olish seriyasi, raqami va berilgan sanasi;
malaka toifasi;
malaka sertifikatining amal qilish muddati uzaytirilganligi, amal qilishi toʻxtatilganligi, bekor qilinganligi, qayta rasmiylashtirilganligi hamda dublikat berilganligi toʻgʻrisida maʼlumotlar.
67. Baholovchilarning reyestri qogʻoz va elektron shaklda yuritiladi.
Reyestr shakli Markaz tomonidan tasdiqlanadi.
68. Baholovchilar reyestriga kiritilgan maʼlumotlar tanishish uchun ommabop boʻlib Markazning rasmiy veb-saytida chop etiladi.
9-bob. Yakuniy qoidalar
69. Mazkur Nizomni bajarish jarayonida kelib chiqadigan nizolar qonun hujjatlariga muvofiq hal etiladi
70. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
71. Mazkur Nizom Korporativ boshqaruv ilmiy-taʼlim markazi, “Oʻzbekiston baholovchilar jamiyati” Jamoat tashkiloti va Oʻzbekiston baholovchi tashkilotlar assotsiatsiyasi bilan kelishilgan.
Korporativ boshqaruv ilmiy-taʼlim markazi direktori B. GANIXODJAYEV
2018-yil 7-avgust
Oʻzbekiston baholovchilar jamiyati raisi N. MIRZARAXIMOVA
2018-yil 7-avgust
Baholovchi tashkilotlar assotsiatsiyasi raisi A. ISLAMOV
2018-yil 7-avgust
Baholovchi malaka sertifikatini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
* Kerakli soʻzlarni tagiga chizing.
Baholovchi malaka sertifikatini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Baholovchi malaka sertifikatini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.08.2018-y., 10/18/3063/1811-son)
