Davlat chegarasidan oʻtkazish punktlari toʻgʻrisida
05.12.2017
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Afgʻoniston Islom Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Afgʻoniston Islom Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Afgʻoniston Islom Respublikasi oʻrtasida aloqalarni kengaytirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida,
Oʻzbek-Afgʻon Davlat chegarasi, shu jumladan, avtomobil, temir yoʻl va daryo yoʻllari orqali shaxslar, transport vositalari, yuk, tovarlar, hayvonlar va boshqa mol-mulklarning oʻtishini takomillashtirish zarurligini hisobga olgan holda,
noqonuniy migratsiyaning oldini olish, qurol-yarogʻ kontrabandasi, giyohvandlik vositalari va boshqa taqiqlangan tovarlarning olib oʻtilishiga qarshi kurashish, shuningdek, epidemiya va epizootiyalar tarqalishining oldini olish boʻyicha birgalikda tezkor chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda Oʻtkazish punktlarini tashkil etish
Tomonlar Oʻzbek-Afgʻon Davlat chegarasi orqali shaxslar, transport vositalari, yuk, tovarlar, hayvonlar va boshqa mol-mulklarning oʻtishi uchun mazkur Bitimning Ilovasida koʻrsatilgan xalqaro oʻtkazish punktlarini (keyingi oʻrinlarda “Oʻtkazish punktlari” deb ataladi) tashkil etishga kelishib oldilar.
Oʻtkazish punktlari shaxslar, transport vositalari, tovarlar, yuklar, hayvonlar va boshqa mol-mulklar oʻtishini nazorat qilishni taʼminlaydi.
2-modda Fuqarolarning chegaradan oʻtishi
Tomonlar davlatlarining fuqarolari oʻtkazish punktlari orqali fuqarolarning davlat chegarasidan oʻtishiga oid ikki tomonlama bitim va bayonnomalarda koʻzda tutilgan shartlarga koʻra amaldagi hujjatlar asosida Tomonlar davlatlarining hududiga kiradilar va undan chiqadilar.
3-modda Ish rejimi
Oʻtkazish punktlari, basharti Tomonlar davlatlarining chegara va bojxona idoralari boshqacha belgilamagan boʻlsa, kunda yigirma toʻrt soat faoliyat koʻrsatadi.
Ish rejimiga rioya etilishini nazorat qilish, shuningdek shaxslar, transport vositalari, tovarlar, yuk, hayvonlar va boshqa mol-mulklarni oʻtkazish tartibi Tomonlar davlatlarining chegara va bojxona idoralari kelishuviga koʻra belgilanadi.
4-modda Chegara va bojxona nazorati
Shaxslar, transport vositalari, yuk, tovarlar, hayvonlar va boshqa mol-mulklarning chegara, bojxona va zarur hollarda nazoratning boshqa turlari oʻtkazish punktlarida Tomonlar davlatlarining milliy qonunchiligi va ular ishtirok etgan xalqaro shartnomalarga muvofiq amalga oshiriladi. Tomonlar alohida bitimlar asosida birgalikdagi nazoratni amalga oshiradilar.
5-modda Infratuzilma
Oʻtkazish punktlarining tegishli faoliyatini taʼminlash uchun Tomonlarning har biri oʻz davlati hududida zarur infratuzilmani yaratadi.
6-modda Oʻtkazish punktlarini oʻzgartirish
Yangi oʻtkazish punktlarini tashkil etish, mavjudlarini tugatish yoki ularning maqomi va ish rejimini oʻzgartirish tartibi Tomonlar oʻrtasida diplomatik kanallar orqali kelishiladi hamda mazkur Bitimning ajralmas qismi hisoblanadigan bayonnomalar orqali rasmiylashtiriladi.
7-modda Harakatlanishni cheklash yoki toʻxtatish
Oʻtkazish punktlari orqali harakatlanishni cheklash yoki toʻxtatish tabiiy ofatlar oqibatida, sanitariya-karantin, epidemiyalar, epizootiyalar va boshqa sabablarga koʻra Tomonlar davlatlarining milliy xavfsizligi manfaatlarini koʻzlab amalga oshirilishi mumkin.
Bunday cheklashlarni kiritayotgan Tomon, boshqa Tomonni ularni kiritish rejalashtirilayotgan vaqtidan kamida yigirma toʻrt soat oldin cheklashning sabab va muddatlarini koʻrsatgan holda, diplomatik kanallar orqali xabardor qiladi.
Tomonlar Oʻzbek-Afgʻon Davlat chegarasi orqali harakatlanishning oʻtkazish punktlari obyektlari yoki kommunikatsiya qurilmalarida rejalashtirilgan taʼmirlash bilan bogʻliq holda cheklangani yoki toʻxtatilgani toʻgʻrisida bir-birlarini bunday ishlar boshlanishidan kamida uch oy oldin, ularning boshlanish va tugatilish sanasi toʻgʻrisidagi xabarnoma bilan birga xabardor qiladilar.
8-modda Huquq va majburiyatlar
Mazkur Bitim Tomonlarning ular ishtirokchi hisoblangan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
9-modda Oʻzgartirish va qoʻshimchalar
Tomonlarning oʻzaro kelishuviga koʻra mazkur Bitimga uning ajralmas qismi hisoblanadigan alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
10-modda Nizo va kelishmovchiliklarni hal etish
Mazkur Bitimning qoidalarini — qoʻllash yoki talqin qilish boʻyicha nizo va kelishmovchiliklar yuzaga kelgan holda Tomonlar ularni muzokara va maslahatlashuvlar oʻtkazish orqali hal etadilar.
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi va Afgʻoniston Islom Respublikasi Davlat chegarasidan oʻtkazish punktlari
ROʻYXATI
T/r Oʻzbekiston Respublikasining oʻtkazish punktlari nomi Oʻzbekiston Respublikasidagi joylashuv oʻrni Afgʻoniston Islom Respublikasining oʻtkazish punktlari nomi Afgʻoniston Islom Respublikasidagi joylashuv oʻrni Oʻtkazish punktlarining maqomi Ish rejimi 1. “Termiz-avtomobil yoʻli” Surxondaryo viloyati, Termiz tumani “Hayraton-avtomobil yoʻli” Balx viloyati, Hayraton shahri Xalqaro Kechayu kunduz 2. “Termiz-temir yoʻli” Surxondaryo viloyati, Termiz tumani “Hayraton-temir yoʻli” Balx viloyati, Hayraton shahri Xalqaro Kechayu kunduz 3. “Termiz-daryo porti” Surxondaryo viloyati, Termiz shahri “Hayraton-daryo porti” Balx viloyati, Hayraton shahri Xalqaro Kechayu kunduz
11-modda Kuchga kirishi va tugatilishi
Mazkur Bitim uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarini Tomonlar bajarganliklari toʻgʻrisida oxirgi yozma xabarnoma olingan sanadan boshlab kuchga kiradi hamda besh (5) yil mobaynida amal qiladi. Tomonlardan biri boshqa Tomonni mazkur Bitim amal qilishini tugatish istagi toʻgʻrisida olti (6) oy avval yozma ravishda xabardor qilmasa, u oʻz-oʻzidan keyingi besh (5) yillik muddatlarga uzayaveradi.
Toshkent shahrida 2017-yil 5-dekabrda, hijriy 14/09/1396, ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, dari va ingliz tillarida tuzildi. Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)
