8-modda. Muqobil xizmatni oʻtash joyi va sohalari
Oʻzbekiston Respublikasida muqobil xizmat toʻgʻrisida (54-son) · Sana: 07.02.1992 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari muqobil xizmatni uning hududida joylashgan xalq xoʻjaligi korxonalarida, muassasalarida, tashkilotlarida ham yashash joyida, ham shu maqsadlarda tuzilgan maxsus muqobil xizmat otryadlarida va otryadlar tarkibidagi tuzilmalarda oʻtaydilar.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining muqobil xizmati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan respublika tashqarisida xam hukumatlararo shartnomalar va bitimlar asosidagi ishlarni bajarish uchun, shuningdek, avariyalar, falokatlar va tabiiy ofatlarning oqibatlarini tugatish maqsadida amalga oshiriladi, shu maqsadda xizmat muddatlari tegishli ravishda belgilangan tartibda oʻzgartiriladi.
Muqobil xizmatni oʻtash uchun vazirliklar, idoralarning, qoʻllanilish sohalari va ish turlari roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Fuqarolar muqobil xizmatni oʻtash uchun yuboriladigan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning roʻyxati Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashlari ijroiya qoʻmitalari tomonidan tasdiqlanadi.
