Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (644-son)
10.08.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida meva-sabzavotchilikni jadal rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2018-yil 29-martdagi PF-5388-son Farmoniga va “Bank xizmatlari ommabopligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2018-yil 23-martdagi PQ-3620-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 8-sentabrdagi 704-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QXT, 2017-y., 37-son, 991-modda) ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi ijrochi direktori A.A. Kamalov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 10-avgust,
644-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 10-avgustdagi 644-son qaroriga ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 8-sentabrdagi 704-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar
1. 6-bandning “v” kichik bandida:
birinchi xatboshidagi “qiymati 4 mlrd soʻmdan oshmaydigan miqdordagi” soʻzlari chiqarib tashlansin;
ikkinchi xatboshidagi “milliy valyutada” soʻzlaridan keyin “qiymati 8 mlrd soʻmdan oshmaydigan miqdordagi” soʻzlari qoʻshilsin;
quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi qoʻshilsin:
“milliy valyutada, qiymati 8 mlrd soʻmdan oshmaydigan miqdordagi, qayta moliyalashtirish stavkasining 1,5 baravaridan oshmaydigan foiz stavkasida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik subyektlari va keng aholi qatlamiga mikrokreditlar ajratish tizimini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 17-martdagi PQ-2844-son qarorida va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Obod qishloq” dasturi toʻgʻrisida” 2018-yil 29-martdagi PF-5386-son Farmonida koʻrsatilgan loyihalar uchun — 8 foizli punkt miqdorida”;
uchinchi va toʻrtinchi xatboshilar tegishli ravishda toʻrtinchi va beshinchi xatboshilar deb hisoblansin;
toʻrtinchi xatboshidagi “milliy valyutada” soʻzlaridan keyin “qiymati 8 mlrd soʻmdan oshmaydigan miqdordagi” soʻzlari qoʻshilsin;
beshinchi xatboshidagi “xorijiy valyutada” soʻzlaridan keyin “qiymati ekvivalentda 8 mlrd soʻmdan oshmaydigan miqdordagi” soʻzlari qoʻshilsin;
quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“xorijiy valyutada, 2017-yil 5-sentabrgacha issiqxonalar qurish, intensiv bogʻlar yaratish va sovutgichlar qurish uchun xalqaro moliya institutlari kredit liniyalari hisobiga ajratilgan valyuta kreditlari boʻyicha — belgilangan foiz stavkasining 50 foizi miqdorida”.
2. 35-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“35. Tijorat banklarining kreditlari boʻyicha foiz xarajatlarini qoplash uchun Jamgʻarma kompensatsiyalari:
milliy valyutada ajratiladigan, qiymati 8 mlrd soʻmdan oshmaydigan miqdordagi, qayta moliyalashtirish stavkasining 1,5 baravaridan oshmaydigan foiz stavkasida — 5 foiz punkti miqdorida;
milliy valyutada ajratiladigan, qiymati 8 milliard soʻmdan oshmaydigan miqdordagi, qayta moliyalashtirish stavkasining 1,5 baravaridan oshmaydigan foiz stavkasida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik subyektlari va keng aholi qatlamiga mikrokreditlar ajratish tizimini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 17-martdagi PQ-2844-son qaroriga 2-ilovada koʻrsatilgan tumanlarda, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 29-martdagi PF-5386-son Farmoni bilan tasdiqlangan “Obod qishloq” dasturi doirasida amalga oshiriladigan loyihalar uchun — 8 foizli punkt miqdorida;
milliy valyutada, qiymati 8 mlrd soʻmdan oshmaydigan miqdordagi, jamgʻarib boriladigan pensiya tizimi mablagʻlari hisobiga ajratiladigan imtiyozli kreditlar boʻyicha, Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqining tavsiyalari asosida yosh tadbirkorlar tashabbus bilan chiqqan loyihalarni amalga oshirishga — bankning xarajatlarini qoplash uchun 3 foizli stavka miqdorida;
xorijiy valyutada ajratiladigan, qiymati ekvivalentda 8 mlrd soʻmdan oshmaydigan miqdordagi, tijorat banklari tomonidan belgilangan foiz stavkasining 40 foizi, biroq 3 foizdan ortiq boʻlmagan miqdorda;
xorijiy valyutada — 2017-yil 5-sentabrgacha issiqxonalar qurish, intensiv bogʻlar yaratish va sovutgichlar qurish uchun xalqaro moliya institutlari kredit liniyalari hisobiga ajratilgan valyuta kreditlari boʻyicha — belgilangan foiz stavkasining 50 foizi miqdorida beriladi”.
3. Quyidagi mazmundagi 401-band qoʻshilsin:
“401. Xoʻjalik yurituvchi subyektlarning xalqaro moliya institutlari kredit liniyalari hisobiga issiqxonalar qurish, intensiv bogʻlar yaratish va sovutgichlar qurish uchun 2017-yil 5-sentabrgacha ajratilgan valyuta kreditlari boʻyicha kompensatsiya berish yuzasidan murojaatlari tijorat bankining filiali tomonidan qabul qilinadi va bir kun muddatda keyinchalik Jamgʻarmaga yuborish uchun bosh tijorat bankiga beriladi”.
4. 60-banddagi “Kreditlar boʻyicha kompensatsiya berish toʻxtatilgan va bekor qilingan” soʻzlari “Kreditlar boʻyicha kompensatsiya berish Jamgʻarma Ijro etuvchi direksiyasining qarorlariga muvofiq toʻxtatilgan va muddatidan oldin bekor qilingan” soʻzlari bilan almashtirilsin.
